platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Maqola

Chorak asr taxtda, "tengsiz siyosatchi" va imperiya orzusi: Putin 74 yoshga toʻldi

Ukrainadagi mojaro Putin davrining keyingi bosqichidagi eng muhim tarixiy burilish nuqtasi boʻlishi mumkin. U Rossiya va Gʻarb munosabatlarini keskin yomonlashtirdi, misli koʻrilmagan sanksiyalarga, Rossiyaning izolyatsiyada qolishiga, NATO kengayishiga va Yevropa siyosatining sezilarli darajada harbiylashuviga olib keldi. 

Chorak asr taxtda, "tengsiz siyosatchi" va imperiya orzusi: Putin 74 yoshga toʻldi

Oktabr oyining 7 sanasida Vladimir Putin 74 yoshga toʻldi. Rossiya prezidentining tavallud kuni faqat tabriklar uchun emas, balki uning siyosiy faoliyatini baholash uchun yaxshi bahona. Putin 1999 yil oxiridan buyon Rossiya hokimiyati tepasida (2008–2012 yillarda bosh vazir) qolmoqda. Bu davr mobaynida Rossiya ham, Yevropa ham, xalqaro xavfsizlik arxitekturasi ham, Moskvaning dunyodagi oʻrni haqidagi tasavvurlar ham tubdan oʻzgardi.

Putinning yoʻli ommaviy siyosatdan ancha uzoq maydonda boshlangan. U 1952 yil 7 oktabrda Leningradda tugʻildi, 1975 yili Leningrad davlat universitetining yuridik fakultetini tamomladi va keyin SSSR davlat xavfsizligi organlarida (KGB) xizmat qildi. Xizmatining muhim qismi Germaniya Demokratik Respublikasining Drezden shahrida oʻtdi. Sovet Ittifoqi parchalangach, Putin Sankt-Peterburg meri Anatoliy Sobchak jamoasiga qoʻshildi, 1996 yili esa Moskvaga koʻchib oʻtdi.

Shundan keyin mansab pillapoyalaridan koʻtarilish juda tezlashib ketdi. Putin avval prezident maʼmuriyatida masʼul lavozimda ishladi, keyin Federal Xavfsizlik Xizmati (FSB) rahbari boʻldi. Keyinchalik Rossiya Xavfsizlik kengashi, bosh vazir va, nihoyat, Boris Yelsin 1999 yil 31 dekabrda isteʼfoga chiqqanidan soʻng prezident vazifasini bajarishga kirishdi. 2000 yil mart oyida Putin ilk bor prezidentlik saylovida gʻalaba qozonib, prezidentlik kursisiga mixlandi va hamon shu yerda qolyapti.

Vladimir Putinning dastlabki siyosiy kapitali 1990-yillardagi beqarorlikdan keyin tartib va barqarorlikni tiklash vaʼdasiga asoslandi. XXI asrning birinchi oʻn yilligi Rossiyaga sezilarli iqtisodiy oʻsish olib keldi. Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, 2000–2008 yillar oraligʻida Rossiyaning doimiy narxlarda hisoblangan yalpi ichki mahsuloti taxminan uchdan ikki qismga oʻsdi. Bunga 1990-yillar inqirozidan keyingi tiklanish, ichki islohotlar, isteʼmol va investitsiyalarning oʻsishi hamda neft va gaz eksport qiluvchi mamlakat uchun oʻta qulay tashqi konʼyunktura bir vaqtning oʻzida taʼsir koʻrsatdi. Masalan, Jahon banki 2007 yildagi yuqori oʻsishni yuqori neft narxlari, kuchli ichki talab va makroiqtisodiy barqarorlik bilan bogʻlagan.

Qisqa qilib aytganda, garchi innovatsiya va ishlab chiqarish rivojlanmagan boʻlsada, neft va gaz hamda boshqa “xudo bergan” tekin tabiiy boyliklarni katta narxlarda sotish Rossiyani, tabiiyki uning tepasidagi Putin va uning doʻstlarini ham misli koʻrilmagan darajada boyitib yubordi. Hermitage Capital investitsion fondining rahbari Bill Brauder AQShning CNN telekanaliga bergan intervyusida “Rossiya prezidenti Putin 200 mlrd dollarlik boylikka ega” deya bayonot berdi. Forbes jurnalining 2015 yil fevraldagi sonida eʼlon qilingan maqolada ham shu fikrlar keltirilgan.

Iqtisodiy barqarorlikdan siyosiy markazlashuvga

Rossiyada iqtisodiy barqarorlashuv siyosiy markazlashuv bilan birga kechdi. Putin davrida Moskva hududlar ustidan nazoratni sezilarli kuchaytirdi, gubernatorlarning siyosiy roli oʻzgardi (ular saylanmaydigan, balki tayinlanadigan boʻldi), yirik oligarxlarning mustaqil siyosiy taʼsiri kamaydi va federal hokimiyat yanada qatʼiy vertikal tizimga aylandi. Putin tarafdorlari buni 1990-yillarda zaif va parchalangan koʻringan davlat boshqaruvchanligining tiklanishi, Rossiyaning “oyoqqa turishi” deb baholaydilar. Tanqidchilar esa bu jarayonning boshqa tomoniga — siyosiy raqobatning qisqarishi, mustaqil ommaviy axborot vositalari va fuqarolik tashkilotlari uchun faoliyat maydoni torayishi hamda institutlarning prezident vertikaliga tobora kuchli bogʻlanganiga qaratishadi. YeXHT kuzatuvchilari ham 2018 yilgi saylovlarda ovoz berishning texnik jihatdan yaxshi tashkil etilganini qayd etgan boʻlsada, biroq asosiy erkinliklarga cheklovlar va haqiqiy raqobat yetishmasligini ham taʼkidlagan edi.

“Buyuk imperiya”ni tiklash orzusi

Vaqt oʻtishi bilan ichki siyosiy tarix tashqi siyosat bilan tobora yaqin bogʻlandi. Putin davrida 2008 yilgi Rossiya–Gruziya urushi, 2014 yilda Qrimning bosib olinishi, Rossiyaning 2015 yildan Suriya mojarosida diktator va shia prezident Bashar Asadga koʻmaklashuvi va nihoyat, Yevropa soʻnggi oʻn yilliklaridagi eng yirik harbiy inqiroz yuz berdi. 2022 yil 24 fevralda Rossiya Ukrainaga keng koʻlamli bostirib kirishni boshladi. BMT Bosh Assambleyasi Rossiya harakatlarini tajovuz sifatida qoralab, qoʻshinlarni olib chiqishni talab qilgan rezolyutsiyani qabul qildi. Uni 141 davlat qoʻllab-quvvatladi.

Ukrainadagi mojaro esa Putin davrining keyingi bosqichidagi eng muhim tarixiy burilish nuqtasi boʻlishi mumkin. U Rossiya va Gʻarb munosabatlarini keskin yomonlashtirdi, misli koʻrilmagan sanksiyalarga, Rossiyaning izolyatsiyada qolishiga, NATO kengayishiga va Yevropa siyosatining sezilarli darajada harbiylashuviga olib keldi. Bir vaqtning oʻzida Moskva Xitoy, Osiyo va «Global Janub» mamlakatlariga yanada faol yoʻnaldi. 2023 yil mart oyida Xalqaro jinoyat sudi Putinni Ukrainadagi bosib olingan hududlardan bolalarni noqonuniy deportatsiya va koʻchirish uchun javobgar boʻlishi mumkin, deb hisoblab, uni hibsga olish uchun order berdi. Bu masala uning siyosiy merosidagi eng jiddiy xalqaro-huquqiy muammolardan biri boʻlib qolmoqda.

Rossiyaliklar nazdidagi “tengi yoʻq” siyosatchi

Shunga qaramay, Rossiya ichida Putinning qoʻllab-quvvatlanish darajasi yuqori boʻlib qolmoqda, garchi aniq koʻrsatkichlar tadqiqot uslubiga qarab farq qilsa ham. «Levada-Sentr»ning 2026 yil sentabr oyidagi soʻrovida respondentlarning 76 foizi prezident faoliyatini maʼqullagan, 19 foizi maʼqullamagan. Soʻrov Rossiyaning 50 subʼektida 1616 nafar voyaga yetgan fuqaro ishtirokida oʻtkazilgan. VSIOM ijtimoiy fikrni oʻrganish markazi oktabr boshida biroz boshqacha, ammo baribir yuqori natijalarni eʼlon qildi: soʻralganlarning 71,6 foizi Putinga ishonishini, 68 foizi esa uning prezident sifatidagi faoliyatini maʼqullashini bildirgan. Bu raqamlarni toʻgʻridan-toʻgʻri solishtirish toʻgʻri emas: savollar shakli va tadqiqot metodikalari farq qiladi. Biroq umumiy xulosa bir xil — prezident hali ham katta ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash zaxirasiga ega.

Albatta bunga kuchli davlat propagandasi va oʻzgacha fikrlovchilar hamda muxolifatga qarshi muttasil bosim ham sabab boʻlayotgani aytiladi. Boris Nemsov, Aleksey Navalniy va boshqa demokrat muxoliflarning oʻlimida, koʻplab siyosatchilar va jamoat faollarining qamoqlarga tashlanishi va xorijga qochib ketishga majbur boʻlishi, “inoagent” yorliqlari yopishitirilib, faoliyati cheklanishida ham ana shu bosim taʼsiri bilan ifodalashadi.

Nima boʻlganda ham, 2020 yilgi konstitutsiyaviy oʻzgarishlar Putinning siyosiy umriga yana umr qoʻshdi. Amaldagi Konstitutsiyaning 81-moddasi prezidentlikni ikki muddat bilan cheklaydi, biroq maxsus qoida tuzatishlar kuchga kirgan vaqtda prezident lavozimida boʻlgan shaxsning avvalgi muddatlarini hisobga olmaslik imkonini berdi. Shu sabab Putin 2024 yildagi gʻalabadan soʻng 2030 yilda yana nomzodini qoʻyishi va, gʻalaba qilsa, 2036 yilgacha prezident boʻlib qolishi mumkin. 2026 yil iyun oyida Reuters savoliga javob berar ekan, u bu imkoniyatdan foydalanish-foydalanmasligini aniq aytmadi va bu haqda gapirishga hali erta ekanini bildirdi.

