Toshkentda yuzlab talabalar yotoqxonadan chiqarib yuborildi: rasmiy izoh
Tadbirkor tomonidan mazkur obʼektda ayrim talabalar tegishli yoʻllanmasiz joylashtirilgani aniqlandi. Obʼektda issiq suv va isitish tizimlari hali toʻliq ishga tushirilmagan.

Toshkent davlat texnika universitetida viloyatdan kelib tahsil olayotgan 300 nafar talaba yotoqxona uchun pul toʻlaganiga qaramay, bir kun ichida binodan chiqarib yuborildi.
Oliy taʼlim,fan va innovatsiyalar vazirligiga koʻra, davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan yotoqxonaning kadastr hujjati va foydalanish uchun zarur ruxsatlari mavjud emas.
Mazkur obʼektning kadastr hujjatlari hali rasmiylashtirilmagan hamda undan foydalanish uchun zarur tegishli ruxsatlar olinmagan. Shu sababli obʼektga talabalarni rasmiy tartibda joylashtirish imkoni mavjud emas.
Amaldagi tartibga koʻra, talabalar turar joyiga joylashish uchun talaba Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali ariza topshiradi hamda belgilangan tartibda yoʻllanma olganidan soʻng turar joyga joylashtiriladi.
Biroq tadbirkor tomonidan mazkur obʼektda ayrim talabalar belgilangan tartibga rioya etilmagan holda, tegishli yoʻllanmasiz joylashtirilgani aniqlandi. Shuningdek, Toshkent davlat texnika universitetiga tegishli boʻlmagan boshqa oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining ham ushbu obʼektga joylashtirilgan holatlari kuzatilgan.
Mazkur holat aniqlangach, talabalarning xavfsizligi va ular uchun zarur sharoitlarni taʼminlash maqsadida barcha talabalar obʼektdan chiqarilib, Toshkent davlat texnika universitetining mavjud boʻsh talabalar turar joylariga vaqtincha joylashtirildi. Boshqa oliy taʼlim tashkilotlari talabalari esa tegishli masʼullar orqali oʻz taʼlim tashkilotlariga qaytarildi.
Xorijiy talabalarni ham tegishli ruxsat hujjatlarisiz, foydalanishga rasman topshirilmagan obʼektda joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Shu bois ular ham xavfsizlik choralari doirasida mazkur obʼektdan chiqarildi.
Ayni paytda talabalar turar joyining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlarni olish boʻyicha ishlar davom etmoqda. Shuningdek, obʼektda issiq suv va isitish tizimlari hali toʻliq ishga tushirilmagan.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, mazkur obʼektning rasmiy ochilish marosimi ham hali oʻtkazilmagan. Qurilish ishlari belgilangan muddatda toʻliq yakunlanmagani sababli avgust oyida hududlarda oʻtkazilgan ochilish tadbirlari doirasida ushbu obʼektdan foydalanish boshlanmagan, deyiladi xabarda.
Barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli ruxsatlar olingach, obʼekt belgilangan tartibda foydalanishga topshiriladi va talabalarni joylashtirish amaldagi tartib asosida amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, mazkur obʼektga avval joylashtirilgan talabalardan undirilgan toʻlovlar tadbirkor tomonidan toʻliq, yaʼni 100 foiz miqdorida qaytarib berildi.
Taʼkidlash joizki, talabalarning mazkur obʼektga belgilangan tartibga rioya etmagan holda tadbirkor tomonidan joylashtirilgani haqida universitet ham, vazirlik ham oldindan xabardor boʻlmagan. Holat aniqlanganidan soʻng talabalarning xavfsizligi va qonuniy manfaatlarini taʼminlash maqsadida tegishli choralar koʻrildi.





