platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Maqola

Dunyoni qoʻrqitayotgan “chuma”: oʻlat xavf solyaptimi?

Hali insoniyat Covid-19 pandemiyasi vahimalarini toʻliq unutmasdan, 2026 yil oktabrida Irkutskdagi Oʻlatga qarshi kurash instituti xodimasi bilan bogʻliq voqea yangi epidemiya haqidagi xavotirlarni kuchaytirib yubordi. "Oʻlat" soʻzi koʻpchilik tasavvurida oʻrta asr shaharlari, huvillab qolgan koʻchalar va ommaviy oʻlim manzaralarini uygʻotadi. Ammo ilmiy nuqtai nazardan oʻlat oʻtmishda qolib ketgan kasallik emas. Uning qoʻzgʻatuvchisi tabiatda doim insoniyatga hamroh boʻlib kelgan. 

Dunyoni qoʻrqitayotgan “chuma”: oʻlat xavf solyaptimi?

Hali insoniyat Covid-19 pandemiyasi vahimalarini toʻliq unutmasdan, 2026 yil oktabrida Irkutskdagi Oʻlatga qarshi kurash instituti xodimasi bilan bogʻliq voqea yangi epidemiya haqidagi xavotirlarni kuchaytirib yubordi.

«Oʻlat» soʻzi koʻpchilik tasavvurida oʻrta asr shaharlari, huvillab qolgan koʻchalar va ommaviy oʻlim manzaralarini uygʻotadi. Ammo ilmiy nuqtai nazardan oʻlat oʻtmishda qolib ketgan kasallik emas. Uning qoʻzgʻatuvchisi tabiatda doim insoniyatga hamroh boʻlib kelgan. XXI asrda ham odamlarda vaqti vaqti bilan kasallanish holatlari qayd etiladi.

Virus emas, bakteriya

Siz uchun ikkita xabarimiz bor: bittasi yaxshi, bittasi yomon.

Yomonidan boshlasak, – oʻlat kasalligi havo orqali ham yuqadi, tez yuqadi, kasallik tez rivojlanadi, butun organizmni ishdan chiqaradi va boshlangan zahoti tez davolanmasa 3 kun yoki 1 hafta ichida, 100 foiz holatda oʻldiradi.

Yaxshi xabar ham bor - oʻlat chaqiruvchi mikroorganizm – bakteriya! Virusni yoʻq qiluvchi samarali dorilar yoʻq, ammo bakteriyaga qarshi dorilar mavjud. Agar kasallik yuqqan zahoti davolash boshlansa, albatta. Shuningdek, oʻlatga qarshi vaksina ham allaqachon yaratilgan.

Oʻlat kasalini Yersinia pestis bakteriyasi keltirib chiqaradi. Uning tabiiy muhiti, eng avvalo, mayda sutemizuvchilar populyatsiyasi va ularda parazitlik qiluvchi burgalardir. Inson ushbu ekologik zanjirda asosiy emas, koʻproq tasodifiy xoʻjayin hisoblanadi.

Dunyoni qoʻrqitayotgan “chuma”: oʻlat xavf solyaptimi?
Oʻlatning yuqish va rivojlanish zanjiri.

Odam zararlangan burga chaqishi, infeksiya yuqtirgan hayvon yoki uning toʻqimalari bilan bevosita kontakt orqali, oʻpka shaklida esa kasal odamdan ajraladigan infeksion respirator zarrachalar bilan yaqin aloqa natijasida zararlanishi mumkin. Alomatlar odatda 1 kundan 7 kungacha boʻlgan davr ichida paydo boʻladi.

Dunyoni qoʻrqitayotgan “chuma”: oʻlat xavf solyaptimi?
Mikroskop ostida koʻrinadigan bakteriya: “Oʻlat tayoqchasi”.

Eng koʻp uchraydigan shakl — bubonli oʻlat. Bakteriya limfa tizimiga oʻtadi va natijada limfa tugunlari kattalashib, ogʻriqli shishlar - «bubon»lar paydo boʻladi. Qoʻzgʻatuvchi qonga tarqalsa, septik shakl, oʻpkani zararlasa — oʻpka oʻlati rivojlanadi. Oʻpka shakli epidemiologik jihatdan eng xavflisi, chunki u yaqin aloqada odamdan odamga oson yuqishi mumkin.

