74 mingdan ortiq qurbon, vayron boʻlgan shaharlar: uch yillik urush Gʻazoni qanday oʻzgartirdi?
Isroilning Gʻazoga qarshi uch yildan beri davom etayotgan urushi hududni tanib boʻlmas darajada oʻzgartirdi. Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 74 245 nafardan ortiq falastinlik halok boʻlgan, qariyb 200 ming bola esa umuman taʼlim olish imkoniyatidan mahrum. Urush iqtisodiyot, taʼlim, sogʻliqni saqlash, infratuzilma va asosiy xizmatlarni izdan chiqardi. Natijada falastinliklarning yashash, ishlash, taʼlim olish va tirik qolish sharoitlari tubdan oʻzgardi.

2023 yil 7 oktabr kuni Isroil HAMAS boshchiligidagi hujumdan soʻng Gʻazoga qarshi urush boshlanganidan uch yil oʻtib Falastin hududi tanib boʻlmas darajada oʻzgarib ketgan. Al Jazeera Gʻazodagi uch yillik urush oqibatlarini tahlil qilib, hudud iqtisodiyoti, taʼlim, sogʻliqni saqlash va infratuzilmasi keskin tanazzulga uchraganini qayd etadi.
Isroilning davomli havo va quruqlikdagi hujumlari natijasida Gʻazo sektorining katta qismi vayronaga aylangan. Uylar va mahallalar yoʻq qilindi, infratuzilma hamda muhim xizmatlarga jiddiy zarar yetkazilgan. Al Jazeera nashrining yozishicha, urush qariyb ikki million aholiga ega hududdagi odamlar hayotini izdan chiqargan. Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 74 245 nafardan ortiq falastinlik halok boʻlgan.
“2025 yil oktabrida “oʻt ochishni toʻxtatish” eʼlon qilingan boʻlsa-da, bu azob-uqubatlarga barham bermadi. Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, “oʻt ochishni toʻxtatish” kuchga kirganidan beri yana 1 462 nafar falastinlik halok boʻlgan. Shu bilan birga, Isroilning hujumlari va boshqa harbiy amaliyotlari Gʻazo sektori boʻylab davom etgan”, deyiladi nashr maqolasida.
BMT maʼlumotlariga koʻra, sentabr oyida Gʻazo aholisining 94 foizi zudlik bilan boshpana va asosiy maishiy yordamga muhtoj boʻlgan. Uylarini Isroil hujumlari yoki majburiy evakuatsiya buyruqlari sabab tark etishga majbur boʻlgan aholining 65 foizi chodirlar yoki tabiat taʼsiridan yetarli darajada himoya qilmaydigan vaqtinchalik boshpanalarda yashagan.
Suv taʼminoti ham kundalik muammolardan biriga aylangan. BMTga koʻra, avgust oyi boshida tekshirilgan uy xoʻjaliklarining 91 foizida suv xavfsizligi oʻrtacha yoki yuqori darajada muammoli boʻlgan. Iyun oyida bu koʻrsatkich 84 foizni tashkil etgan.
Elektr energiyasi taʼminoti ham ishonchsizligicha qolmoqda. Gʻazoda ishlaydigan elektr tarmogʻi mavjud emas. Shu sababli muhim xizmatlar va xonadonlar generatorlarga, tobora kamayib borayotgan yoqilgʻi, motor moyi va ehtiyot qismlarga qaram boʻlib qolgan.
Gʻazodagi iqtisod
BMTning Savdo va taraqqiyot boʻyicha konferensiyasi (UNCTAD) sentabr oyida Gʻazodagi iqtisodiy obʼektlarning 92 foizi 2023 yil oktabridan beri zarar koʻrgani yoki butunlay vayron qilinganini maʼlum qildi. Ishsizlik darajasi esa 78 foizga yetgan.
Iqtisodiyot tadqiqotchisi Ramiy al-Zaygʻ Al Jazeera telekanaliga urush “jamiyatni bir necha oʻn yilliklarga ortga surganini”, eski kasblarning qayta tiklangani va mavjud oddiy vositalar hamda resurslardan foydalanishga asoslangan yangi turdagi ishlar paydo boʻlganini aytgan.
Gʻazodagi koʻplab oilalar endilikda gumanitar tashkilotlardan olinadigan naqd yordamga tayanmoqda. Naqd pulning oʻzi ham tobora tanqis boʻlib, odamlar raqamli toʻlovlar va elektron hamyonlardan foydalanmoqda.
Taʼlim olish uchun kurash
Urush Gʻazodagi taʼlim tizimini keskin oʻzgartirdi. Qariyb uch yil davomida yuz minglab bolalar maktablarda anʼanaviy tarzda taʼlim olish imkonidan mahrum boʻldi. Bunga maktablarning vayron qilingani yoki zarar koʻrgani, qolgan maktablarning esa koʻplari boshpana sifatida ishlatilayotgani sabab boʻlgan.
UNICEF maʼlumotlariga koʻra, Gʻazodagi maktablarning qariyb 98 foizi zarar koʻrgan yoki vayron qilingan. 2026 yil aprel holatiga koʻra, 4 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan qariyb 700 ming bola deyarli ketma-ket uch yil davomida anʼanaviy maktab taʼlimidan mahrum boʻlgan.
