platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Toshkentdagi issiqxonalarga ekologik texnologiyalarni joriy qilish sharti bilan ishlashga ruxsat berilishi mumkin

Isitish tizimlariga ega boʻlgan hamda davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgan issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini tabiiy gaz, shu jumladan, suyultirilgan gaz, elektr, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalangan holda amalga oshirish taklif qilinmoqda. 

Toshkentdagi issiqxonalarga ekologik texnologiyalarni joriy qilish sharti bilan ishlashga ruxsat berilishi mumkin

Poytaxt mintaqasida tungi vaqtda havo haroratining keskin pasayishi va shamolsiz ob-havo sharoitida atmosferada inversiya tabiiy hodisasi kuzatilishi natijasida koʻmir yoqilgʻisidan foydalanadigan issiqxona xoʻjaliklaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar boʻyicha fuqarolarning murojaat va shikoyatlari koʻpaydi.

Jumladan, Yunusobod tumani aholisi atmosfera havosi sifati yomonlashgani, shuningdek, issiqxonalarni isitish maqsadida koʻmirdan foydalanish oqibatida yuzaga keladigan noxush hidlar haqida xabar bergan. Fuqarolarning murojaatlarida keltirilgan barcha holatlar boʻyicha tegishli tashkilotlar tomonidan voqea joyiga chiqqan holda tegishli oʻrganish ishlari olib borildi.

Toshkent shahri atmosferasiga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarayotgan shaxslarga nisbatan zudlik bilan qatʼiy choralar koʻrish uchun ishonchli maʼlumotlarni olish maqsadida havodan namunalar olindi.

Maxsus komissiya Toshkent shahri atmosfera havosi holatiga turli antropogen manbalarning salbiy taʼsirini kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Ularning asosiylari sanoat korxonalari, avtotransport vositalari (elektrobuslar va elektromobillar bundan mustasno), Toshkent shahrining isitish tizimi, kүz-qish mavsumida esa poytaxt mintaqasidagi aholi yashash hududlariga yaqin joylashgan issiqxona xoʻjaliklaridir. Taʼkidlash joizki, issiqxona xoʻjaliklari vakillari amaldagi obʼektlarni modernizatsiya qilish, ekologik toza isitish texnologiyalariga oʻtish va ekologik xizmatlar tomonidan belgilangan meʼyorlarga muvofiq chiqindilar miqdorini xavfsiz darajagacha kamaytirishga tayyor ekanliklarini bildirib, bir necha bor murojaat qilgan. Issiqxona xoʻjaliklari tomonidan energiya tejamkor texnologiyalarga oʻtish, shuningdek, zamonaviy isitish tizimlari bilan qayta jihozlanish va atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarni onlayn rejimda monitoring qilish tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.

Jumladan, isitish tizimlariga ega boʻlgan hamda davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgan issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini tabiiy gaz, shu jumladan, suyultirilgan gaz, elektr, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalangan holda amalga oshirish taklif etilmoqda.

Ushbu texnologiyalardan foydalanish imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda, issiqxona xoʻjaliklari isitish maqsadida koʻmir yoqilgʻisidan ham foydalanishga ruxsat berishni taklif qilmoqda. Bunda issiqxonalar ifloslantiruvchi moddalar tashlamalari boʻyicha belgilangan standartlarga javob beradigan zamonaviy sertifikatlangan isitish qozonlari bilan jihozlanishi, chiqindilarni tozalash va filtrlash tizimlari majburiy tartibda oʻrnatilishi, shuningdek, videokuzatuv tizimlari joriy qilinib, tegishli maʼlumotlar va videotasvirlar Ekologiya qoʻmitasi huzuridagi Milliy ekologik monitoring markaziga uzatilishi lozim. Mazkur takliflar Ekologiya qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Energetika vazirligi va boshqa tegishli davlat idoralari vakillaridan iborat Ishchi guruh tomonidan koʻrib chiqildi. Issiqxona xoʻjaliklari tomonidan Xitoy texnologiyalari asosida ishlab chiqilgan qozonxona uskunasi va filtrlar tizimidan iborat kompleks isitish tizimining tajriba namunasi taqdim etildi. Milliy ekologik monitoring markazi mutaxassislari tomonidan, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda Ekologiya qoʻmitasi Jamoatchilik kengashi ishtirokida tasdiqlangan uslubiyat asosida atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori bir necha bor oʻlchandi. Joriy yilning 30 sentabr va 8 oktabr kunlari taqdim etilgan filtrning tajriba namunasi boʻyicha oʻtkazilgan oʻlchovlar aholi salomatligi uchun xavfsiz boʻlgan tashlamalar koʻrsatkichlari belgilangan meʼyorlarga muvofiq emasligini koʻrsatdi.

Erishilgan kelishuvga muvofiq, issiqxona xoʻjaliklari taqdim etilgan filtr namunasini takomillashtirishi, u tayyor boʻlgach esa Ishchi guruh tomonidan tegishli oʻlchovlar qayta oʻtkazilishi belgilandi. Qoʻshimcha ravishda maʼlum qilinadiki, hozirgi vaqtda Ishchi guruh tomonidan issiqxona xoʻjaliklari qozonxona uskunalari filtrlari uchun xavfsiz chiqindi standartlarini tasdiqlashga qaratilgan hujjat loyihasi tayyorlandi. Shu bilan birga, «yashil issiqxonalar»ga aylanishni rejalashtirayotgan xoʻjaliklar uchun salmoqli subsidiyalar va soliq imtiyozlari paketini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarning fuqarolar salomatligiga yetkazayotgan zararini inobatga olgan holda, ekologik xavfsiz isitish tizimlari bilan jihozlanmagan issiqxona xoʻjaliklarining poytaxt mintaqasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishiga nisbatan taqiq saqlanib qoladi.

Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya bilan hamkorlikda tadbirkorlik subʼektlari faoliyatini tekshirishga nisbatan amaldagi moratoriy talablariga rioya qilgan holda issiqxona xoʻjaliklari faoliyati ustidan doimiy ekologik monitoringni amalga oshiradi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid