WSJ: Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi bunkerlar va qattiq qoʻriqlanadigan saroylarda qolmoqda
Yamandagi husiy isyonchilari tomonidan raketa zarbalari ortidan xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Muhammad bin Salmon suiqasd xavfi sabab ommaga koʻrinmayotgani aytildi.

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Al Saud suiqasd xavfi sabab bunkerlar va himoyalangan, qattiq qoʻriqlanadigan saroylar orasida harakatlanmoqda.
Bu haqda The Wall Street Journal (WSJ) gazetasi xabar berdi.
Yamandagi husiy isyonchilari tomonidan qirollikka raketa zarbalari ortidan xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Nashrning xabar berishicha, raketalardan biri shanba kuni Ar-Riyod xalqaro aeroportiga urilgan.
WSJ taʼkidlaganidek, kuchaytirilgan zarbalar Saudiya poytaxtining ayrim hududlarini urush zonasiga aylantirdi. Aholi portlashlardan boshpana olishga majbur boʻlmoqda, moliyaviy tuman xodimlari, baʼzi xalqaro maktablar talabalari va diplomatlarga evakuatsiya qilish yoki boshpanalarda qolish buyurilgan.
Valiahd shahzoda oxirgi marta 6 oktabr kuni milliy qon toʻplash aksiyasida ishtirok etganida omma oldida paydo boʻlgan.
Saudiya Arabistoni rasmiylarining soʻzlariga koʻra, keyingi hujumlarni qaytarish uchun toʻxtatuvchi raketalar zaxirasi kamayib bormoqda. Rasmiylar qirollik saroylari va energetika infratuzilmasini himoya qilish uchun havo mudofaasi tizimlarini qayta joylashtirishga majbur. Shu bilan birga, husiylar Ar-Riyoddagi neft inshootlari va Qirol Xolid xalqaro aeroportiga bir necha bor hujum qilishgan.
Gazeta manbalariga koʻra, mojaro avj olayotgan bir paytda, Saudiya Arabistoni Pokistondan yordam soʻragan va butun dunyo boʻylab qoʻshimcha havo mudofaasi tizimlarini qidirmoqda. Qirollik shuningdek, husiylar bilan qarama-qarshilikka diplomatik yechim topishni ham koʻrib chiqmoqda.
11 oktabr kuni Yaman husiylari yana Ar-Riyod xalqaro aeroportiga hujum qilishdi. Hujum natijasida yoʻlovchilar terminalida yongʻin sodir boʻldi. Hech kim qurbon boʻlmadi.





