Issiqlik elektr stansiyalarida 9 oyda 7 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi
Bugungi kunda jamiyat tizimida jami 15,9 megavatt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalari oʻrnatilgan. 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida ular orqali 14,6 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 3,7 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi.

OAV uchun kontent tayyorlash markazida oʻtkazilgan brifingda «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ ishlab chiqarish bosh boshqarmasi boshligʻi Gʻolibjon Salimyorov energiya samaradorligini oshirish va muqobil energiya manbalarini joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Bugungi kunda jamiyat tizimida jami 15,9 megavatt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalari oʻrnatilgan. 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida ular orqali 14,6 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 3,7 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi.
Energiya samaradorligini oshirish maqsadida 1 520 ta avtonom quyosh chirogʻi, 1 783 ta harakat datchigi va elektr dvigatellariga 181 ta chastota oʻzgartirgich oʻrnatildi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida qoʻshimcha 13,2 mln kVt·soat elektr energiyasi tejalib, yana 3,3 mln kub metr tabiiy gaz iqtisod qilindi.
Shuningdek, tizimdagi korxonalarda har biri 200 litr sigʻimga ega 117 ta quyosh suv isitkichi oʻrnatildi. Umuman, yilning dastlabki toʻqqiz oyida qariyb 28 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va tejaldi, 7 mln kub metr tabiiy gaz iqtisod qilindi. Natijada atmosferaga taxminan 9–11 ming tonna karbonat angidrid chiqarilishining oldi olindi.
Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va elektr stansiyalarining oʻz ehtiyojlari uchun sarflanadigan energiya miqdorini kamaytirish ishlari izchil davom ettiriladi.