Antibiotiklar davrigacha oʻlat bilan kasallanish aksariyat hollarda oʻlim bilan tugar edi. JSST maʼlumotlariga koʻra, davolanmagan bubonli oʻlatda oʻlim darajasi taxminan 30–60 foizni tashkil etadi, davolanmagan septik va oʻpka shakllari esa oʻta xavflidir. Biroq hozir oʻlat antibiotiklar bilan davolanadi; eng muhim omil — preparatning mavjudligidan ham koʻra vaqtida tashxis qoʻyish va davolashni tez boshlashdir.

Aynan shu jihat zamonaviy vaziyatni XIV asrdan tubdan farq qiladi. Oʻrta asr tabibi kasallik qoʻzgʻatuvchisini ham, yuqish mexanizmini ham bilmagan va samarali antibakterial vositaga ega boʻlmagan.

Oʻlatning ming yillik tarixi

Arxeogenetika kasallik yoshi haqidagi tasavvurlarni oʻzgartirdi. Yersinia pestisning qadimiy liniyalariga oid genetik izlar odamlarda yozma epidemiya tarixidan ancha oldin ham uchraydi. Demak, insonning oʻlat bakteriyasining ajdod shakllari bilan munosabati bir necha ming yillik tarixga ega.

Dunyoni qoʻrqitayotgan “chuma”: oʻlat xavf solyaptimi?

Yersinia pestis bilan zamonaviy paleogenetika orqali ishonchli bogʻlangan birinchi tarixiy pandemiya 541 yildagi Yustinian oʻlati bilan boshlangan va takroriy toʻlqinlar koʻrinishida taxminan VIII asrgacha davom etgan. Qadimiy DNK bakteriya Yevropa va Oʻrta yer dengizining katta qismiga tarqalganini tasdiqlaydi. Ammo qurbonlar soni haqidagi mashhur oʻnlab millionlik hisob-kitoblar ilmiy bahs mavzusi boʻlib qolmoqda.

Dunyoni qoʻrqitayotgan “chuma”: oʻlat xavf solyaptimi?
“Yustinian oʻlati”ning taxminiy tarqalish yoʻli.

Dunyoni qoʻrqitayotgan “chuma”: oʻlat xavf solyaptimi?
“Yustinian oʻlati” tarqalgan hududlar xaritasi.

Ikkinchi pandemiya esa ancha mashhurroq. Uning birinchi ulkan toʻlqini — 1346–1353 yillardagi “Qora oʻlim” — Yevrosiyo tarixidagi eng katta demografik fojialardan biriga aylandi. Ayrim tadqiqotlarda Gʻarbiy Yevrosiyoning baʼzi hududlarida aholining 60 foizgacha qismi halok boʻlgan boʻlishi mumkinligi aytilgan.

Dunyoni qoʻrqitayotgan “chuma”: oʻlat xavf solyaptimi?
“Qora oʻlat”ning tarqalish yoʻli va hududlarga kirib kelgan sanalari.

Dunyoni qoʻrqitayotgan “chuma”: oʻlat xavf solyaptimi?
“Qora oʻlat” tarqalgan hududlar xaritasi.

Aytgancha, oʻlatning “qora oʻlim” deb atalashiga sabab – bu kasallikda mayda qon tomirlari nekrozi (nobud boʻlishi) yuz beradi. Teri gemorragik toshmalar bilan qoplanadi, qon aylanishi toʻxtashi sababli qoʻl va oyoq barmoqlari hamda burun uchi gangrenasi (qorason) rivojlanadi. Tana va qoʻl oyoq uchlari qorayib ketadi.

Dunyoni qoʻrqitayotgan “chuma”: oʻlat xavf solyaptimi?
“Qora oʻlat” tarqalgan hududlar xaritasi.

Uchinchi pandemiya va bakteriyaning kashf etilishi

Uchinchi pandemiya XIX asrda Xitoyda, ayniqsa Yunnan provinsiyasida shakllanib, asr oxirida dengiz savdosi orqali Hindiston, Janubi-Sharqiy Osiyo, Afrika va Amerikaga tarqaldi. 1899–1900 yillarga kelib oʻlat deyarli barcha aholi yashaydigan qitʼalarga yetib borgan edi. Ayniqsa Hindiston katta talafot koʻrdi.

Dunyoni qoʻrqitayotgan “chuma”: oʻlat xavf solyaptimi?
Tarixdagi eng yirik oʻlat epidemiyalari tarqalish yoʻli va zarar koʻrgan hududlar.

