Rossiyada kadrlar tanqisligi sabab ayrim mehnat migrantlari majburiy imtihonlardan ozod qilinishi mumkin
Rossiya IIV ayrim toifadagi xorijiy fuqarolarni ishlash uchun ruxsatnoma olishda rus tili, Rossiya tarixi va mamlakat qonunchiligi asoslarini bilish boʻyicha majburiy imtihonlardan ozod etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorladi. Yengillik qaysi davlat fuqarosi ekanidan qatʼi nazar, jadal rivojlanish hududlarida faoliyat yuritayotgan rezident korxonalarda ishlaydigan xorijliklarga tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda. Tashabbusning asosiy maqsadi — ishchi kuchi yetishmayotgan hududlardagi korxonalarga xorijdan xodimlar jalb qilishni osonlashtirish.

Tegishli qonun loyihasi 2026 yil 12 oktabrda Rossiyaning normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari rasmiy portalida eʼlon qilindi. Unga koʻra, «Rossiya Federatsiyasida xorijiy fuqarolarning huquqiy maqomi toʻgʻrisida»gi 115-FZ-sonli Federal qonunga oʻzgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.
Loyihaga ilova qilingan tushuntirish xatida taʼkidlanishicha, mazkur tashabbus investitsiyalar uchun qulay shart-sharoit yaratish hamda jadal rivojlanish hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini tezlashtirishga qaratilgan. Hujjat Rossiya bosh vaziri oʻrinbosari, prezidentning Uzoq Sharq federal okrugidagi vakolatli vakili Yuriy Trutnev rahbarligida 2026 yil 29 aprelda oʻtkazilgan yigʻilish bayonnomasi ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.
Yaʼni qonunchilikda belgilangan shartlarga javob bergan taqdirda, yengillik nafaqat qoʻshni davlatlardan kelgan mehnat migrantlariga, balki boshqa mamlakatlar fuqarolariga ham tatbiq etilishi mumkin.
Biroq bu yerda muhim cheklov mavjud: imtiyoz ish beruvchining maqomi hamda xorijiy fuqaroga rasmiylashtiriladigan hujjat turiga bogʻliq. Shu sababli mazkur qonun loyihasi Rossiyadagi barcha mehnat migrantlarini majburiy imtihonlardan ozod qilishni nazarda tutmaydi. Xususan, tashabbus ishlash uchun ruxsatnoma oladigan muayyan toifadagi xorijiy fuqarolarga taalluqli. U patent asosida mehnat qilayotgan barcha migrantlarni qamrab olmaydi. Patent rasmiylashtiradigan xorijliklar uchun rus tili, Rossiya tarixi va qonunchilik asoslarini bilishni tasdiqlash talabi saqlanib qoladi. Faqat qonunchilikda alohida imtiyoz belgilangan toifalar bundan mustasno.
Tashabbusning asosiy sababi Rossiyaning ayrim hududlari va iqtisodiyot tarmoqlarida ishchi kuchi yetishmayotganidir. Ayniqsa, aholi siyrak joylashgan va yirik shaharlardan uzoqdagi hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan korxonalar uchun kadrlar masalasi dolzarbligicha qolmoqda. Bunday korxonalar qurilish, sanoat ishlab chiqarishi, foydali qazilmalarni qazib olish, transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda faoliyat olib boradi.
Maʼlumot uchun, «jadal rivojlanish hududlari» — tadbirkorlik faoliyati uchun alohida huquqiy va iqtisodiy rejim joriy qilingan maxsus hududlardir. Ularning rezidentlari uchun soliq imtiyozlari, maʼmuriy yengilliklar va investitsiyalarni ragʻbatlantirishga qaratilgan boshqa qulayliklar nazarda tutilgan. Bu orqali yangi ish oʻrinlari yaratish va hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish maqsad qilingan.
Rossiya ishbilarmonlik nashrlari Iqtisodiy rivojlanish vazirligi maʼlumotlariga tayanib xabar berishicha, mamlakatda 90 dan ortiq shunday hudud tashkil etilgan. Ular orasida iqtisodiyoti bitta yirik korxonaga bogʻliq shaharlar, maʼmuriy jihatdan yopiq hududlar, Uzoq Sharq va Arktika mintaqalari ham bor. Ushbu hududlar rezidentlari amalga oshirayotgan loyihalar doirasida 140 mingdan ortiq ish oʻrni yaratilgan. Shunga qaramay, malakali va oddiy ishchi kuchiga boʻlgan ehtiyoj yuqoriligicha qolmoqda.
Majburiy til imtihonlari xorijiy fuqarolarning qoʻshimcha xarajatlarini oshirishi, hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini murakkablashtirishi mumkin. Rossiya IIV taklif etayotgan yengillik ayrim toifadagi xorijliklarni ishga joylashtirish jarayonini tezlashtirish va korxonalarning kadrlar bilan taʼminlanishini yengillashtirishga qaratilgan.





