platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Chirchiqda pora olgan ichki ishlar xodimlari 6 yilga qamaldi

Shu yil 17 fevral kuni Chirchiq shahrida 28 yoshli fuqaro bir guruh shaxslar tomonidan kaltaklangan. Xodimlar jabrlanuvchining arizasini qaytarib olish va ishni yopish evaziga 3 ming dollar talab qilgan.

Chirchiqda pora olgan ichki ishlar xodimlari 6 yilga qamaldi

Chirchiq shahrida kaltaklash holati boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatmaslik evaziga pora olgan IIB boʻlim boshligʻi va profilaktika inspektorining har biri 6 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Mazkur ish boʻyicha sud tafsilotlari eʼlon qilindi.

Shu yil 17 fevral kuni Chirchiq shahrida 28 yoshli fuqaro bir guruh shaxslar tomonidan kaltaklangan. Tan jarohati olgan erkak shifoxonaga olib ketilgan. Hodisani tekshirish profilaktika inspektoriga topshirilgan.

Jabrlanuvchi oʻzini kaltaklaganlarga nisbatan qonuniy chora koʻrilishini talab qilgan. Biroq uning suddagi koʻrsatmasiga koʻra, inspektor aybdorlarni hatto maʼmuriy javobgarlikka ham tortib boʻlmasligini aytgan.

Inspektor jabrlanuvchiga davolanish xarajatlari uchun pul undirib berishni taklif qilgan. Jabrlanuvchi bunga rozi boʻlgan. Sud hujjatiga koʻra, inspektor boʻlim boshligʻi bilan kelishib, kaltaklashda ishtirok etgan shaxslardan jabrlanuvchining arizasini qaytarib olish va ishni yopish evaziga 3 ming dollar talab qilgan.

18 fevral kuni ulardan biri tanishidan qarz olib, boʻlim boshligʻiga 2700 dollar bergan. Biroq bu mablagʻning hammasi jabrlanuvchiga yetib bormagan. Uning suddagi koʻrsatmasiga koʻra, dastlab 2000 dollar berilgan. Keyin esa u 100 dollarini boʻlim boshligʻiga, 900 dollarini inspektorga qaytarib bergan. Natijada qoʻlida 1000 dollar qolgan. Sud xulosasida ham 2700 dollarning 1700 dollari mansabdorlar oʻrtasida taqsimlangani qayd etilgan.

19 fevral kuni jabrlanuvchi zarari qoplangani va hech kimga daʼvosi yoʻqligi haqida ariza yozgan. Oradan toʻqqiz kun oʻtib, 28 fevral kuni kaltaklash holati yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatish rad etilgan. Biroq 5 mart kuni ushbu holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tergovni boshlagan.

Tergov davomida kaltaklashda ishtirok etgan shaxslarning yaqinlari ilgari berilgan 2700 dollarni qaytarishni talab qilgan. Jabrlanuvchining aytishicha, tergovchi bu talabni unga yetkazgan. Erkak esa pulning katta qismi IIB xodimlarida qolganini aytmay, mablagʻni oʻzi ishlatib yuborganini bildirgan.

20 aprel kuni jabrlanuvchi Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boshqarmasiga murojaat qilib, mansabdorlarga nisbatan chora koʻrishni soʻragan. Uch kundan soʻng oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida profilaktika inspektori unga 300 dollar bergan. Jabrlanuvchining suddagi koʻrsatmasiga koʻra, inspektor bu pulni boʻlim boshligʻi berganini, oʻzining 200 dollarini esa ertasi kuni qaytarishini aytgan.

Sudda har ikkala IIB xodimi aybini tan olmagan. Biroq sud guvohlarning koʻrsatmalari, telefon suhbatlari yozuvlari va boshqa dalillarni oʻrganib, ularning aybi isbotlangan degan xulosaga kelgan.

Chirchiq shahar sudi N.A. va D.R.ni Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v”, “g” bandlari (pora olish) hamda boshqa tegishli moddalari bilan aybli deb topdi. Ularning har biriga 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, ular 3 yil davomida ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid