Toshkentda voyaga yetmagan qizga uylanib, unga zoʻravonlik qilgan shaxs aniqlandi
Hozirda mazkur holat yuzasidan Olmazor tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Qizga himoya orderi taqdim etildi.

Toshkentning Olmazor tumanida voyaga yetmagan qizga nisbatan zoʻravonlik holati aniqlandi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi xabar qildi.
Aniqlanishicha, N.M. 2025 yil 28 avgust kuni Ch.B. bilan sharʼiy nikohdan oʻtib, shu kundan buyon u bilan birga yashab kelgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Ch.B. voyaga yetmagan N.M.ga nisbatan zoʻrlik ishlatib jinsiy ehtiyojlarini qondirgan va qizga tan jarohati yetkazgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Olmazor tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. 5 oktabr kuni Olmazor tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi hamda tuman IIB xodimlari ishtirokida voyaga yetmagan N.M. va uning ammasi N.N. bilan suhbat oʻtkazildi.
Hozirda qizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xavfsizligini taʼminlash hamda ruhiy holatini barqarorlashtirish boʻyicha zarur choralar koʻrilmoqda. Kelgusida tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish maqsadida unga himoya orderi rasmiylashtirildi.





