Oʻzbekistonda oʻz mobil palliativ xizmatiga ega ilk bolalar xospisi tashkil etildi
Mobil brigada tarkibiga tibbiyot mutaxassislari, ijtimoiy xodimlar va psixologlar kiradi. Ularning asosiy vazifasi — bolalarga uy sharoitida yordam koʻrsatish, ogʻriq va kasallik alomatlarini yengillashtirish, bola hamda unga gʻamxoʻrlik qilayotgan yaqinlari uchun individual yordam rejasini ishlab chiqish va ota-onalarga parvarish koʻnikmalarini oʻrgatishdan iborat.

28 sentabrdan Samarqand viloyatida ogʻir va davolab boʻlmaydigan kasalliklarga chalingan bolalar uchun ilk bor mobil palliativ xizmat yoʻlga qoʻyildi. Hududda bunday yordamga muhtoj 300 nafardan ortiq bola aniqlangan.
Mobil brigada tarkibiga tibbiyot mutaxassislari, ijtimoiy xodimlar va psixologlar kiradi. Ularning asosiy vazifasi — bolalarga uy sharoitida yordam koʻrsatish, ogʻriq va kasallik alomatlarini yengillashtirish, bola hamda unga gʻamxoʻrlik qilayotgan yaqinlari uchun individual yordam rejasini ishlab chiqish va ota-onalarga parvarish koʻnikmalarini oʻrgatishdan iborat.
"Maqsadimiz - oilalarga bolaning ehtiyojlaridan kelib chiqib, yordamni uyda yoki xospisda olish imkoniyatini yaratish.
Men uchun ushbu loyiha nafaqat tibbiy yordam koʻrsatish, balki tuzalmas xastalikka chalingan bolalarga boʻlgan munosabatimizni oʻzgartirish bilan ham bogʻliq. Xastalik bolaning imkoniyatlarini cheklashi mumkin, ammo uning toʻlaqonli hayot kechirishi uchun qilayotgan saʼy-harakatlarimizni cheklamasligi kerak. Bolalar xospisining tashkil etilishi bilan birga bunday bolalarga boʻlgan munosabatimiz ham oʻzgarishini juda xohlayman.
Biz, eng avvalo, tashxisni emas, bolaning oʻzini - uning xohish-istaklari, orzulari, qiziqishlari va jamiyatimizning ajralmas qismi boʻlish huquqini koʻra bilishimiz lozim", deydi Ijtimoiy himoya agentligi direktori birinchi oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi har bir bola uchun alohida keys ochadi hamda zarur ijtimoiy xizmatlar va texnik reabilitatsiya vositalarini olishda koʻmaklashadi. Jumladan, bolalarning ehtiyojidan kelib chiqib, moslashtirilgan nogironlik aravachalari, vertikalizatorlar, funksional karavotlar va yotoq yaralarining oldini oluvchi matraslar bilan taʼminlashga yordam beriladi.
Ayni paytda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan bolalar xospisi qurilishi ham davom etmoqda. Xospis va faoliyatini boshlagan mobil xizmat birgalikda bolalar hamda ularning yaqinlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yagona palliativ yordam tizimining bir qismiga aylanadi.





