“Dok-1 Maks” ishida jabr koʻrganlarga 16,7 mlrd soʻm undirib berildi
Hozirgi kunda qarzdor S.Kariyev va boshqalardan jami 61,3 mlrd. soʻm zarar undirish bilan bogʻliq ijro ishlari boʻyicha majburiy ijro harakatlari davom ettirilmoqda.

“Dok-1 Maks” ishida jabr koʻrganlarga 16,7 mlrd soʻm undirib berildi. Bu haqda MIB xabar berdi.
Joriy yilning 4 oktabr kuni “Dok-1 Maks” dori vositasidan jabrlanganlarga nisbatan kompensatsiya mablagʻlari toʻlab berilmayotganligi haqidagi xabarlar yoritildi.
Maʼlum boʻlishicha, sudlarning ijro hujjatlariga asosan qarzdor S.Kariyev va boshqalardan 85 nafar fuqaro foydasiga jami 78 mlrd. soʻm zarar undirish toʻgʻrisidagi ijro ishlari mavjud.
Ijro harakatlari davomida, qarzdor S.Kariyevga tegishli - Chilonzor tumani, 1-qatortol MFY, Qatortol 3-tor koʻchasidagi turar joy binolari va “Beshyogʻoch” MFY, Furqat koʻchasidagi noturar joy binosi xatlanib, onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan.
Shundan, “Beshyogʻoch” MFY, Furqat koʻchasidagi noturar joy binosi auksion savdolarida sotilib, 793 mln. soʻm pul mablagʻlari kelib tushgan, narxi 7,1 mlrd. soʻmga baholangan Chilonzor tumani, 1-qatortol MFY, Qatortol 3-tor koʻchasidagi turar joy binolari boʻyicha bugungi kunda auksion savdolari davom etmoqda.
Auksion savdolari orqali kelib tushgan va qarzdor S.Kariyevning oila aʼzolari tomonidan toʻlangan pullar hisobidan undiruvchilarga jami 16,7 mlrd. soʻm mablagʻ “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunning 80-moddasiga asosan teng taqsimlab berilgan.
Hozirgi kunda qarzdor S.Kariyev va boshqalardan jami 61,3 mlrd. soʻm zarar undirish bilan bogʻliq ijro ishlari boʻyicha majburiy ijro harakatlari davom ettirilmoqda.





