WBA Bektemir Meliqoʻziyev atrofidagi vaziyat boʻyicha bayonot berdi
Tashkilot meksikalik chempion Xayme Mungiyaga chempionlik kamarini Oʻzbekiston vakili Bektemir Meliqoʻziyevga qarshi majburiy tarzda himoya qilishni buyurgan edi. WBA talablariga qaramay, Mungiya jamoasi rossiyalik Nikita Zonga qarshi ixtiyoriy himoya jangi haqida eʼlon qildi.

Jahon boks assotsiatsiyasi (WBA) oʻzbekistonlik bokcchi Bektemir Meliqoʻziyevning chempionlik jangi bilan bogʻliq vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
“WBA Xayme Mungiya va Nikita Zon oʻrtasidagi jangni tasdiqlamagan. Bektemir Meliqoʻziyev super oʻrta vazn toifasidagi chempionlik kamari uchun rasmiy daʼvogar hisoblanadi. WBA hozirgi vaziyatni koʻrib chiqadi”, deyiladi tashkilot xabarida.
Eslatib oʻtish kerak, WBA meksikalik chempion Xayme Mungiyaga chempionlik kamarini Oʻzbekiston vakili Bektemir Meliqoʻziyevga qarshi majburiy tarzda himoya qilishni buyurgan edi.
Mungiya jamoasi jangdan qochishga urinib, Meliqoʻziyevga boshqa jang oʻtkazishi uchun kompensatsiya taklif qilgan. Biroq oʻzbekistonlik bokcchi bu taklifni rad etgan va chempionlik kamari uchun bepul jang qilishga tayyorligini bildirgan.
WBA talablariga qaramay, Mungiya jamoasi joriy yilning 31 oktabr kuni Ar-Riyodda oʻtkazilishi rejalashtirilgan boks kechasida rossiyalik Nikita Zonga qarshi ixtiyoriy himoya jangi haqida eʼlon qilgan.
Munguya 2 may kuni Las-Vegasdagi “T-Mobile Arena”da Xose Armando Resendisni ochkolar hisobida magʻlub etib, WBA chempionlik kamarini qoʻlga kiritgandi. Uning majburiy himoya uchun belgilangan 120 kunlik muddati 30 avgustda yakunlangan.
WBA qoidalarining C.12-bandiga koʻra, chempion majburiy himoya muddati tugashidan oldingi 60 kun ichida rasmiy majburiy daʼvogardan boshqa bokschiga qarshi jang oʻtkaza olmaydi.





