Respublika onkologiya markazida bepul xizmat tugatildimi? Markaz izoh berdi
Aytilishicha, bu xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bepul xizmat tugatilgani yoʻq, balki faqat bemorni yoʻnaltirish tartibi oʻzgargan.

Tarmoqlarda Respublika onkologiya markazida Toshkent shahri bemorlari uchun bepul xizmat tugatilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Respublika onkologiya markazi mazkur holatga izoh berdi.
Aytilishicha, bu xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bepul xizmat tugatilgani yoʻq, balki faqat bemorni yoʻnaltirish tartibi oʻzgardi.
Yaʼni avval poytaxtda yashovchi bemorlar ushbu markazning shahar filialiga qogʻoz shaklidagi yoʻllanma bilan kelar edi. Endi esa ular Oʻzbekistonning boshqa barcha hududlaridagi kabi DMED tizimi orqali elektron yoʻllanma asosida muassasaga yoʻnaltirilmoqda.
Bunda bemor marshruti quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
-bemor, avvalo, oilaviy poliklinikaga murojaat qiladi. U yerda qon tahlili, rentgen, UTT (bepul) tekshiruvlaridan oʻtadi.
-tuman (shahar) onkologi koʻrigidan oʻtib, aniqlashtiruvchi tekshiruvlar amalga oshiriladi.
-DMED tizimi orqali elektron yoʻllanma shakllantiriladi.
Onkologiya markazida yoʻllanma tasdiqlanadi. Shundan soʻng bepul koʻrik, kontrastli MSKT/MRT, PET-KT, gistologiya, IGX hamda bepul davolash (kimyoterapiya, nur terapiyasi, jarrohlik amaliyotlari) oʻtkaziladi.
Nima sababdan tartib oʻzgartirildi?
Gap shundaki, avvalgi tartib boʻyicha aksariyat bemorlar DMED orqali faqat 027-shakl bilan, oilaviy va koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda zarur tekshiruvlardan oʻtmasdan markazga yuborilgan.
Natijada markaz poliklinikasi ortiqcha yuklama bilan ishlab, hududda bajarilishi lozim boʻlgan tekshiruvlarni ham Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan muassasada oʻtkazishga toʻgʻri kelgan.
Bu holat yuqori texnologik yordamga moʻljallangan mablagʻ birlamchi tekshiruvlarga sarflanishiga sabab boʻlgan. Toshkent shahridan murojaat qilayotgan bemorlarni hududiy yoki respublika darajasida davolash kerakligini aniqlash qiyinlashgan.
Elektron yoʻllanmaga oʻtish bu muammolarni bartaraf etmoqda. Yaʼni bemor tekshiruvlarni takrorlamaydi, mablagʻ haqiqatan yuqori texnologik yordamga yoʻnaltiriladi. Har bir bemorning marshruti esa elektron tizimda shaffof koʻrinadi.
Muhimi, yoʻllanma bilan qabul qilingan bemordan diagnostika, davolash, dori va sarf materiallari uchun pul talab qilish, shuningdek ularni bemorlar hisobidan sotib olish taqiqlangan.
Xizmat faqat yoʻllanmasiz rejali murojaatda pullik asosda koʻrsatiladi. Shoshilinch yordam esa doim yoʻllanmasiz va bepul asosda amalga oshiriladi.
Hurmatli fuqarolar, yoʻllanma bilan kelganingizda, bemordan pul yoki dori sotib olish holatlari kuzatilsa, markazning 1303 qisqa raqamli «Ishonch telefoni»ga qoʻngʻiroq qiling. Har bir murojaat oʻz vaqtida koʻrib chiqiladi, deyiladi xabarda.





