platina.uz
Siyosat

Latviyada oʻzbekistonliklarga viza berishni cheklash taklif etildi: TIV bayonot berdi

Aytilishicha, koʻrilgan choralar natijasida Latviya tomoni mavjud holatga oʻzgartirish kiritishga ehtiyoj yoʻqligini ilgari surgan. 

Latviyada oʻzbekistonliklarga viza berishni cheklash taklif etildi: TIV bayonot berdi

Latviyada oʻzbekistonliklargaviza berishni cheklash taklif etildi. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev Latviya Ichki ishlar vazirligining mazkur taklifiga munosabat bildirdi.

Latviya ichki ishlar vaziri Yanis Dombrava bu masalani 29 sentabr kuni Vazirlar mahkamasi majlisida koʻrib chiqishni taklif qilgan. Uning aytishicha, bir necha nafar Oʻzbekiston fuqarosi Latviyaga kelganidan koʻp oʻtmay, jumladan, voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar sodir etgan. "Shuning uchun biz chora koʻrishimiz shart", — degan u.

Vazir Oʻzbekiston fuqarolariga viza berishni muayyan muddatga toʻxtatib turishni va bu vaqtdan Oʻzbekiston tomoni bilan hamkorlik qilish uchun foydalanishni taklif qilgan. Bu Latviyaga jamoat tartibi va xavfsizligiga tahdid solishi mumkin boʻlgan shaxslarning kirib kelish ehtimolini istisno qilishga qaratilgan.

Avvalroq Latviya Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston fuqarolarining faqat ayrim toifalaridan viza olish uchun arizalar qabul qilishni taklif qilgandi. Bular — Latviya fuqarolarining oila aʼzolari yoki ushbu mamlakatda yashash huquqiga ega Oʻzbekiston fuqarolarining yaqinlari, Yevropa Ittifoqi, Yevropa iqtisodiy hududi yoki Shveysariya fuqarolarining oila aʼzolari, gumanitar sabablarga koʻra Latviyaga kelayotgan Oʻzbekiston fuqarolari, yuk va yoʻlovchi tashish kompaniyalarida ishlaydiganlar va boshqalar.

Omonulla Fayziyevning aytishicha, viza berishni cheklash rejalari haqidagi xabarlar tarqalishi bilanoq Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi diplomatik choralar koʻrishni boshlagan.

"Mamlakatimizning Rigadagi elchixonasi tomonidan Latviya Bosh vaziri ofisi rahbariyati, Tashqi ishlar va Iqtisodiyot vazirliklari, shuningdek, Prezident administratsiyasi vakillari bilan qator uchrashuv va muzokaralar oʻtkazildi. Shu bilan birga, TIV Konsullik-huquqiy departamenti Latviyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi bilan ham muloqotlar olib bordi", — dedi vazirlik matbuot kotibi.

" Muzokaralar davomida Latviya tomoniga taklif etilayotgan choralarning ikki tomonlama munosabatlarga ehtimoliy taʼsiri yuzasidan Oʻzbekistonning pozitsiyasi yetkazildi. Koʻrilgan choralar natijasida Latviya tomoni mavjud holatga oʻzgartirish kiritishga ehtiyoj yoʻqligini ilgari surdi", — dedi u.

"Oʻzbekiston Latviya bilan shakllangan doʻstona va oʻzaro manfaatli munosabatlarni yuksak qadrlaydi. Latviya mamlakatimizning Yevropa Ittifoqidagi muhim hamkorlaridan biri boʻlib, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, migratsiya va boshqa sohalardagi aloqalarimiz izchil rivojlanmoqda", — dedi Omonulla Fayziyev.

Shu bilan birga, u Oʻzbekiston TIVi xorijda boʻlgan yoki chet elga safar qilishni rejalashtirayotgan vatandoshlarni "tegishli mamlakat qonunlariga qatʼiy rioya qilishga, uning milliy urf-odat va anʼanalarini hurmat qilishga, oʻz xatti-harakatlariga masʼuliyat bilan yondashishga" chaqirishini taʼkidladi.

"Ayrim shaxslar sodir etadigan huquqbuzarliklar nafaqat ularning oʻzlariga, balki xorijda qonuniy asosda oʻqiyotgan, ishlayotgan, sayohat qilayotgan yoki yashayotgan boshqa vatandoshlarimizga ham salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin", — dedi TIV vakili.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid