platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Oʻzligini anglagan jamiyatgina oʻz kelajagini qura oladi

Bugun Oʻzbekiston katta oʻzgarishlar davrida. Yangi shaharlar qurilyapti, iqtisodiyot yangilanyapti, zamonaviy texnologiyalar kirib kelyapti, dunyo bilan aloqalar kengayyapti. Ammo bu jarayonlarni birlashtirib turadigan asosiy nuqta oʻzgarmaydi: biz qanday Oʻzbekiston qurayotganimizni oʻzimiz aniq bilishimiz kerak. “OʻZ” falsafasi taraqqiyotning asosiy kuchini avvalo oʻz salohiyatimiz, bilimimiz, mehnatimiz va tashabbusimizda koʻrishga undaydi. 

Oʻzligini anglagan jamiyatgina oʻz kelajagini qura oladi

Bugun dunyo juda tez oʻzgaryapti. Texnologiyalar, iqtisodiyot, shaharlar, odamlarning yashash tarzi yangilanmoqda. Bunday davrda har qanday davlat oldida ikki katta vazifa turadi: zamondan ortda qolmaslik va shu jarayonda oʻzligini yoʻqotmaslik.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan “OʻZ” falsafasi aynan shu ikki tushunchani bir nuqtada birlashtiradi: Oʻzbekiston. Oʻzgarish. Oʻzlik. Masʼuliyat.

Bu yerda “oʻz” soʻzi bejiz markazga qoʻyilmagan. Chunki inson ham, jamiyat ham avvalo oʻzini anglashdan boshlanadi. Biz kimmiz? Qayerdan keldik? Nimaga tayanamiz? Qanday davlat qurmoqchimiz? Bu savollarga javob bermasdan turib, taraqqiyotning yoʻnalishini belgilab boʻlmaydi.

Shu maʼnoda, “OʻZ” — oʻtmishga qaytish emas, oʻz ildiziga tayanib kelajakka harakat qilish gʻoyasi. Dunyo tajribasini oʻrganish, eng zamonaviy texnologiyalarni olib kelish, global iqtisodiyotga chuqur kirib borish — zarurat. Ammo modernizatsiya boshqalarning tayyor qolipini koʻchirish degani emas.

Oʻzbekiston oʻzgarishi kerak. Lekin Oʻzbekistonligicha qolgan holda.

Chunki oʻzligini yoʻqotgan taraqqiyot oxir-oqibat taqlidga aylanadi. Faqat oʻtmish bilan yashab, yangilanishdan qoʻrqish esa turgʻunlikka olib keladi. “OʻZ” ana shu ikki chekka nuqta oʻrtasidagi oʻzimizga xos taraqqiyot yoʻlini ifodalaydi: ildizga tayanish, dunyoga ochilish va kelajakni oʻz qoʻli bilan qurish.

Aslida bu qarash bugun paydo boʻlgan emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev hali 2017 yildayoq shunday degan edi:

“Vaziyatni oʻzimiz, oʻz aql-zakovatimiz, mehnatimiz bilan oʻzgartirmasak, hech kim chetdan kelib bu ishni biz uchun qilib bermaydi”.


Oradan yillar oʻtib, bu fikr bugun yanada kengroq mazmun kasb etmoqda. Oʻz kuchimiz. Oʻz aql-zakovatimiz. Oʻz mehnatimiz. Oʻzgarish uchun oʻz masʼuliyatimiz.

Chunki taraqqiyotni chetdan tayyor holda olib kelib boʻlmaydi. Uni birov qurib ham bermaydi. Taraqqiyot jamiyatning oʻzida — odamlarning bilimi, mehnati, tashabbusi, yaratuvchanligi va oʻz kuchiga ishonchidan paydo boʻladi.

Shu nuqtada “OʻZ”ning yana bir muhim maʼnosi ochiladi — daxldorlik.

“Oʻzimniki” degan joyda befarqlikka oʻrin qolmaydi. Oʻz uyingni asraysan. Oʻz ishingga javob berasan. Oʻz farzanding kelajagi haqida qaygʻurasan. Xuddi shunday, oʻz yurting taqdiriga ham chetdan qarab turmaysan.

Shuning uchun “OʻZ” — faqat oʻzlik haqidagi gʻoya emas. U tomoshabinlikdan daxldorlikka, kutishdan harakatga, boqimandalikdan masʼuliyatga oʻtish falsafasidir.

Bugun Oʻzbekiston katta oʻzgarishlar davrida. Yangi shaharlar qurilyapti, iqtisodiyot yangilanyapti, zamonaviy texnologiyalar kirib kelyapti, dunyo bilan aloqalar kengayyapti. Ammo bu jarayonlarni birlashtirib turadigan asosiy nuqta oʻzgarmaydi: biz qanday Oʻzbekiston qurayotganimizni oʻzimiz aniq bilishimiz kerak.

Biz dunyoga ochiqmiz. Eng yaxshi texnologiyalarni olamiz, ilgʻor tajribani oʻrganamiz, sarmoya va bilimni jalb qilamiz. Lekin Oʻzbekistonning kelajagini baribir oʻzimiz quramiz.

Bunda maqsad boshqalarga oʻxshash emas, balki dunyo tajribasi va zamonaviy imkoniyatlardan foydalangan holda Oʻzbekistonning oʻziga xos taraqqiyot modelini shakllantirishdir. Yangilanish milliy oʻzlikdan voz kechishni anglatmaydi. Aksincha, mustahkam ildiz va oʻz qadriyatlariga tayangan jamiyatgina global oʻzgarishlar sharoitida oʻz yoʻlini aniq belgilay oladi.

Shu maʼnoda, “OʻZ” falsafasi taraqqiyotning asosiy kuchini avvalo oʻz salohiyatimiz, bilimimiz, mehnatimiz va tashabbusimizda koʻrishga undaydi. Mamlakat kelajagini belgilash va koʻzlangan oʻzgarishlarni amalga oshirish esa jamiyatning daxldorligi, tashabbusi va masʼuliyatiga bogʻliq.

OʻZBEKISTON — OʻZ.
OʻZ YOʻLI. OʻZ TANLOVI. OʻZ KELAJAGI.
OʻZIMIZNIKI.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid