platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Turkiya yangi dronlar kuzatuvi orqali madaniy merosni muhofaza qilishni kuchaytirmoqda

Manisadagi qadimiy Sardis shahri va Bin Tepedagi Lidiya qoʻrgʻonlarida havodan kuzatuv hamda xavfsizlik markazi ishga tushirildi. Endilikda mazkur hudud uzoq masofani kuzatish hamda tungi tasvirga olish imkoniyatiga ega dronlar yordamida nazorat qilinadi.

Turkiya yangi dronlar kuzatuvi orqali madaniy merosni muhofaza qilishni kuchaytirmoqda

Bugungi kunda texnologiya taraqqiyoti oʻtmishdan qolgan bebaho merosni asrab-avaylash uchun ham katta imkoniyatlar yaratmoqda. Dunyoning eng jozibali sayyohlik maskanlaridan biri boʻlgan Turkiya bu imkoniyatlardan oʻzining boy madaniy merosini kelajak avlodlar uchun muhofaza qilish yoʻlida foydalanmoqda. Mamlakatda olib borilayotgan arxeologik qazishmalar, restavratsiya ishlari va madaniy boyliklarni qaytarish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarga qoʻshimcha ravishda, Manisadagi qadimiy Sardis shahri va Bin Tepedagi Lidiya qoʻrgʻonlarida havodan kuzatuv hamda xavfsizlik markazi ishga tushirildi. Endilikda mazkur hudud uzoq masofani kuzatish hamda tungi tasvirga olish imkoniyatiga ega dronlar yordamida nazorat qilinadi. Bu tarixiy merosni noqonuniy qazishmalar va jismoniy shikastlanishlardan himoya qilishga xizmat qiladi.

Turkiya yangi dronlar kuzatuvi orqali madaniy merosni muhofaza qilishni kuchaytirmoqda

Ilk tangalari bilan mashhur boʻlgan Lidiya davlatining poytaxti Sardis Turkiyaning qadim tarixidan darak beruvchi noyob yodgorlikdir. Uning yaqinida joylashgan qirollik nekropoli Bin Tepe qariyb 75 kvadrat kilometr maydonni egallab, 120 dan ortiq qoʻrgʻon qabrni oʻz ichiga oladi. Shu jihatdan u dunyodagi eng yirik qadimiy nekropollardan biri hisoblanadi.

Sardis va Bin Tepe 2025 yilda Anadoludagi Lidiya sivilizatsiyasining oʻziga xos mahalliy madaniyatini aks ettiruvchi nodir arxeologik va meʼmoriy yodgorliklari uchun YuNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritildi.

Merosni muhofaza qilishda eng zamonaviy texnologiyalar

Sardis qadimiy shahridagi havodan kuzatuv va xavfsizlik markazi yodgorlikning keng hududini doimiy nazorat ostida saqlaydi. Mazkur texnologik markaz tarixiy merosni noqonuniy qazishmalar va xazina izlovchilardan himoya qilib, uni kelajak avlodlarga asl holicha yetkazishda muhim vosita boʻladi. Markazning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy tarixiy yodgorliklarga tahdidlarni imkon qadar erta aniqlash, oldini olish va bartaraf etish zarurligini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, Sardis markazining asosiy maqsadi - noqonuniy qazishmalar sodir boʻlishidan avval ularni texnologiyalar yordamida toʻxtatish va Turkiyaning madaniy boyliklarini oʻz yurtida saqlab qolishdir.

Turkiya yangi dronlar kuzatuvi orqali madaniy merosni muhofaza qilishni kuchaytirmoqda

Turkiya madaniy boyliklarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashni uch asosiy tamoyilga - oldini olish, xalqaro hamkorlik va mamlakatga qaytarishga tayanib olib bormoqda. Sardis qadimiy shahridagi yangi markaz ushbu strategiyaning oldini olish borasidagi saʼy-harakatlarining amaliy ifodasidir.