Bolalar sinfxonalarga qaytish oʻrniga chodirlar va vaqtinchalik oʻquv maskanlarida taʼlim olmoqda. Qariyb 200 ming bola esa umuman taʼlim olish imkoniga ega emas.
Taʼlimdagi uzilish bolalar oʻrtasidagi bilim tafovutini ham kengaytirdi. Falastin Taʼlim vazirligi asosiy koʻnikmalarning jiddiy yoʻqotilishi va oʻquvchilarning bilim darajasidagi tafovut tobora kuchayib borayotganidan ogohlantirgan.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga koʻra, Gʻazodagi barcha 36 ta shifoxona zarar koʻrgan. Hozirda ulardan faqat 19 tasi faoliyat yuritmoqda. Ularning hech biri toʻliq quvvatda ishlamayapti.
Faoliyat yuritayotgan kam sonli tibbiyot muassasalari zarur dori-darmonlar, tibbiy jihozlar, diagnostika vositalari va yoqilgʻining jiddiy taqchilligi bilan kurashmoqda. Bu tanqislik saraton kasalligini davolash, dializ va surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish jarayonlarini izdan chiqargan.
2023 yil oktabridan beri qariyb 12 400 nafar bemor tibbiy evakuatsiya qilingan. Biroq JSST maʼlumotlariga koʻra, yana oʻn minglab bemorlarga Gʻazo hududida mavjud boʻlmagan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam kerak.
Sogʻliqni saqlash tizimining qulashi, turmush sharoitlarining yomonlashuvi bilan birga, aholi salomatligi uchun tobora xavfli vaziyatni yuzaga keltirmoqda.
JSST sentabr oyida haddan tashqari zich yashash, yetarli boshpana, suv va sanitariya sharoitlarining yoʻqligi yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfini oshirayotganidan ogohlantirdi.
Tashkilot sogʻliqni saqlash tizimi ortib borayotgan xavflarga qarshi kurashish imkoniyatiga ega emasligini taʼkidlab, gumanitar yordamni barqaror yetkazib berish, zarur dori-darmon va tibbiy jihozlar bilan taʼminlash, tibbiyot muassasalarini tiklash hamda tibbiy evakuatsiyalarni kengaytirishga chaqirdi.
Tobora torayib borayotgan Gʻazo
Urush Gʻazoning geografik qiyofasini ham oʻzgartirdi. Isroilning harbiy nazorati va kirish-chiqish cheklovlari hududni boʻlib yubordi. Natijada falastinliklar tobora kichrayib borayotgan hududga siqib chiqarilib, uylar, qishloq xoʻjaligi yerlari va muhim infratuzilma obʼektlaridan uzilib qolmoqda.
“Sariq chiziq” (Yellow Line) — Gʻazo ichidagi Isroil harbiy kuchlari joylashgan va kirish cheklangan hududlarni belgilovchi harbiy demarkatsiya chizigʻi. U 2025 yil oktabridagi “oʻt ochishni toʻxtatish” kelishuvi doirasida tashkil etilganidan beri Isroil uni aholi zich yashaydigan hududlar ichkarisiga tomon surib kelgan. Bu esa oilalarni yana oʻz uylarini tark etishga majbur qilgan.
Euro-Med Human Rights Monitor tashkiloti sentabr oyida Isroilning harbiy nazorati va kirish cheklovlari Gʻazo hududining qariyb 70 foizini qamrab olganini maʼlum qildi. Natijada ikki milliondan ortiq falastinlik hududning 30 foizidan kamroq qismiga siqib chiqarilgan.
Rafah bu oʻzgarishning eng yaqqol misollaridan biridir. Gʻazoning janubida, Misr chegarasi yaqinida joylashgan shahar urush davomida sektorning turli hududlaridan koʻchirilgan bir milliondan ortiq falastinlik uchun boshpanaga aylangan.
BMT maʼlumotlariga koʻra, 2024 yil may oyida Isroilning Rafahdagi harbiy operatsiyasi 800 mingdan ortiq odamni yana koʻchishga majbur qilgan.
2026 yil sentabr holatiga koʻra, Rafahning gʻarbiy qismidagi “Mavasi Rafah” hududidan tashqari deyarli butun shahar Isroil nazorati ostida. Shu sababli shahardan koʻchirilgan falastinliklar oʻz uylariga qayta olmayapti.
Euro-Med 29 sentabr kuni Isroil nazoratidagi hududlarning kengayishi majburiy koʻchirish jarayonini yanada mustahkamlayotgani, falastinliklarni oʻz uylari va yerlariga kirish imkonidan mahrum qilayotgani hamda ularning qaytib kelishiga hech qanday kafolat qoldirmayotganidan ogohlantirdi.
Uch yil davom etgan urush Gʻazoda faqat binolar va infratuzilmani emas, balki jamiyatning kundalik hayotini ham tubdan oʻzgartirdi. Taʼlimdan sogʻliqni saqlashgacha, iqtisodiyotdan uy-joygacha boʻlgan barcha sohalarda urush oqibatlari uzoq yillar davomida sezilishi mumkin. Hududning kelajagi esa nafaqat vayron boʻlgan infratuzilmani tiklash, balki millionlab odamlarning normal hayotga qaytishi masalasiga ham bogʻliq boʻlib qolmoqda.





