“Sud adolatsiz boʻldi” — "Real Sanjik" 5 yilga qamaldi
Bugun, 8 oktabr kuni "Real Sanjik" nomi bilan tanilgan Karimov Sanjarbek Bahrom oʻgʻliga sud hukmi oʻqildi.

"Real Sanjik" nomi bilan tanilgan Karimov Sanjarbek Bahrom oʻgʻliga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi ikkinchi qismi bilan tayinlangan besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʻz kuchida qoldirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-61-moddalariga asosan tayinlangan har xil turdagi jazolarni toʻliq qoʻshish yoʻli bilan uzil-kesil Karimovga oʻtash uchun besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari miqdorida, yaʼni 136 million soʻm jarima jazosi tayinlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 61-moddasiga asosan tayinlangan jazolar alohida-alohida ijroga qaratildi. Hukmning qolgan qismi oʻzgarishsiz qoldirildi. Apellyatsiya shikoyatlari qisman qanoatlantirildi.
Ajrimdan norozi taraflar Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 510-512-moddalari tartibida Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibida shikoyat yoki protest keltirishi mumkinligi tushuntirildi.
Sanjar Karimov suddan soʻng jurnalistlarga intervyu berar ekan, jarayondan norozilik bildirdi va sudni "adolatsiz" deb atadi.





