Shaxmat toji uchun kurash: Javohir Sindorovning imkoniyati qanday?
Jahon chempionati bahsi oldidan grossmeysterlar, shaxmat vakillari va kontent yaratuvchilarning 18 ta fikri jamlangan. Ularning 10 nafari Javohir Sindarovni favorit deb hisoblagan boʻlsa, 6 nafari ikki shaxmatchining imkoniyatlarini teng baholagan.

Joriy yilning 22 noyabridan 12 dekabrigacha Jeneva shahrida jahon shaxmat toji uchun kurashda hamyurtimiz Javohir Sindarov hamda amaldagi chempion hindistonlik Gukesh Dommaraju bahs olib boradi.
Jahon shaxmat yulduzlari mazkur bahs oldidan har ikki ishtirokchilarning imkoniyatlarini baholadi. Bu haqda Uzchess xabar berdi.
Aytilishicha, jahon chempionati bahsi oldidan grossmeysterlar, shaxmat vakillari va kontent yaratuvchilarning 18 ta fikri jamlangan. Ularning 10 nafari Javohir Sindarovni favorit deb hisoblagan boʻlsa, 6 nafari ikki shaxmatchining imkoniyatlarini teng baholagan. Faqat 2 nafari Gukeshning imkoniyatlarini yuqori baholagan.
Jumladan, norvegiyalik grossmeyster Magnus Karlsen Sindarovning gʻalabasiga ishonayotganini bildirgan. Uning fikricha, oʻzbekistonlik shaxmatchining oʻyini har tomonlama mukammalroq.
Rossiyalik grossmeysterlar Yan Nepomnyaщiy va Vladislav Artemev ham Sindarovni favorit deb hisoblashmoqda. Nepomnyaщiy imkoniyatlarni 65:35, Artemev esa 60:40 nisbatida oʻzbekistonlik shaxmatchi foydasiga baholagan.
Amaldagi jahon chempioni Gukeshni esa taniqli amerikalik grossmeyster Hikaru Nakamura favorit sifatida koʻrsatgan. Nakamuraning taʼkidlashicha, Gukesh bosimni yenga olsa, kutilganidan ham yaxshiroq natija qayd etishi mumkin.