Biroq aynan shu davr fanning kasallik ustidan ustunlikka erisha boshlagan nuqtasi boʻldi. 1894 yil 20 iyunda Honkongdagi epidemiya paytida shifokor va bakteriolog Aleksandr Yersen oʻlat bakteriyasini ajratib oldi. Keyinchalik u Yersinia pestis deb nomlandi. Yaponiyalik tadqiqotchi Kitasato Sibasaburo ham shu vaqtda mustaqil tadqiqot olib borgan, ammo Yersenning ishlari kasallikning sababchi agentini aniqlashda fundamental ahamiyat kasb etdi. Ular, shuningdek, ilk vaksiyana yaratishga ham muvaffaq boʻlishdi.

Keyingi katta yutuq burgalar va kalamushlarning infeksiya tarqalishidagi oʻrni aniqlanishi boʻldi. Natijada epidemiyaga qarshi kurash faqat bemorni izolyatsiya qilish bilan cheklanmasligi, balki «kemiruvchi — burga — inson» zanjirini ham uzish zarurligi tushunildi.

Davolash ham bosqichma-bosqich rivojlandi. XIX asr oxirida oʻlatga qarshi zardob ishlatilgan. 1930-yillarning oxirida sulfanilamid preparatlari bilan muvaffaqiyatli davolash holatlari paydo boʻldi. 1947 yilda oʻpka oʻlatini streptomitsin bilan muvaffaqiyatli davolash holati qayd etildi. Antibiotiklar kasallik prognozini tubdan oʻzgartirdi.

Taʼkidlash lozim, ulkan pandemiyalar ustidan gʻalabani birgina dori bilan tushuntirish mumkin emas. Bu mikrobiologiya, sanitariya, laboratoriya diagnostikasi, antibiotiklar, epidemiologik nazorat, turar joy sharoitining yaxshilanishi, daydi itlarni kemiruvchi va burgalarni nazorat qilish hamda sogʻliqni saqlash tizimining institutsional rivojlanishi natijasidir.

Daydi itlar muammosi - nega oʻlatni butunlay yoʻq qilib boʻlmaydi?

Insoniyat chechakni yoʻq qila oldi, chunki uning virusi asosan inson populyatsiyasida saqlanar va samarali vaksina yuqish zanjirini uzish imkonini berdi.

Oʻlatda esa vaziyat boshqacha. Yersinia pestis yovvoyi hayvonlar orasida yoki daydi it va mushuklarda saqlanadi. Bakteriyaning tabiiy rezervuarlari — kemiruvchilar va ularning burgalari — mavjud ekan, tabiiy ekotizimni buzmasdan qoʻzgʻatuvchini Yer yuzidan toʻliq yoʻqotish amalda imkonsiz.

Shuning uchun qaysi mamlakatda oʻlat «yoʻq qilinmagani»dan koʻra, qayerda tabiiy oʻchoqlar borligi va qayerda inson kasallanishlari davriy qayd etilishini soʻrash toʻgʻriroq.

JSSTning eng yangi global tahliliga koʻra, 2019–2025 yillarda inson oʻlati boʻyicha tasdiqlangan holatlar haqida olti mamlakat xabar bergan: Kongo Demokratik Respublikasi, Madagaskar, Keniya, Uganda, Xitoy va Moʻgʻuliston. Tasdiqlangan holatlar qayd etilgan mamlakatlarda 3 847 ta gumon qilingan holat roʻyxatga olingan, 2 646 tasi tasdiqlangan deb xabar qilingan va 423 ta oʻlim qayd etilgan. Tasdiqlangan holatlarning 97,7 foizi Kongo DR va Madagaskar hissasiga toʻgʻri keladi. JSST mamlakatdan holatlar haqida xabar kelmagani tabiiy oʻchoq yoʻqligini anglatmasligini alohida taʼkidlaydi.

Oʻlat AQShning gʻarbiy qismi tabiatida ham saqlanadi. AQShning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (Centers for Disease Control and Prevention – CDC) maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda yiliga oʻrtacha yettiga yaqin inson kasalligi qayd etiladi. Markaziy Osiyo, Moʻgʻuliston, Rossiyaning ayrim hududlari va Yevrosiyoning boshqa joylarida ham tabiiy oʻchoqlar mavjud.

Oʻlat - biologik qurol sifatida

Oʻlat insoniyat tarixida biologik urush vositasi sifatida qoʻllanilgan eng birinchi vositalardan biridir.

Tarixdagi ilk hujjatlashtirilgan holat Qrimdagi Kaffa (hozirgi Feodosiya) shahri qamalida, 1346 yilda yuz bergan. Moʻgʻul qoʻshinlari oʻz lagerlarida oʻlatdan oʻlgan askarlarning jasadlarini manjaniq (katapulta)lar yordamida shahar qalʼasi ichiga uloqtirishgan. Shaharda epidemiya boshlanib, u yerdan qochgan genuyalik savdogarlar kasallikni Yevropaga olib borishgan va bu mashhur «Qora oʻlim» pandemiyasining boshlanishiga turtki boʻlgan, degan qarashlar mavjud.

