Qirgʻiziston sobiq prezidentining oʻgʻli toʻrt yilga qamaldi
Qodirbek Atambayev ommaviy tartibsizliklar uyushtirish va hokimiyatni egallashga urinishda aybdor deb topildi. Uning otasi Almazbek Atambayev 2023 yil mamlakatni tark etgandi.

Qirgʻiziston sobiq prezidentining oʻgʻli, Sotsial-demokratik partiya yetakchilaridan biri Qodirbek Atambayev ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish va hokimiyatni egallashga urinishda aybdor deb topildi.
Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi uni toʻrt yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Partiyaning yana bir yetakchisi Temirlan Sultanbekov ham hokimiyatni zoʻrlik bilan egallab olishda aybdor deb topildi. Sud uni yetti yilga ozodlikdan mahrum qildi. Sud ikkala shaxsning ham mol-mulkini musodara qilishni buyurdi, deya maʼlum qildi qirgʻiz OAVlari.
Hibsga olishlar 2025 yil noyabr oyida boʻlib oʻtdi. Kichik Atambayev ayblovlarni rad etdi va unga qarshi ish "ommaviy tartibsizliklarga chaqiriqlar"dan "hukumatni zoʻrlik bilan agʻdarishga urinish"ga oʻzgartirilganini maʼlum qildi.
Siyosatchining soʻzlariga koʻra, ayblovlar uning ijtimoiy tarmoqlardagi oziq-ovqat narxlarining oshishi va energetika sohasidagi muammolar haqidagi postlariga asoslangan.
Almazbek Atambayevning oʻzi esa bir necha yillardan buyon xorijda yashamoqda. U davolanish maqsadida mamlakatni tark etgandi.





