Issiqlik taʼminoti sohasiga xorijiy mutaxassis va xalqaro konsultantlar jalb qilinadi
Isitish mavsumida aholini, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari kuchaytiriladi. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan Prezident farmoni loyihasida soʻz boradi.

Loyihaga koʻra, 2026/2027 yilgi isitish mavsumida, jumladan, joriy yilning noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga 1 mln soʻmdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Mablagʻ 2026 yil 30 noyabrga qadar fuqarolarning ijtimoiy karta yoki bank kartalariga oʻtkaziladi.
Yordam Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga beriladi. Shuningdek, reyestrga kirmagan, lekin «mahalla yettiligi» xulosasi va idoralar axborot tizimlaridagi maʼlumotlar asosida oiladagi jon boshiga daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining (MIX) 2 baravaridan oshmaydigan oilalar ham qamrab olinadi. Markazlashgan isitish tizimiga ulangan koʻp qavatli uylarda yashovchi oilalar uchun bu mezon Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda MIXning 2 baravari, Toshkent shahrida esa 3 baravari etib belgilanmoqda.
Yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar reyestridagi fuqarolar hamda yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar yashayotgan oilalar ham yordam oladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan muhokamaga chiqarilgan qaror loyihasiga koʻra, 2026 yil 1 noyabrdan aholiga koʻrsatiladigan markazlashgan isitish va issiq suv xizmatlari uchun yangi tariflar joriy etilishi kutilmoqda. Issiqlik taʼminoti xizmatlari tariflarini 2030 yilga qadar bosqichma-bosqich tannarx darajasiga yetkazish koʻzda tutilgan.
Tariflarni oʻzgartirish bilan birga, sohani isloh qilish boʻyicha choralar ham belgilanmoqda. 2026 yil yakuniga qadar «Issiqlik taʼminoti» AJning moliyaviy masalalar boʻyicha rais oʻrinbosari va texnik masalalar boʻyicha rais maslahatchisi lavozimlariga xorijiy malakali mutaxassislar jalb etiladi. Jamiyat kuzatuv kengashidagi mustaqil aʼzolar ulushi bir oy muddatda 75 foizgacha yetkaziladi.
Bir oy muddatda issiqlik energiyasi tannarxini 15 foizgacha kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi, korxonalar 2026 yil yakuniga qadar «Billing» dasturi bilan qamrab olinadi. Tarmoqlardagi yoʻqotishlarni 2027 yil yakuniga qadar 25 foizga kamaytirish uchun Jamiyat ijro organiga samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) joriy qilinadi.
Issiqlik taʼminoti tizimlari 2027 yil yakuniga qadar toʻliq texnik auditdan oʻtkazilib, ularni modernizatsiya qilish dasturi ishlab chiqiladi. 2027 yil 1 mayga qadar esa sohani 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini xalqaro konsultantlar bilan birgalikda ishlab chiqish rejalashtirilgan.