Ikkinchi jahon urushi davrida tirik insonlar ustida shafqatsiz tajribalar oʻtkazish uchun tashkil etilgan Yapon armiyasining maxsus «731-otryadi» (general Siro Isii rahbarligida) bosib olingan Xitoy hududida faoliyat yuritgan.

Yapon harbiylari laboratoriyalarda millionlab oʻlat bilan zararlangan burgalarni koʻpaytirishgan. Soʻng ularni maxsus sopol (keramika) bombalarga joylashtirishgan. Sopol bombalar havoda portlaganda burgalar nobud boʻlmay, yerga sogʻlom yetib borishi va hududga tarqalishi taʼminlangan.

Shuningdek, 1940-1942 yillarda yapon samolyotlari Xitoyning Ninbo, Chande va boshqa shaharlari ustidan oʻlat bilan zararlangan guruch, bugʻdoy va tirik burgalarni osmondan sochgan. Buning oqibatida sunʼiy oʻlat epidemiyalari kelib chiqib, yuz minglab tinch aholi halok boʻlgan.

Rossiya: kasallik kam, tabiiy oʻchoqlar esa saqlangan

Rossiyada inson oʻlati oxirgi oʻn yilliklarda favqulodda kam uchraydi. Irkutskdagi hozirgi vaziyatgacha boʻlgan davrda soʻnggi tasdiqlangan holat 2016 yilda Oltoy Respublikasining Qoʻsh-Ogʻoch tumanida qayd etilgan. Oʻn yoshli bola sugʻur oʻligini ushlaganidan keyin bubonli oʻlat bilan kasallangan. U oʻz vaqtida shifoxonaga yotqizilib, davolangan. Bu tabiiy oʻchoqda profilaktik emlash va epizootologik monitoring keyin ham davom etgan.

Rossiyada tarixan maxsus oʻlatga qarshi muassasalar tarmogʻi shakllangan. Saratovdagi «Mikrob» Rossiya ilmiy-tadqiqot oʻlatga qarshi instituti, Irkutsk, Stavropol, Rostov-Don va boshqa hududlardagi maxsus muassasalar shular jumlasidandir. Ularning vazifasi faqat oʻlat bilan cheklanmaydi: oʻta xavfli infeksiyalar monitoringi, diagnostika, epidemiologik tadqiqotlar va favqulodda holatlarga tayyorgarlik ham shu tizimga kiradi.

Jahon miqyosida eng taniqli ixtisoslashtirilgan markazlardan biri — Madagaskar Paster instituti boʻlib, uning Oʻlat boʻlimi milliy holatlarni laboratoriyada tasdiqlaydi, Y. pestisning antibiotiklarga sezgirligini kuzatadi va 1998 yildan buyon JSSTning oʻlat boʻyicha hamkorlik markazi hisoblanadi.

Qozogʻistonda bu vazifalar sanitariya-epidemiologik nazorat tizimi va M. Aykimbayev nomidagi Oʻta xavfli infeksiyalar milliy ilmiy markazi tomonidan bajariladi. Qirgʻizistonda sanitariya-epidemiologiya tizimi va oʻlatga qarshi ixtisoslashtirilgan boʻlinmalar muhim rol oʻynaydi.

Oʻzbekistonda esa Respublika oʻlat profilaktikasi markazi mavjud. Sanepidqoʻmita tizimidagi ilmiy ishlar mamlakatning tabiiy oʻlat oʻchoqlarida Y. pestis epizootik jarayonlarini oʻrganishga ham bagʻishlangan.

Irkutskdagi vahima

2026 yil 6 oktabr holatiga koʻra Irkutsk viloyatida oʻlat epidemiyasi rasman tasdiqlanmagan. Irkutsk oʻlatga qarshi ilmiy-tadqiqot institutining 28 yoshli xodimasi ogʻir kasallikdan keyin vafot etgan. Rossiya sanitariya organlari uning tashxisini «etiologiyasi aniqlanmagan pnevmoniya» deb koʻrsatmoqda.

