platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Yil oxirigacha Yangi Toshkentda 20 ming xonadon foydalanishga topshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qilmoqda. Ayni paytda Yangi Toshkentda yerga talab ortib bormoqda. Bir gektarning oʻrtacha qiymati 2024 yilda 10 milliard soʻmga yetmagan boʻlsa, hozir 19 milliard soʻmga chiqqan.

Yil oxirigacha Yangi Toshkentda 20 ming xonadon foydalanishga topshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qilmoqda. Davlatimiz rahbari soʻnggi oyda ular bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda bildirilgan takliflar, yer ajratish, ruxsat olish va toʻlovlar bilan bogʻliq muammolar oʻrganilganini taʼkidladi.

Uch yil avval boshlangan ushbu loyiha doirasida davlat infratuzilma, stadion, universitet va kutubxona kabi muhim obʼektlarga yirik mablagʻ yoʻnaltirmoqda. Hozirga qadar Yangi Toshkentga 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritildi. Shu bilan birga, qurilishga xususiy sektorni jalb etish surʼatlari mavjud imkoniyatlarga mos emasligi qayd etildi.

Yangi shahar uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Yangi aeroport bilan birga hududning investitsiya salohiyatini 200 milliard dollargacha yetkazish mumkin.

Hozir ming gektardan ortiq maydonda asosan davlat mablagʻi hisobidan qurilish ketmoqda. Tadbirkorlarga esa bor-yoʻgʻi 94 gektar yer ajratilgan.

– Yangi Toshkent faqat yangi uy-joy quriladigan hudud emas, – dedi Prezidentimiz.

Bu yer zamonaviy biznes, taʼlim, tibbiyot, turizm va xizmat koʻrsatishni oʻziga jalb etadigan mustaqil iqtisodiy markazga aylanishi kerak. Lekin hozirgacha ajratilgan yerlarning uchdan ikki qismi uy-joy loyihalariga toʻgʻri kelmoqda.

Investorlarga berilgan 28 ta lotda faol qurilish boshlanmagan. Davlatimiz rahbari buni sarmoyadorlarda mablagʻ yoki xohish yoʻqligi bilan izohlash toʻgʻri emasligini aytdi. Eskicha talablar, choʻziladigan ruxsat jarayonlari va ayrim idoralarning hamkor oʻrniga nazoratchi sifatida ish tutishi loyihalarga toʻsiq boʻlmoqda.

– Investor esa kutmaydi. U koʻmak va kafolat sezmasa, mablagʻini boshqa bozorga yoʻnaltiradi , – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Shu bois, tadbirkorga yer ajratishdan tortib, loyihani ishga tushirishgacha boʻlgan jarayon qayta koʻrib chiqilishi zarurligi taʼkidlandi.

Ayni paytda Yangi Toshkentda yerga talab ortib bormoqda. Bir gektarning oʻrtacha qiymati 2024 yilda 10 milliard soʻmga yetmagan boʻlsa, hozir 19 milliard soʻmga chiqqan.

Yil oxirigacha Yangi Toshkentda 20 ming xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu kamida 70 ming kishi uchun yangi yashash muhitini yaratish degani. Prezidentimiz aholiga dam olish, sport, savdo, taʼlim va tibbiyot xizmatlari uylar bilan bir vaqtda zarur boʻlishini taʼkidladi.

Yangi shaharda FIFA talablariga javob beradigan 55 ming oʻrinli stadion qurilmoqda. U kelasi yil 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionatining asosiy arenalaridan biri boʻladi. Tashrif buyuruvchilar uchun mehmonxona, kafe, restoran va koʻngilochar maskanlarga ehtiyojni aniq hisoblab, tadbirkorlarga ochiq taqdim etish vazifasi qoʻyildi.

Shaharning ishbilarmonlik hayotini shakllantirishda davlat idoralarining koʻchishi ham muhim. Hozir Qurilish, Transport va Energetika vazirliklari yengil konstruksiyali binolarda ishlamoqda. Shuningdek, vazirlik va idoralarning 2,6 ming nafar xodimi uchun 9 ta bino qurilyapti.

Bosh vazirga qolgan vazirliklar va davlat tashkilotlarining ham Yangi Toshkentga koʻchishini boshlash topshirildi. Zarur hollarda ularning poytaxtdagi mavjud binolarini buzib qayta qurish huquqisiz, joriy taʼmirlab foydalanish sharti bilan sotish masalasi koʻrib chiqiladi

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid