Tashkent Content Market rasmiy taqdimoti boʻlib oʻtdi
MDH mamlakatlaridagi eng yirik kontent bozorlaridan biri boʻlishi kutilayotgan tadbirning maqsadlari, dasturi, ishtirok etish shartlari va roʻyxatdan oʻtish tartibi tanishtirildi. Shuningdek, xalqaro kontent bozorlari tajribasi hamda mahalliy media mahsulotlarini xorijiy xaridorlarga taqdim etish imkoniyatlari haqida soʻz yuritildi.

Bugun Oʻzbekistonda ilk bor 2027 yil 4–5 fevral kunlari oʻtkaziladigan «Tashkent Content Market» xalqaro kontent bozorining rasmiy taqdimoti boʻlib oʻtdi. MDH mamlakatlaridagi eng yirik kontent bozorlaridan biri boʻlishi kutilayotgan tadbirning maqsadlari, dasturi, ishtirok etish shartlari va roʻyxatdan oʻtish tartibi tanishtirildi.
Shuningdek, xalqaro kontent bozorlari tajribasi hamda mahalliy media mahsulotlarini xorijiy xaridorlarga taqdim etish imkoniyatlari haqida soʻz yuritildi.

Tadbir tashkilotchisi: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi.
Maʼlumot uchun: «Tashkent Content Market»ning asosiy maqsadi — milliy kontent eksportini kengaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro media bozoriga olib chiqish hamda Toshkentni mintaqaviy media markazi sifatida rivojlantirishdan iborat. Loyiha sohaga investitsiyalar jalb etish, hamkorlikda yangi media mahsulotlar yaratish, sifatli kontent orqali Oʻzbekistonning xalqaro imijini mustahkamlash va soha vakillarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Tadbir 5 500 m² maydonda tashkil etilib, 50 dan ortiq davlatdan 3 000 nafardan ziyod ishtirokchini jamlashi kutilmoqda. Ikki pavilonda 200 ga yaqin stend joylashtirish rejalashtirilgan boʻlib, ularning maydoni 4–18 m² ni tashkil etadi.

Taqdimotda 20 dan ortiq teleradiokanallar, 15 dan ziyod OTT/VOD va onlayn platforma, 7 ta davlat tashkiloti va sohaviy muassasa hamda 40 ga yaqin kinostudiya, media kompaniya, ijodiy jamoalar va kinoteatrlar vakillari, shuningdek, mustaqil ijodkorlar ishtirok etdi.

TCM oʻzbek filmlari, seriallari, animatsiya va raqamli mahsulotlarini xalqaro bozorga olib chiqish, xorijiy kontentni xarid qilish hamda hamkorlikda yangi loyihalar yaratish uchun professional maydon boʻladi. Unda telekanallar, kinostudiyalar, prodyuserlik markazlari, distribyutorlar, onlayn platformalar va mualliflik huquqi egalari oʻzaro muzokaralar olib borishi mumkin.
Ikki kunlik dastur quyidagi yoʻnalishlarni birlashtiradi: kontent bozori, xalqaro koʻrgazma, forum va muhokamalar, B2B uchrashuvlar, film va boshqa loyihalar namoyishlari, mahorat darslari, ijodiy uchrashuvlar hamda kelishuvlarni imzolash marosimlari. Muhokamalarda kontentdan daromad olish, sunʼiy intellekt, ishlab chiqarish, xalqaro tarqatish va litsenziyalash masalalariga eʼtibor qaratiladi.

Tadbirga barcha qitʼalardan ishtirokchilar taklif etilayotgani TCMni xorijiy kompaniyalar ham oʻzaro hamkorlik oʻrnatishi mumkin boʻlgan xalqaro maydonga aylantiradi: bu yerda telekanallar yangi seriallarni xarid qilishi, kinoteatrlar filmlarni ilk bor namoyish etish huquqini qoʻlga kiritishi, onlayn platformalar telekanallarni uzatish litsenziyasini olishi, media kompaniyalari esa zamonaviy dasturiy va texnik ishlanmalar bilan tanishib, shartnomalar imzolashi mumkin.
Ishtirokchilar uchun www.tcm.uz raqamli platformasida roʻyxatdan oʻtish imkoniyati koʻzda tutilgan. U orqali shaxsiy va kompaniya profilini yaratish, hamkorlarni qidirish, kontent kataloglarini koʻrish hamda uchrashuvlarning vaqti va joyini oldindan kelishib olish mumkin boʻladi.
Roʻyxatdan oʻtish va batafsil maʼlumot: www.tcm.uz
Savollar boʻyicha: Jaloliddin Mirzayev, PR-departament boshligʻi
Telefon: +99890 000 03 04
Telegram: @jaloliddinjm





