“Yeringiz tugul, joningizni sugʻurib olaman”: Piskent tumani hokimi ustidan prokuraturaga murojaat yoʻllandi
Piskent tumani hokimi Muzaffar Aripov fermerlar bilan oʻtkazilgan yigʻilishda ularga bosim oʻtkazgani haqida audioyozuv tarqalgandi. Fermerlar kengashi tuman hokimining xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishida amaliy yordam soʻradi.

Piskent tumani hokimi Muzaffar Aripov fermerlar bilan oʻtkazilgan yigʻilishda ularga bosim oʻtkazgani haqida audioyozuv tarqalgandi.
Oʻzbekiston fermerlari kengashi Toshkent viloyati Piskent tumani hokimi Muzaffar Aripovning fermerlarga bosim oʻtkazgani haqidagi xabarlar yuzasidan prokuratura organlariga murojaat qilgan.
Qayd etilishicha, kengash 2026 yil 9 oktabr kuni prokuratura organiga murojaat qilib, tuman hokimining xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishida amaliy yordam soʻragan. Avvalroq Piskent tumani hokimi fermerlarni haqoratlab, kartoshka ekmagan taqdirda yerlarini tortib olish bilan tahdid qilgani haqida xabar berilgandi. Jumladan, u fermerlarga “yeringiz tugul, joningizni sugʻurib olaman”, degan.
“Konstitutsiyaning 26-moddasiga koʻra, insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizdir, hech narsa ularni kamsitish uchun asos boʻlishi mumkin emas”, deyiladi kengash munosabatida.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-moddasiga muvofiq, shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha jarimaga sabab boʻlishi eslatilgan.
Kengash bunday holatlar tadbirkorlik subekti faoliyatiga noqonuniy aralashuv sifatida koʻrilishi va mamlakatning xalqaro imijiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligini bildirgan.
9 oktabr kuni Piskent tumani hokimligi holat yuzasidan munosabat bildirib, yigʻilish kartoshka ekish boʻyicha belgilangan rejalar bajarilmagani sababli tashkil etilganini maʼlum qilgan.
Aytilishicha, tumanda gʻalladan boʻshagan qariyb ming gektar yerda takroriy ekin sifatida kechki kartoshka yetishtirish rejalashtirilgan. Biroq ayrim fermerlar belgilangan reja asosida kartoshka ekmagan, yer maydonlarini boshqa shaxslarga sotib yuborgan.





