Erkinjon Turdimov vazirlik tizimi xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazdi
Xodimlarga oʻquvchi, talaba va pedagog hayotida ijobiy oʻzgarish beradigan aniq takliflar tayyorlash vazifasi qoʻyildi.

Bugun Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari — taʼlim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov vazirlik tizimi xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqotda yoshlar, oʻquvchi va talabalarni qiynayotgan masalalarni oʻrganish, ularning dardini eshitish, sifatli taʼlim olishi uchun yanada yaxshi sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratildi.

Bola bogʻchaga borishi, oʻquvchi maktabda puxta bilim olishi, talaba esa egallagan bilimi va kasbi bilan hayotda oʻz oʻrnini topishi kerak. Shu maqsadda maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirish, taʼlim sifatini oshirish, yoshlarni kasbga tayyorlash va ilm-fanga qiziqishini qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Oʻqituvchining jamiyatdagi obroʻsi va nufuzini yuksaltirish, uning mehnati qadrlanishi, oʻz ustida ishlashi va bor eʼtiborini taʼlimga qaratishi uchun munosib sharoit yaratish ham muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Erkinjon Turdimov muammolarni sanab oʻtish bilan cheklanmasdan, har biri boʻyicha amaliy yechim qilish zarurligini taʼkidladi. Xodimlarga oʻquvchi, talaba va pedagog hayotida ijobiy oʻzgarish beradigan aniq takliflar tayyorlash vazifasi qoʻyildi.





