Ar-Riyod aeroportiga hujum: 12 kishi halok boʻldi
Yuzlab insonlar jarohat olgan. Hujum uchun javobgarlikni husiylar oʻz zimmasiga oldi. Mazkur voqeaga qaramay, hozircha Toshkentdan Jidda va Madinaga parvozlar davom ettirilishini maʼlum qilindi.

Saudiya Arabistoni Fuqarolik aviatsiyasi bosh boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, 10 oktabr kuni Ar-Riyoddagi Qirol Xolid xalkaro aeroportiga qilingan hujum oqibatida 12 kishi halok boʻldi va 309 kishi jarohat oldi.
Yaradorlar orasida baʼzilari ogʻir ahvolda va shifoxonalarda tibbiy yordam olmoqda.
Bu hujum bir hafta ichida Ar-Riyod aeroportiga qilingan uchinchi hujum boʻldi. Reuters agentligining xabar berishicha, Yamanning Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlangan husiy isyonchilari hujum uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oldi.
Yamandagi mojaroga qarshi kurashayotgan Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya ham guruhni aybladi.
Hodisadan soʻng, aeroport faoliyati zararni baholash va infratuzilma xavfsizligini tekshirish uchun vaqtincha toʻxtatildi. Baʼzi reyslar bekor qilindi, boshqalari esa boshqa joyga yoʻnaltirildi. Yoʻlovchilarga aeroportga borishdan oldin aviakompaniyalari bilan reyslarining holatini tekshirish tavsiya qilindi.
Bu hafta aeroportga qilingan avvalgi hujumlar ham qurbonlar va tijorat samolyotiga zarar yetkazdi. Yangi hujum mintaqadagi keskinlikni oshirdi va Saudiya Arabistoni poytaxtiga havo qatnovini toʻxtatdi.
Uzbekistan Airways Saudiya Arabistoni aeroporti hujumga uchraganiga qaramay, 11 oktabr Toshkentdan Jidda va Madinaga parvozlar davom ettirilishini maʼlum qildi.
Aviakompaniya eʼlon qilgan axborotga koʻra, 11 oktabr holatiga koʻra Toshkent—Jidda—Toshkent va Toshkent—Madina—Toshkent yoʻnalishlari boʻyicha qatnovlar tasdiqlangan harakat jadvali asosida amalga oshirilmoqda.
"Mintaqadagi vaziyatni hisobga olgan holda, aviakompaniya holatni doimiy ravishda kuzatib bormoqda va har bir qatnovdan oldin dolzarb maʼlumotlar asosida xavf-xatarlar baholanmoqda”, deyiladi Uzbekistan Airways xabarida.





