Qashqadaryoda chaqaloqni 12 mln soʻmga sotmoqchi boʻlgan er-xotinlar qamoqqa olindi
Sud chaqaloqni sotish tashabbusi erkakdan chiqqani va u oʻsha vaqtda voyaga yetmagan ayolni jinoyatga jalb qilganini qayd etgan. Ayolning suddagi koʻrsatmasiga koʻra, eri ish topa olmagani sabab oila moddiy jihatdan qiynalgan va u chaqaloqni sotishni taklif qilgan.

Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida chaqaloqni 12 mln soʻmga sotmoqchi boʻlgan ayol va uning eri jazoga tortildi.
Aniqlanishicha, 2008 yilda tugʻilgan ayol 2025 yilda sudlanuvchi erkak bilan tanishgan. Oʻsha paytda ayol boshqa bir yigitdan homilador boʻlganini aytgan. Shunga qaramay, erkak unga uylanishini bildirgan. Biroq erkakning onasi ayolning homiladorligini bilgach, uni kelin qilishga qarshi chiqqan. Shundan soʻng ular Qarshi shahrida ijarada yashay boshlagan va sharʼiy nikohdan oʻtgan. Homila kattalashgach, erkak uni oldirishni taklif qilgan, biroq ayol bunga rozi boʻlmagan.
Ayol 2025 yil 13 noyabr kuni Toshkent shahrida qiz farzandli boʻlgan. Chaqaloqqa tugʻilganlik guvohnomasi olinib, unda erkak ota sifatida qayd etilgan. Oradan ikki oy oʻtib, ayol chaqalogʻi bilan Nishon tumaniga qaytgan, biroq erkakning onasi bolani qabul qilishni istamagan.
Ayolning suddagi koʻrsatmasiga koʻra, eri ish topa olmagani sabab oila moddiy jihatdan qiynalgan va u chaqaloqni sotishni taklif qilgan.
Erkak Sh.N. bilan tanishib, unga sotiladigan chaqalogʻi borligini va uni ming dollarga berishini aytgan. Sh.N. bu haqda Nishon tumani IIBga murojaat qilib, keyinchalik tezkor tadbirda shartli xaridor sifatida qatnashgan. 19 mart kuni chaqaloqni 12 mln soʻmga sotayotgan vaqtda ayol va erkak IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Sud chaqaloqni sotish tashabbusi erkakdan chiqqani va u oʻsha vaqtda voyaga yetmagan ayolni jinoyatga jalb qilganini qayd etgan.
Nishon tumani sudi hukmi bilan erkak F.K. Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topilib, jinoyatlar majmui boʻyicha 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Ayol O.P. esa odam savdosida aybli deb topilib, 3 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.





