Vazirlar Mahkamasi tuzilmasi oʻzgardi. Saida Mirziyoyevaga yangi vazifa yuklatildi
Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari – taʼlim va ilm-fan vaziri ijro organlarining taʼlim, ilm-fan va sogʻliqni saqlash sohalaridagi faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va ularni muvofiqlashtiradi.Bu yoʻnalishlar ijrosini nazorat qilish va tashkil qilish Prezident administratsiyasi rahbari S.Mirziyoyeva zimmasiga yuklandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Turdimov Erkinjon Oqbutayevich Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari – taʼlim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan Sirdaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi.
Bundan ilgariroq Erkinjon Turdimov nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan maʼqullangan edi.
Shuningdek, tegishli farmon bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari – taʼlim va ilm-fan vaziri lavozimi kiritildi. Taʼlim, ilm-fan va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyati tashkil qilindi.
Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari – taʼlim va ilm-fan vaziri respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalar rahbarlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taʼlim, ilm-fan va sogʻliqni saqlash sohalarida zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish boʻyicha faoliyatiga vakolati doirasida umumiyrahbarlik qilishi, ularni muvofiqlashtirishi belgilandi.
Ushbu yoʻnalishlar ijrosini nazorat qilish va tashkil qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbari S.Sh. Mirziyoyeva zimmasiga yuklandi.





