Namanganda taʼlim boʻlimi masʼullari 1,3 mlrd soʻmni talon-toroj qildi
Ular ikki hududda oilaviy MTTlar amalda faoliyat yuritmasa-da, rasmiy hujjatlarga soxta maʼlumotlar kiritib, subsidiya olishga erishganlar.

Namangan viloyatida 1,3 mlrd soʻmlik byudjet mablagʻlarining talon-toroji fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchqoʻrgʻon tumani boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazildi.
Unda tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi masʼul shaxslari va boshqalar oʻzaro til biriktirib, "Mehnatobod" va "Dehqonobod" MFY hududlaridagi xonadonlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazib, mazkur MTTlar faoliyat yuritmasa-da, rasmiy hujjatlarga soxta maʼlumotlar kiritib, 1,3 mlrd soʻmlik subsidiya mablagʻlari ajratishgan va byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish), 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.





