Nurmat Otabekov oʻlat boʻyicha xavotirli xabarlarga munosabat bildirdi
Oʻzbekistonda oʻlat va boshqa oʻta xavfli yuqumli kasalliklarning chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan zarur chora-tadbirlar tizimi yaratilgan.

Nurmat Otabekov Oʻzbekistonda oʻlat bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat barqarorligini bildirdi.
Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasining Irkutsk shahrida oʻlat kasalligi boʻyicha gumon qilinish holati qayd etilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Xoʻsh, bu maʼlumotlar qanchalik asosli? Yurtimizga shu kabi xavfli yuqumli kasalliklar kirib kelishining oldini olish borasida qanday profilaktik choralar koʻrilgan?
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Otabekov bu javob berdi.
— Avvalo shuni aytish kerakki, mamlakatimizda oʻlat kasalligi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat barqaror va xavotirlanishga hech qanday asos yoʻq.
Rossiya Federatsiyasining «Rospotrebnadzor» tashkiloti rasmiy maʼlumotlariga koʻra, Irkutsk shahrida kuzatilgan holatning oʻlat kasalligi, xususan, uning oʻpka shakli bilan bogʻliq ekani hozircha tasdiqlanmagan. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tegishli tekshiruvlar olib borilmoqda.
Oʻlat — bakteriyalar tomonidan chaqiriladigan oʻta xavfli yuqumli kasallik. Uning tabiiy oʻchoqlari dunyoning ayrim hududlarida mavjud. Xastalik asosan mayda sut emizuvchi hayvonlar orasida uchrab, insonga koʻp hollarda kasallangan hayvonlar va ulardagi burgalar chaqishi orqali yuqishi mumkin.
Yurtimizda shu va boshqa oʻta xavfli yuqumli kasalliklarning chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan zarur chora-tadbirlar tizimi yaratilgan.
Xususan, ayni paytda davlat chegaralarini kesib oʻtish joylari (xalqaro aeroportlar, temir yoʻl stansiyalari, avtomobil yoʻllari)da 53 ta sanitariya nazorat punkti faoliyat yuritmoqda. Ular orqali xorijdan yurtimizga kirib kelayotgan shaxslar doimiy tibbiy kuzatuvdan oʻtkaziladi.
Qolaversa, hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmatlarining oʻta xavfli yuqumli kasalliklarni aniqlashga ixtisoslashgan laboratoriyalari zarur diagnostik vositalar, ozuqa muhitlar, reagentlar va reaktivlar bilan toʻliq taʼminlangan.
Avvalroq AQSh Irkutskdagi holat sabab fuqarolarini ogohlantirdi va Rossiyani tark etishga chaqirgandi.



