platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Iqtisod

Importda oldindan toʻlov imkoniyati yaratildi, eksportda 50 foizlik talab bekor qilindi

Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishni yengillashtiruvchi yangi tartiblar joriy etilmoqda. Milliy valyutada tovarlarni qarzga eksport qilishga ruxsat berildi. Ushbu oʻzgarishlar, ayniqsa, kichik biznes va elektron tijorat ishtirokchilari uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Importda oldindan toʻlov imkoniyati yaratildi, eksportda 50 foizlik talab bekor qilindi

Prezidentning 2026 yil 27 avgustdagi PF–174-son Farmoniga muvofiq, endilikda importda yagona invoys asosida tovar mamlakatga yetib kelishidan oldin toʻlovni amalga oshirish mumkin. Eksportda esa invoys asosida operatsiyalar uchun talab etilgan 50 foizlik oldindan valyuta tushumi talabi bekor qilindi.

Shuningdek, milliy valyutada tovarlarni qarzga eksport qilishga ruxsat berildi. Ushbu oʻzgarishlar, ayniqsa, kichik biznes va elektron tijorat ishtirokchilari uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Sohani raqamlashtirish natijasida 2026 yilning 9 oyida eksport deklaratsiyalarining 94 foizi, import deklaratsiyalarining esa 90 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirildi. 185 mingdan ortiq deklaratsiya inson omilisiz rasmiylashtirilib, 8 mingta eksportyor va 51 mingta importyorning vaqti hamda ortiqcha xarajatlari tejaldi.

Shu davrda 14 mingdan ortiq tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisiga 45,8 trln soʻmlik bojxona imtiyozlari va preferensiyalar qoʻllandi, yana 6,6 trln soʻmlik bojxona toʻlovlarini kechiktirib toʻlashga ruxsat berildi.

Tadbirkorlar uchun yana bir muhim yangilik — “Integratsiyalashgan tarif” interaktiv xizmatining yangi versiyasi ishlab chiqildi. Unda sunʼiy intellekt elementlari yordamida tovarlar boʻyicha maʼlumotlarni izlash, tarif va notarif tartibga solish choralarini aniqlash mumkin. Bu import va eksport operatsiyalarini rejalashtirishda zarur talablar va toʻlovlar haqida oldindan maʼlumot olishni yengillashtiradi.

Bojxona auditi ham profilaktik yondashuv asosida takomillashtirilmoqda. Kamchilik aniqlangan holatlarda tadbirkorga uni mustaqil ravishda bartaraf etish imkonini berish — “maslahatchi-auditor” tamoyilining asosiy mazmunidir. Shuningdek, “Bojxona auditi” axborot tizimida sunʼiy intellekt asosidagi “AI-tahlil” texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan. U deklaratsiyalar, tijorat hujjatlari, tovarlar va toʻlovlar haqidagi maʼlumotlarni solishtirib, ehtimoliy tafovut va xavflarni avtomatik aniqlashga xizmat qiladi.

2030 yilga qadar inson omilisiz bojxona rasmiylashtiruvi ulushini 60 foizga yetkazish, rasmiylashtirish vaqtini ikki baravar qisqartirish va bojxona xizmatlari sifatini oshirish belgilangan.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid