Qashqadaryoda 27 ming nafarga yaqin fuqaroning hujjatsiz uylariga egalik huquqi eʼtirof etildi
Qashqadaryo viloyatida oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish boʻyicha xatlovlar natijasida 26651 nafar fuqaroning mulkiy huquqlari eʼtirof etildi. Jarayonlarda 200 nafarga yaqin kadastr xodimi ishtirok etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining 2024 yil 5 avgustdagi tegishli qonuni asosida 2024 yil 8 noyabrda boshlangan xatlovlar ilgari hujjatsiz boʻlgan uy-joylarni qonuniy rasmiylashtirish imkonini bermoqda.
Natijada fuqarolar oʻz mulkini qonuniy tasarruf etish, sotish yoki farzandlariga meros qilib qoldirish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro Boʻri Begmatov uzoq vaqt davomida uyini farzandlariga qonuniy qoldirish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtira olmagan. Xatlovdan soʻng uning uyiga boʻlgan huquq eʼtirof etilib, kadastr hujjatlari tayyorlangan.
"Uyimni farzandlarimga qoldirishni istadim. Notariusga ham, kadastr idorasiga ham koʻp bordim, lekin egalik hujjatim boʻlmagani uchun masalani hal qila olmasdim. Xatlovdan keyin uyimga boʻlgan huquq eʼtirof etildi, hujjatlarim rasmiylashtirildi. Endi uyimni farzandimga meros qilib qoldirdim, koʻnglim xotirjam”, — deydi Boʻri Begmatov.
Xatlovlarda ishtirok etayotgan kadastr muhandisining aytishicha, dastlab ayrim fuqarolar mutaxassislarni uyiga kiritishga yoki hujjatlarini koʻrsatishga ikkilanib qaragan.
Qonunning mazmuni va afzalliklari yuzasidan uchrashuvlar, tadbirlar hamda sayyor qabullarda tushuntirish ishlari olib borilgach, aholining munosabati oʻzgargan.
“Bugun ayrim fuqarolar oʻzlari qoʻngʻiroq qilib, ‘Bizning mahallaga qachon kelasizlar?deb soʻrashadi. Aholining bizni toʻgʻri tushunib, xatlovga ishonch bildirayotgani quvonarli”, — deydi kadastr muhandisi Sayfullo Haqqulov.
Qayd etilishicha, 2027 yilda Qashqadaryo viloyatidagi 483 ta mahallada xatlov oʻtkazish rejalashtirilgan. Bu orqali mulkiy huquqlarini qonuniy rasmiylashtirishga ehtiyoji boʻlgan fuqarolarni qamrab olish ishlari davom ettiriladi.





