Kelgusi yil 15 martga qadar issiqxonalarda doimiy ekologik monitoring olib boriladi
Unda chang-gaz tozalash uskunalarining ishlashi, havoga chiqarilayotgan tashlamalar miqdori va yoqilgʻi turlariga qoʻyilgan talablarga rioya etilishi nazorat qilinadi. Oʻlchov uskunalari va videokuzatuv vositalaridan olinadigan maʼlumotlar Ekologiya qoʻmitasining axborot tizimiga real vaqt rejimida uzatiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev issiqxonalar faoliyatiga “yashil” texnologiyalarni joriy qilish va ularning ekologik xavfsiz faoliyat yuritishini taʼminlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Avvalo, Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxonalar holati tahlil qilindi. Oʻtgan yili maxsus komissiya tomonidan issiqxonalar xatlovdan oʻtkazilib, muayyan qismiga ekologik toza energiya manbalariga oʻtishiga koʻmaklashildi. Shu bilan birga, ayrim xoʻjaliklarda hali ham koʻmirdan foydalanilmoqda.
Kuz-qish oylarida shamol sustlashishi va harorat inversiyasi tufayli issiqxonalardan chiqadigan tashlamalar poytaxt va uning atrofida toʻplanishi mumkin.
Shu bois, Toshkent shahri va unga tutash beshta tumanda issiqxonalar uchun “yashil” texnologiyalarga asoslangan maxsus ekologik tartib joriy etish taklif qilindi. Isitishda tabiiy gaz, elektr, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarining ikkilamchi issiqligidan foydalanishga ruxsat beriladi. Shina, plastmassa, bitum, mazut, ishlatilgan moy va chiqindilarni yoqishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qattiq yoqilgʻida ishlayotgan issiqxonalarga joriy yil 1 dekabrga qadar ushbu manbalarga oʻtish taklif qilinadi. Yoqilgʻini yopiq joyda saqlash, avtomatlashtirilgan qozonlar va samarali chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatilgan boʻlishi, kul va shlakni xavfsiz yigʻish uchun sharoit, zaxira generatori mavjudligi, tutun moʻrisi minimal balandlik meʼyoriga muvofiqligi kabi qatʼiy texnik talablarga mos boʻlgan issiqxonalargagina qattiq yoqilgʻidan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin.
Joriy yil 15 oktabrdan kelgusi yil 15 martga qadar issiqxonalarda doimiy ekologik monitoring olib boriladi. Unda chang-gaz tozalash uskunalarining ishlashi, havoga chiqarilayotgan tashlamalar miqdori va yoqilgʻi turlariga qoʻyilgan talablarga rioya etilishi nazorat qilinadi. Oʻlchov uskunalari va videokuzatuv vositalaridan olinadigan maʼlumotlar Ekologiya qoʻmitasining axborot tizimiga real vaqt rejimida uzatiladi. Monitoringda dronlardan foydalaniladi, jamoatchilik nazorati vakillari ham ishtirok etadi.
Chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatilmagani, tashlamalar meʼyordan oshgani yoki taqiqlangan yoqilgʻi ishlatilgani aniqlansa, belgilangan tartibda taʼsir choralari qoʻllaniladi. Zarur hollarda issiqxona faoliyati toʻxtatiladi.
Issiqxona xoʻjaliklarining yangi talablarga moslashishi uchun moliyaviy koʻmak choralari ishlab chiqilgan. Ekologik va energiya tejamkor uskunalarni oʻrnatishga har gektar uchun 50 million soʻmgacha subsidiya, yetti yil muddatga 3 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit ajratish taklif etildi. Monitoring uskunalarini xarid qilish va oʻrnatish xarajatlarini yengillashtirish ham nazarda tutilgan.
Shaxsiy tomorqalardagi issiqxonalarni yangilashga koʻmaklashish boʻyicha alohida takliflar tayyorlangan.
Xususan, 2030 yilgacha yer va mol-mulk soliqlarini 50 foizga kamaytirish, aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilish hamda energiya tejamkor tizimlar isteʼmol qilgan elektr energiyasi xarajatining yarmini qoplash taklif etilmoqda. Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi xonadonlarga “yashil” energiya manbalari va samarali uskunalarni joriy etish uchun 100 million soʻmgacha grant ajratish masalasi ham koʻrib chiqildi. Yangi “yashil” issiqxona qurishga 300 million soʻmgacha, mavjudini qayta jihozlashga 150 million soʻmgacha imtiyozli kredit berish nazarda tutilmoqda. Issiqxonachilikka ixtisoslashgan 50 ta mahallada ehtiyojmand oilalar uchun ekologik xavfsiz issiqxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Issiqxonalarda hosil boʻladigan ifloslangan drenaj va filtr suvlarini yigʻish, tozalash hamda qayta ishlatish masalasi ham koʻtarildi. Buning uchun maxsus operator faoliyatini yoʻlga qoʻyish va Ohangaron tumanida zarur infratuzilmani tashkil etish taklif qilindi.
Taqdimotda iqlimi qulay hududlarda zamonaviy issiqxonachilikni rivojlantirish imkoniyatlari ham koʻrib chiqildi. Sherobod tumanidagi “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasiga 940 gektar yer ajratilgan va uning master rejasi ishlab chiqilgan. Zonada issiqxonalar va agrologistika obʼektlarini barpo etish, shu jumladan, banklar balansidagi issiqxonalarni bu yerga koʻchirish taklif etildi.
Erkin iqtisodiy zonada investorlar uchun yer ijarasiga besh yil davomida nol stavka qoʻllanilmoqda, kanalizatsiya va yer osti suvlari bilan bogʻliq toʻlovlar boʻyicha uch yillik imtiyoz berilgan. Qoʻshimcha ravishda yer uchastkalarini normativ qiymatining 10 foizi miqdoridagi boshlangʻich narx bilan auksionga chiqarish, qiymati 10 million dollardan yuqori boʻlgan loyihalar hamda Toshkent shahri va viloyatidan issiqxonalarini koʻchiradigan tadbirkorlar uchun esa ushbu koʻrsatkichni 1 foiz etib belgilash taklif qilindi.
Shuningdek, zona ishtirokchilarini besh yilga yer, mol-mulk va foyda soliqlaridan, olib kelinadigan issiqxona uskunalarini bojxona bojidan ozod qilish taklifi koʻrib chiqildi. 400 gektar maydonda issiqxonalar va agrologistika obʼektlarini barpo etib, investorlarga tayyor loyiha sifatida sotish rejalashtirilmoqda. Infratuzilmaga 220 milliard soʻm, loyihalarni moliyalashtirishga 200 milliard soʻm yoʻnaltirish hamda 2027 yilda 100 million dollar investitsiya jalb etish vazifasi qoʻyildi.
Mutasaddilarga issiqxonalarning joylashuvi, energiya resurslari manbalari va ularni yetkazib berish hajmini aks ettiruvchi raqamli xaritani tayyorlash topshirildi. Shuningdek, issiqxona mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda sotish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha choralar ishlab chiqiladi.





