Tailand vizasini olish tartibi eʼlon qilindi
Ariza toʻldirilgandan soʻng, ariza beruvchi 40 AQSh dollari miqdoridagi vizaviy yigʻimni naqd pul shaklida Tailandning Rossiya Federatsiyasidagi (Moskva shahri) elchixonasida toʻlashi lozim. Toʻlovni uchinchi shaxslar, jumladan, turagentlar orqali amalga oshirishga ham ruxsat etiladi.

Tailand vizasini olish tartibi eʼlon qilindi.
Tailand hukumati qaroriga muvofiq, 2026 yil 15 sentabrdan boshlab, Tailandga, jumladan, turistik maqsadlarda tashrif buyurishni rejalashtirayotgan Oʻzbekiston fuqarolari mamlakatga borishdan oldin Tailand elektron vizasini rasmiylashtirishlari lozim.
Tailand elektron vizasi mamlakat hukumatining rasmiy veb-sayti – www.thaievisa.go.th orqali onlayn tarzda ariza toʻldirish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi.
Ariza toʻldirilgandan soʻng, ariza beruvchi 40 AQSh dollari miqdoridagi vizaviy yigʻimni naqd pul shaklida Tailandning Rossiya Federatsiyasidagi (Moskva shahri) Elchixonasida toʻlashi lozim. Toʻlovni uchinchi shaxslar, jumladan, turagentlar orqali amalga oshirishga ham ruxsat etiladi.
Shu bilan birga, vizani rasmiylashtirish boʻyicha arizani koʻrib chiqish jarayoni vizaviy yigʻim toʻlanganidan keyingina boshlanadi.
Tailand Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotiga koʻra, arizani koʻrib chiqish muddati 10 kundan oshmasligi belgilangan. Biroq amalda vizani tasdiqlash toʻgʻrisidagi xabar toʻlov amalga oshirilganidan keyin oʻrtacha 15 kun ichida elektron pochta manziliga yuborilmoqda.
Shuningdek, ayrim holatlarda elektron viza rasmiylashtirish veb-saytida texnik nosozliklar kuzatilishi mumkin. Jumladan, ariza holati saytda muvaffaqiyatli koʻrib chiqilgan deb koʻrsatilgani holda, vizani tasdiqlovchi hujjat ariza beruvchining elektron pochta manziliga kelib tushmasligi holatlari ham qayd etilgan.
Elektron vizani rasmiylashtirish bosqichlari:
1.Shaxsiy akkaunt yaratish;
2.Elektron anketa toʻldirish;
3.Qoʻshimcha hujjatlarni yuklash;
4.Arizani koʻrib chiqishni kutish;
5.40 AQSh dollari miqdoridagi vizaviy yigʻimni toʻlash;
6.Viza tasdigʻini ariza beruvchining elektron pochta manziliga olish.





