Yoʻlovchi oʻzbekcha gapirishni talab qilgani uchun Centrum Air’ga chiqarilmadi
Centrum Air bilan bogʻliq navbatdagi muammo yana tarmoqlarda tarqaldi. Bu gal yoʻlovchi bort kuzatuvchidan oʻzbek tilida gapirishni soʻragani uchun yoʻlovchi parvozga qoʻyilmagani aytilmoqda.

Kecha, 5 oktabr kuni Instagram tarmoq foydalanuvchisi kmoil_vlogs Centrum Air’ning Samara — Toshkent reysiga kirishda bort kuzatuvchisidan oʻzbek tilida gapirishni soʻraganidan soʻng parvozga qoʻyilmaganini aytib Instagram’da video murojaat qoldirgan edi.
Hodisadan soʻng kompaniya holatga rasmiy munosabat bildirdi.
Unga koʻra, 5 oktabr kuni C6468 Samara – Toshkent reysi yoʻlovchisi bort kuzatuvchiga nisbatan tajovuzkor munosabatda boʻlgan va xodimani haqorat qilgan hamda yoʻlovchilarning bortga chiqish vaqtida uning ishiga xalaqit bergan.
“Bunday xatti-harakat bortdagi xavfsizlik va tartibga tahdid tugʻdirishi mumkin edi, shu sababli havo kemasi komandiri yoʻlovchini parvozga qoʻymaslik toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Ushbu qarorni toʻliq asosli deb hisoblaymiz”, deyiladi kompaniya rasmiy munosabatida.
“Hodisaning barcha tafsilotlari hujjatlashtirilgan. Aviakompaniya mazkur fuqaroning xatti-harakatlari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda”, — deya qoʻshimcha qiladi kompaniya.
Kompaniya munosabatidan soʻng murojaatchi ham unga nisbatan oʻz fikrini bildirdi. Unga koʻra, yoʻlovchi bort kuzatuvchisiga hech qanday haqorat yoki boshqa harakatlarni sodir qilmagan.
“Agar men tajovuzkor harakat qilib, styuardessani haqorat qilganimda edi, meni ichki ishlar xodimlari “srazi” oborib qamab qoʻyar edi, jarima qilar edi, deport qilar edi. Balkim urushga ham joʻnatib yuborar edi… Agar men qoʻpol muomala qilganimda, tajovuzkor harakat qilganimda video qoʻymas edim. Nega oʻz aybimni oʻzim olib chiqishim kerak?”, — deydi Instagram foydalanuvchisi.
Uning soʻzlariga koʻra, bort kuzatuvchisi uning telefonini olib qoʻyishga harakat qilgan. Tarmoq foydalanuvchisi Centrum Air aviakompaniyasining rasmiy munosabatidagi “mazkur fuqaroning xatti-harakatlari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda” soʻziga eʼtibor berib, endi notoʻgʻri maʼlumot bergani uchun kompaniya ham javob berishini taʼkidlamoqda.
“Qani koʻramiz, Oʻzbekiston fuqarosining qadr-qimmati qanchalik ustun Oʻzbekiston aviakompaniyasi uchun. Men hozir mehmonxonaga joylashdim, hozir yana 100 km bosib boshqa aeroportga borishim kerak. Birinchidan vaqtimni oʻgʻirlaganingiz uchun, ikkinchidan notoʻgʻri maʼlumot berib rasmiy izoh berganingiz uchun hali siz ham javob berasiz”, deydi u.
Oxirgi oylarda CentrumAir bilan bogʻliq muammolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqala boshladi. Misol uchun, samolyotlarning vaqtidan ancha kech parvoz qilishi yoki Istanbul-Fargʻona yoʻnalishi boʻyicha 100 ga yaqin yoʻlovchining bagaji Istanbulda qolib ketganini aytish mumkin.





