Janubiy Koreya Ukrainadagi elchisini chaqirib olishini maʼlum qildi
Bunga Ukraina prezidenti BMT minbarida urushda asirlikka tushgan Shimoliy Koreyaning ikki harbiysini Janubiy Koreyaga joʻnatgani haqidagi maxfiy maʼlumotni oshkor qilgani sabab boʻlgan.

Janubiy Koreya Ukrainadagi elchisini chaqirib olishga qaror qildi. Bu haqda mamlakati Tashqi ishlar vazirligining rasmiy bayonotida maʼlum qilindi.
"Hukumat oʻz elchisini Ukrainadan vatanga chaqirib olishga qaror qildi", — deyiladi bayonotda.
Koreya OAVlari qayd etishicha, elchining Seulga chaqirib olinishi diplomatik norozilikni anglatadi. Bu qaror ikki davlat oʻrtasida Ukraina tomonidan Shimoliy Koreyaning ikki nafar harbiy asirini Janubiy Koreyaga topshirilishi bilan bogʻliq holatlar atrofida "oshkor etilmagan kelishuv" mavjudligi masalasida davom etayotgan keskinlik fonida qabul qilingan.
"Hukumat ikki davlat oʻrtasidagi barcha hal etilmagan masalalar tinch yoʻl bilan tartibga solinishini kutmoqda va bu yoʻnalishda Ukraina tomoni bilan maslahatlashuvlarni davom ettiradi", — deya taʼkidlangan Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Eslatib oʻtamiz, mojaro Vladimir Zelenskiy 23 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida kutilmaganda Kiyev yaqinda Ukraina Qurolli Kuchlari tomonidan asirga olingan Shimoliy Koreyaning ikki nafar harbiy xizmatchisini Janubiy Koreyaga topshirganini maʼlum qilganidan soʻng boshlangan.
Shundan keyin Koreya Respublikasi prezidenti Li Chje Myon Ukraina tomoni maxfiylik toʻgʻrisidagi kelishuvni buzganini maʼlum qilib, yuz bergan voqeani "nihoyatda achinarli" deb atadi.





