“OʻZ” — Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot falsafasi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda “OʻZ” degan yangi taraqqiyot falsafasini ilgari surdi. Bu shunchaki toʻrtta soʻzning birlashmasi emas. Uning zamirida juda kuchli gʻoya bor: Oʻzbekistonda yashayotgan, ishlayotgan, sarmoya kiritayotgan va kelajak qurayotgan har bir inson mamlakatdagi oʻzgarishlarga daxldor.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda “OʻZ” degan yangi taraqqiyot falsafasini ilgari surdi. “OʻZ” — Oʻzbekiston. Oʻzgarish. Oʻzlik. Masʼuliyat.
Bu shunchaki toʻrtta soʻzning birlashmasi emas. Uning zamirida juda kuchli gʻoya bor: Oʻzbekistonda yashayotgan, ishlayotgan, sarmoya kiritayotgan va kelajak qurayotgan har bir inson mamlakatdagi oʻzgarishlarga daxldor.
Chunki “oʻz” degan soʻz xalqimiz tafakkurida alohida maʼnoga ega. Oʻz uyingga befarq boʻlmaysan. Oʻz yeringni tashlab qoʻymaysan. Oʻz yurting taqdiriga chetdan qarab turmaysan. “Oʻz” degani — daxldorlik. Daxldorlik esa masʼuliyatni anglatadi.
Yangi falsafa shu tushunchani iqtisodiyotga olib kiryapti: kim Oʻzbekistonga sarmoya kiritsa, yangi texnologiya olib kelsa, ish oʻrni yaratsa, shu yurt taraqqiyotiga hissa qoʻshsa — u umumiy oʻzgarishning bir qismi. Bu yerda uning qayerdan kelgani emas, Oʻzbekiston uchun qanday qiymat yaratayotgani muhim.
Shuning uchun “OʻZ” — faqat “oʻzimizniki” degani emas. “OʻZ” — Oʻzbekistondagi oʻzgarishni oʻzgarishim, uning yutugʻini yutugʻim, kelajagini kelajagim deb bilish falsafasi.
Yangi Toshkent esa bu gʻoyaning eng katta amaliy ifodalaridan biriga aylanmoqda: dunyoga ochiq, zamonaviy va raqobatbardosh, ayni paytda oʻzligini yoʻqotmagan yangi Oʻzbekiston.