Markaz tungi koʻrish imkoniyatiga ega, uzoq masofaga ucha oladigan ikkita uchuvchisiz uchish apparati (UUA) tizimi bilan jihozlangan. Uning qamrov hududi uchta antenna tizimi yordamida yanada kengaytirilgan. Shuningdek, kuzatuv stansiyalari, yirik ekranlar va xavfsizlik kameralari ham ishga tushirilgan. Markazga biriktirilgan xavfsizlik xodimlari dronlarni boshqarish boʻyicha maxsus tayyorgarlikdan oʻtib, zarur sertifikatlarga ega boʻlgan.

Havodan kuzatuv vaqtida aniqlangan har qanday shubhali holat yoki noqonuniy qazishmaga urinish haqidagi maʼlumotlar markaz orqali tezkor choralar koʻrish uchun darhol jandarm boʻlinmalariga yetkaziladi.

Turkiya yangi dronlar kuzatuvi orqali madaniy merosni muhofaza qilishni kuchaytirmoqda

Sardis qadimiy shahrida tashkil etilgan ushbu tajriba tariqasidagi havodan kuzatuv va xavfsizlik markazi Turkiyada kelgusida madaniy merosni muhofaza qilish siyosatini takomillashtirish hamda qoʻshimcha himoya choralarini ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Madaniy merosni muhofaza qilish yoʻlida hamkorlik

Tarixiy artefaktlarning noqonuniy olib chiqilishiga qarshi kurashning xalqaro hamkorlik doirasida Turkiya YuNESKO, INTERPOL, Jahon bojxona tashkiloti hamda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi kabi xalqaro tuzilmalar bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Shu saʼy-harakatlar doirasida Turkiya va AQSh oʻrtasida 2021 yilda imzolangan, madaniy boyliklarni olib kirishga qoʻyilgan cheklovlarni tartibga soluvchi Anglashuv memorandumi 2026 yilda yana besh yilga uzaytirildi. Bundan tashqari, Manxetten okrugi prokuraturasi hamda AQSh Ichki xavfsizlik departamentining Tergovlar boshqarmasi (HSI) bilan hamkorlikda olib borilgan tergov va sud jarayonlari madaniy boyliklarni Turkiyaga qaytarishda muhim natijalar berdi.

13 474 ta madaniy boylik Turkiyaga qaytarildi

Turk mutasaddilari madaniy boyliklarni qaytarish doirasida xorijga olib chiqib ketilgan artefaktlar dunyoning qaysi burchagida boʻlishidan qatʼi nazar, ularni izlab topishda davom etmoqda. Vazir Mehmet Nuri Ersoy markazning ochilish marosimida maʼlum qilgan raqamlarga koʻra, 2002 yildan buyon Turkiya 13 474 ta madaniy boylikni qaytarishga erishgan. Shundan 9 159 tasi soʻnggi sakkiz yil ichida mamlakatga olib kelingan.

Turkiya yangi dronlar kuzatuvi orqali madaniy merosni muhofaza qilishni kuchaytirmoqda

Qaytarilgan eng muhim madaniy boyliklar qatoridan AQShdan olib kelingan Burdur shahridan topilgan Mark Avreliyning bronza haykali, AQSh va Daniyadan qaytarilgan Dyuverga oid terrakota meʼmoriy lavhalari, Buyuk Britaniya va Ispaniyadan olib kelingan Iznik koshinlari hamda Shveysariyadan qaytarilgan Urartu bronza buyumlari oʻrin oladi.

Shuningdek, Buyuk Britaniyadan qaytarilib, Sidamara sarkofagi bilan birlashtirilgan Eros boshi, AQShdan olib kelingan Zeugma mozaika paneli va Niderlandiyadan qaytarilgan Shile shahridagi Bozgoja masjidiga oid bitik ham Turkiyaga qaytarilgan muhim madaniy boyliklar sirasiga kiradi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid