9 yildan beri qochib yurgan jinoyatchi Turkiyada qoʻlga olindi
U Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi (bosqinchilik) bilan ayblanib, 2017 yildan buyon qidiruvda boʻlgan.

Oʻzbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari oʻrtasidagi samarali hamkorlik natijasida Istanbul shahrida uzoq yillardan buyon xalqaro qidiruvda boʻlgan ikki nafar Oʻzbekiston fuqarosi aniqlandi va qoʻlga olindi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi (bosqinchilik) bilan ayblanib, 2017 yildan buyon qidiruvda boʻlgan F.F.N. Turkiyada ushlandi. Shu tariqa, uning qariyb 9 yil davomida tergov va javobgarlikdan yashirinib yurishiga chek qoʻyildi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik) bilan ayblanib, xalqaro qidiruvda boʻlgan A.M.A. ham qoʻlga olindi.
Mazkur shaxslar belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlariga topshirildi. Hozirda ularga nisbatan tegishli tergov va protsessual harakatlar davom ettirilmoqda.
Oʻzbekiston va Turkiya vakolatli idoralari oʻrtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, xalqaro qidiruvdagi shaxslarni aniqlash va ularning javobgarlikdan qochib yurishiga yoʻl qoʻymaslik borasidagi hamkorlik izchil davom etmoqda.
BAAdan 6 nafar oʻzbekistonlik ekstraditsiya qilingandi. Ular turli ogʻirlikdagi jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlangan va Interpol kanallari orqali xalqaro qidiruvga berilgan.





