Odilxon qori Ismoilov ozodlikka chiqdi
U 2026 yil yanvarida oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish, soxta tadbirkorlik va boshqa ayblovlar bilan qamoqqa olingandi va JIB Pop tuman sudining 2026 yil 13 iyuldagi hukmi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.

“Rayxon oilaviy milliy taomlari” taʼsischisi Odilxon Ismoilovga oid jinoyat ishi apellyatsiya sudida koʻrib chiqildi. Bu haqda Namangan viloyati sudlari axborot xizmati xabar berdi.
Bugun ushbu jinoyat ishi boʻyicha apellyatsiya sudi ajrimi eʼlon qilingan.
Maʼlum qilinishicha, jinoyat ishi doirasida yetkazilgan zararning bir qismi naqd pul shaklida depozit hisob raqamiga topshirilgan, Odilxon Ismoilovga tegishli mulk bankning talabiga asosan bank balansiga qabul qilinishi belgilangan. Shuningdek, xatlangan mulklar sottirilib, zararni qoplashga yoʻnaltirilgan. Shu va boshqa holatlar eʼtiborga olingan holda Odilxon Ismoilovga Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan tayinlangan jazo oʻzgarishsiz qoldirilib, Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan shartli hisoblangan hamda 3 yil sinov muddati berilgan.
Shu tariqa u sud zalida qamoqdan ozod qilingan.
Odilxon Ismoilov JIB Pop tuman sudining 2026 yil 13 iyuldagi hukmi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.
U 2010 yildan Toshkent shahar bosh imom-xatibi oʻrinbosari boʻlgan. 2011 yildan 2018 yil iyuligacha Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi va «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom-xatibi boʻlib ishlagan. 2018 iyulda esa Musulmonlar idorasi Ismoilov «tasdiqlanmagan xabarlarni internet orqali tarqatgani va bemorligi vajidan vazifani uddalay olmayotgani sababli» ishdan olinganini maʼlum qilgan.





