Istanbul aeroportida hushidan ketgan oʻzbekistonlik boʻyicha maʼlumot berildi
Turkiyaga ishlash maqsadida borgan 19 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi A.S. sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolar sababli mehnat faoliyatini davom ettira olmagan va Oʻzbekistonga qaytishga qaror qilgan.

Turkiyada sogʻligʻi yomonlashib, Oʻzbekistonga qaytish uchun Istanbul aeroportiga kelganida hushini yoʻqotgan 19 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi davolanib, mamlakatga qaytarildi. Bu haqda Oʻzbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Turkiyaga ishlash maqsadida borgan 19 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi A.S. sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolar sababli mehnat faoliyatini davom ettira olmagan va Oʻzbekistonga qaytishga qaror qilgan. Shu maqsadda aviachipta xarid qilib, Istanbul aeroportiga kelgan A.S.ning sogʻligʻi keskin yomonlashib, hushini yoʻqotgan.
Fuqaro shoshilinch ravishda Istanbul shahrining Bashakshehir tumanida joylashgan Çam ve Sakura shahar shifoxonasiga yetkazilib, zarur tibbiy muolajalarni olgan. Davolanish jarayonida yuzaga kelgan tibbiy xarajatlarning bir qismi Turkiyada faoliyat yuritayotgan faol va saxovatpesha hamyurtlarning koʻmagida qoplangan.
Bildirilishicha, Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligi tomonidan Oʻzbekiston fuqarosining holati nazoratga olinib, uning Vatanga qaytishini tashkil etish boʻyicha zarur amaliy choralar koʻrilgan.
Shu tariqa 19 yoshli A.S. tegishli tashkilotlar hamkorligida Oʻzbekistonga qaytarilgan.





