Toshkent viloyatida 600 tupga yaqin daraxt noqonuniy qoʻporib tashlandi
Maxsus texnikalar yordamida tuproq ostida qolgan daraxtlar chiqarib olinib, tabiatga yetkazilgan zarar hisoblandi. Unga koʻra, qonunbuzarlik natijasida jami 1 milliard 705 million 660 ming soʻm zarar yetkazilganligi hisoblandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani hududida daraxtlar qoʻporib tashlanganligi haqida xabar tarqaldi.
Holat yuzasidan Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi va Boʻstonliq tuman boʻlimi Ekopolitsiya xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, voqea joyida oʻrganish ishlari olib borildi.
Oʻrganish davomida "Gʻazalkent" MFY hududda “Y.D.” MChJ tomonidan 2 gektar yer maydonida jami 586 tup (shundan qimmatbaho 9 tup doʻlana, 3 tup archa, kam qimmatli 3 tup togʻ olchasi, 571 tup uchqat) daraxt noqonuniy ravishda ildiz qismi bilan qoʻporib tashlanganligi aniqlandi.

Taʼkidlash joizki, holat yuzasidan tadbirkorga bir necha bor murojaat qilingan. Ammo tadbirkor qonuniy talabga boʻysunmay, qarshilik koʻrsatishga uringan.
Ayni damda Ekopolitsiya tomonidan huquqbuzarlikka chek qoʻyildi. Maxsus texnikalar yordamida tuproq ostida qolgan daraxtlar chiqarib olinib, tabiatga yetkazilgan zarar hisoblandi. Unga koʻra, qonunbuzarlik natijasida jami 1 milliard 705 million 660 ming soʻm zarar yetkazilganligi hisoblandi.
Holatga huquqiy baho berish va tegishli chora koʻrish maqsadida toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.





