1 noyabrdan Oʻzbekiston fuqarolarining Misrga kirishi boʻyicha yangi tartib joriy etiladi
Endilikda kurort shahri boʻlmish Sharm-al-Shayx va Sinay yarimorolining boshqa hududlariga vizani oldindan rasmiylashtirmasdan safar qilib boʻlmaydi. 40 yoshgacha boʻlgan sayyohlar esa Misrga faqat yaqin oila aʼzolari (ota-ona, er-xotin yoki farzandlari) hamrohligida safar qilishi mumkin. Bunda oila tasarrufida safar davomida kamida 5000 dollar miqdorida naqd mablagʻ mavjud boʻlishi talab etiladi.

1 noyabrdan Oʻzbekiston fuqarolarining Misrga kirishi boʻyicha yangilangan tartib joriy etiladi.
Bu haqda Oʻzbekistonning Qohiradagi elchixonasi xabar berdi. Xususan, endilikda kurort shahri boʻlmish Sharm-al-Shayx va Sinay yarimorolining boshqa hududlariga vizani oldindan rasmiylashtirmasdan safar qilib boʻlmaydi.
Vizani Misrning diplomatik vakolatxonalari orqali olish mumkin. Shu bilan birga, turistik safarlar vakolatli turoperatorlar orqali tashkil etilishi lozim.
40 yoshgacha boʻlgan sayyohlar esa Misrga faqat yaqin oila aʼzolari (ota-ona, er-xotin yoki farzandlari) hamrohligida safar qilishi mumkin. Bunda oila tasarrufida safar davomida kamida 5000 dollar miqdorida naqd mablagʻ mavjud boʻlishi talab etiladi.
40 yoshdan yuqori boʻlgan mustaqil sayohat qiluvchilar kamida 3000 dollar miqdorida naqd moliyaviy mablagʻga ega boʻlishlari lozim.
Misrga kirish chogʻida quyidagi hujjat va maʼlumotlar taqdim etilishi shart:
mehmonxona bron qilinganini tasdiqlovchi hujjat;
mobil aloqa maʼlumotlari;
yetarli moliyaviy taʼminot tasdigʻi.
Misr hududida boʻlish davomida turistik vizani boshqa turdagi vizaga almashtirish boʻyicha murojaatlar qabul qilinmaydi.
Zarur hujjatlarni toʻliq taqdim etmagan shaxslar mamlakatga kiritilmasligi va ularni olib kelgan aviakompaniya orqali qaytarilishi mumkin.
Oʻzbekistonning Qohira shahridagi elchixonasi fuqarolardan Misrga safarlarni rejalashtirishda ushbu maʼlumotlarni inobatga olishlarini soʻradi.