Putining siyosiy- psixologik portreti

Bu masalada ehtiyotkorlik zarur: ommaviy xatti-harakatlar asosida psixologik yoki tibbiy tashxis qoʻyib boʻlmaydi. Lekin uning barqaror siyosiy uslubini tahlil qilish mumkin. Oʻnlab yillar davomida Putin axborot va qaror qabul qilish jarayoni ustidan nazoratga intilish, his-tuygʻularini omma oldida cheklangan tarzda ifoda etish, intizom va vertikal sadoqatga katta ahamiyat berishini namoyon qildi. Uning siyosiy tilida suverenitet, xavfsizlik, tarixiy xotira va kuchlar muvozanati tushunchalari doimiy oʻrin tutadi. Muzokaralarda esa uzoq muddatli oʻyin uslubi koʻrinadi: u sharoit oʻzgarishini kuta oladi va vaqtning oʻzini siyosiy resurs sifatida qoʻllaydi.

Biroq tanqidchilarning aytishicha, Putin yaxshi yetakchi emas – yaxshi ijrochi, yaxshi strateg emas – yaxshi taktik siyosatchi. Taktik darajada Putin koʻpincha bosqichma-bosqich harakat qilib, manyovr uchun imkoniyat qoldiradi. Ammo Kreml muayyan masalani davlat xavfsizligi yoki Rossiyaning tarixiy maqomi bilan bogʻliq deb hisoblasa, qarorlar juda katta koʻlam kasb etishi va oʻnlab yillarga taʼsir qilishi mumkin. Tartib-taomilda ehtiyotkorlik, strategik masalalarda esa keskin tavakkalchilik — Putin tizimining nega hamon barqarorligi va uning tashqi siyosatdagi dramatik toʻqnashuvlarini tushunishga yordam beradi.

Umr kitobining soʻnggi sahifalari

Xullas, Putin 74 yoshlik marraga siyosiy faoliyatini yakunlayotgan arbob sifatida emas, balki uzoqqa choʻzilgan xalqaro qarama-qarshilik sharoitidagi davlat rahbari sifatida kirib kelmoqda. 1 oktabrda, yaʼni tugʻilgan kunidan bir necha kun oldin, u jahon tizimi oʻta xavfli bosqichda ekani va yanada kuchli eskalatsiya xavfi mavjudligini taʼkidladi. Rossiya yadroviy qudratga ega davlat, BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzosi va yirik xomashyo eksportchisi boʻlib qolmoqda, ammo shu bilan birga uzoq davom etayotgan mojaroning iqtisodiy va diplomatik xarajatlarini ham koʻtarmoqda.

Shuning uchun Putin haqida yakuniy tarixiy hukm chiqarishga hali erta. Rossiya jamiyatining bir qismi uchun uning nomi 1990-yillar inqirozidan keyin davlatni tiklash, barqarorlik, milliy oʻzlik hissining kuchayishi va Rossiyani mustaqil kuch markazi sifatida qaytarish bilan bogʻlab tilga olinadi. Tanqidchilar uchun esa u hokimiyatning bir markazda jamlanishi, siyosiy raqobatning zaiflashishi, xalqaro qarama-qarshilik va 5 yildan beri davom etayotgan mantiqsiz va holdan toydiruvchi urush bilan bogʻliq.

Ammo har ikki qarash ham bir nuqtada tutashadi: Vladimir Putinning taʼsiri allaqachon uning shaxsiy biografiyasi doirasidan chiqib ketgan. Ehtimol uning 74 yillik hayoti haqidagi eng muhim xulosa mana bunday boʻladi: Putin endi faqat bugungi siyosiy emas, tarixiy shaxsga ham aylanishga ulgurdi. Lekin Putin tarixi kitobining soʻnggi sahifasi hozircha yozilgani yoʻq.

Odatda tugʻilgan kunda sovgʻa berishadi. Putin esa tugʻilgan kunida ukrainaliklarga “sovgʻa berdi”: 7 oktabrga oʻtar kechasi Rossiya Ukraina hududiga keng koʻlamli raketa-dron hujumi amalga oshirdi. Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari maʼlumotiga koʻra, hujumda ballistik va kemalarga qarshi raketalar, 48 ta X-101, «Iskander-K» va «Kalibr» qanotli raketalari, shuningdek 130 ta Shahed, «Gerbera» va boshqa turdagi BPLA qoʻllangan. Asosiy zarbalar Kiyev, Xarkov, Poltava va Dnepropetrovsk viloyatlariga qaratilgan. Maʼlumotlarga koʻra, hujumlar oqibatida Ukraina boʻyicha kamida 19 nafar tinch aholi halok boʻlgan, qariyb 60 kishi yaralangan, ulardan 4 nafari yosh bolalar. Happy birthday to You, Mr. Putin!

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid