Metroda topib olingan 10 ming dollar egasiga qaytarildi
Qozogʻiston fuqarosi avtomobil xarid qilish maqsadida Qoʻyliq bozori metro bekatidan Sergeliga ketayotganda sumkasidan 10 ming AQSh dollari boʻlgan paket tushib qolgan.

Toshkent metropolitenida xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari 10 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni topib olib, egasiga qaytardi, deyiladi IIV eʼlon qilingan videoda.
Maʼlum boʻlishicha, Qozogʻiston fuqarosi avtomobil xarid qilish maqsadida Qoʻyliq bozori metro bekatidan Sergeliga ketayotganda sumkasidan 10 ming AQSh dollari boʻlgan paket tushib qolgan.
Fuqaro pul yoʻqolganini avtomobil bozoriga yetib borgach bilgan. Shu vaqtda metro hududida xizmat vazifasini bajarayotgan Metropolitenda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi xodimi pul mablagʻlarini topib olgan.
Oʻtkazilgan zarur tekshiruv va aniqlash ishlari, jumladan, Face ID orqali olib borilgan qidiruv natijasida pulning qonuniy egasi aniqlangan. 10 ming AQSh dollari belgilangan tartibda toʻliq egasiga qaytarilgan.
Fuqaro ichki ishlar organlari va metro xodimlariga minnatdorlik bildirdi.





