Oʻzbekiston aholisining qariyb yarmida jamgʻarma yoʻqligi maʼlum qilindi
Shuningdek, jamgʻarmasi bor fuqarolarning mablagʻlari qancha muddatga yetishi ham oʻrganilgan. Bir oygacha, 1–3 oy, 3–6 oy va 6 oydan ortiq muddatga yetadigan jamgʻarmalar ulushida sezilarli oʻzgarish qayd etilmagan.

Oʻzbekiston aholisining 46,4 foizi kelgusi davr uchun jamgʻarmasi mavjud emasligini bildirgan. Bu haqda Markaziy bankning 2026 yil II chorak boʻyicha "Isteʼmol kayfiyati sharhi"da maʼlum qilindi.
Markaziy bank tomonidan iyul oyida soʻrovnoma oʻtkazilgan. Unda qariyb 4,1 ming nafar fuqaro ishtirok etgan. Tadqiqot natijalariga koʻra, aholining pul jamgʻarishga boʻlgan moyilligi yuqori darajada saqlanib qolgan. II chorakda jamgʻarish subindeksi 69,2 bandni tashkil etgan.
Soʻrovda qatnashganlarning 64,3 foizi kelgusida jamgʻarmalari oshishini kutmoqda. 23,3 foiz ishtirokchi jamgʻarmalari oʻzgarmasligini, 12,4 foiz esa kamayishini taxmin qilgan.
Shuningdek, jamgʻarmasi bor fuqarolarning mablagʻlari qancha muddatga yetishi ham oʻrganilgan. Bir oygacha, 1–3 oy, 3–6 oy va 6 oydan ortiq muddatga yetadigan jamgʻarmalar ulushida sezilarli oʻzgarish qayd etilmagan.
Ayni paytda, 2026 yilning birinchi yarmida aholining banklardagi jami depozitlari qoldigʻi yillik hisobda 38 foizga oshgan. Milliy valyutadagi muddatli omonatlar qoldigʻi esa 25,6 foizga koʻpaygan.





