Surxondaryodagi texnikumda oʻquvchiga nomaqbul xatti-harakatlar sodir etgan xodim ishdan boʻshatildi
Texnikumning yoshlar bilan ishlash boʻyicha direktor oʻrinbosari hamda psixologi lavozimlaridan ozod etildi. Yana uch kishiga hayfsan berilgan.

Kasbiy taʼlim agentligi Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumanidagi 2-son texnikum xodimining oʻquvchiga nisbatan nomaqbul xatti-harakat sodir etgani boʻyicha bayonot berdi.
Joriy yilning 30 sentabr kuni oʻquvchining otasi mazkur holat yuzasidan ichki ishlar organlariga murojaat qilgan.
Vakolatli organlar tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida holatga huquqiy baho berildi. Mazkur holat yuzasidan sud muhokamasi oʻtkazilib, qonunchilik talablariga muvofiq tegishli jazo chorasi qoʻllanildi.
Mazkur holat aniqlanishi bilan Kasbiy taʼlim agentligi tomonidan zudlik bilan tegishli choralar koʻrilib, texnikumda xizmat oʻrganilishi tashkil etildi. Uning doirasida mazkur holatning kelib chiqish sabablari, shuningdek, masʼul xodimlarning oʻz xizmat vazifalarini bajarish holati oʻrganildi. Oʻrganish natijalariga koʻra, xizmat vazifalarini bajarishda yoʻl qoʻygan kamchiliklari uchun texnikumning yoshlar bilan ishlash boʻyicha direktor oʻrinbosari I. Chorshanbiyev hamda psixologi Ya. Kenjayeva lavozimlaridan ozod etildi.
Texnikumning oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari D. Tilova, ishlab chiqarish taʼlimi boʻyicha direktor oʻrinbosari B. Umirov hamda fizika fani oʻqituvchisi G. Turdiyevaga hayfsan intizomiy jazosi qoʻllanildi.
Oʻquvchiga nisbatan nomaqbul xatti-harakat sodir etgan texnikumning ishlab chiqarish taʼlimi ustasi K. E. Yerniyazov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mamlakatimizda belgilangan qonunchilik tartibi hamda Kasbiy taʼlim agentligi direktorining «Kasbiy taʼlim agentligi tizimida mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini taʼminlash toʻgʻrisida»gi buyrugʻiga muvofiq bir tomonlama bekor qilindi, yaʼni ishdan boʻshatildi.
Shuningdek, barcha hududlarda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻquvchilar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda taʼlim muassasalarida xavfsiz va sogʻlom muhitni taʼminlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar oʻtkazilmoqda, deyiladi xabarda.