Shunga qaramay, javob choralari keng koʻlamli boʻldi. Taxminan 197–200 nafar kontakt shaxs tibbiy kuzatuv yoki izolyatsiyaga olindi, Shelexov tuman shifoxonasida karantin cheklovlari joriy qilindi, Rospotrebnadzor rahbari Anna Popova hududga bordi. JSST umumiy aholi uchun xavfni past deb baholagan, biroq qoʻshimcha maʼlumotlarni kuzatishda davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda «ikki kishi oʻlatdan oʻldi» degan xabar tarqalgan. Bir nechta Irkutsk shifoxonalarida cheklovlar kritilgani aytilmoqda.

Markaziy Osiyo va Oʻzbekiston: vahima emas, oqilona ehtiyotkorlik

Qozogʻiston vaziyat monitoringini rasman kuchaytirdi. 5 oktabrda mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligi davlat chegarasida sanitariya-karantin nazorati amalga oshirilayotgani va Rossiyada 197 kontakt shaxs tibbiy nazoratda ekani haqida xabar berdi. Oʻsha vaqtda ularda kasallik belgilari yoʻq edi va laboratoriya natijalari manfiy boʻlgan.

Oʻzbekistonda ham chegara sanitariya nazorati infratuzilmasi mavjud. Sanepidqoʻmita maʼlumotlariga koʻra, 2026 yilda respublika boʻyicha chegara oʻtish punktlari, xalqaro aeroportlar va temir yoʻl kesishmalarida 55 ta sanitariya-karantin punkti ishlagan. Yilning birinchi olti oyida 10,6 milliondan ortiq yoʻlovchi tibbiy-sanitariya nazoratidan oʻtkazilgan. Bu tizim faqat oʻlat emas, turli oʻta xavfli infeksiyalarning kirib kelishini nazorat qilishga moʻljallangan.

Bunday tayyorgarlik asosli. Lekin chegarada harorat oʻlchashni yagona himoya chorasi deb boʻlmaydi. Inkubatsiya davridagi odamda hali isitma boʻlmasligi mumkin. Shuning uchun tezkor epidemiologik axborot almashinuvi, shifokorlarni ogohlantirish, diagnostikaga tayyorlik va tasdiqlangan bemorning haqiqiy yaqin kontaktlarini aniqlash muhimroq.

COVID-19 ssenariysi takrorlanishi mumkinmi?

Eng ehtimoliy javob — tabiiy sharoitdagi oʻlatning pandemik potensiali SARS-CoV-2 nikidan ancha past. Bu degani, “oʻlat yengil kasallik” degani emas albatta. Masalan, oʻz vaqtida davolanmagan oʻpka oʻlati oʻta xavfli. Lekin uning epidemiologiyasi boshqacha. Inson koʻpincha tabiiy oʻchoqdan zararlanadi, odamdan odamga samarali yuqish esa, asosan, oʻpka shaklida va bemor bilan yaqin kontaktda sodir boʻladi. Bundan tashqari, qoʻzgʻatuvchi bir asrdan ortiq vaqtdan beri maʼlum, laboratoriya diagnostikasi va samarali antibiotiklar mavjud.

COVID-19 pandemiyasining boshida esa vaziyat teskari edi: yangi respirator virus odamlar orasida samarali tarqalayotgan, ayrim yuqtirganlarda ogʻir alomatlar paydo boʻlmasidan ham boshqalarga yuqishi mumkin edi va dastlab maxsus vaksina mavjud emasdi. Biroq oʻlatga qarshi vaksina hamda samarali davolash protokollari mavjud.

Biroq xotirjamlik ham xavfli. Agar oʻpka oʻlati kech aniqlansa, kontaktlar topilmasa, bemor infeksiya nazorati choralarisiz tibbiy muassasaga tushsa yoki davlat epidemiologik maʼlumotni kechiktirsa, kichik oʻchoq jiddiy muammoga aylanishi mumkin.

Antibiotiklarga chidamlilik uzoq muddatli yana bir xavf hisoblanadi. Y. pestisda keng tarqalgan rezistentlik hozircha odatiy emas, ammo bunday izolyatlar ilmiy adabiyotlarda qayd etilgan. Shu sababli referens laboratoriyalar bakteriya bor-yoʻqliginigina emas, uning dori vositalariga sezgirligini ham kuzatib boradi. Ayniqsa ayrim bemorlar shifokor tavsiya qilmasa ham oʻzbilarmonlik bilan, turli antibiotiklar bilan davolanib, organizmini antibiotiklarga oʻrgatib qoʻygan boʻlsa, oʻlat holatida davolash kutilgan samara bermasligi mumkin.

Hozir nima qilish kerak?

COVID-19 tajribasi epidemiyalar faqat mikroorganizm xususiyatlari tufayli emas, balki ijtimoiy ishonch inqirozi tufayli ham katta muammoga aylanishini koʻrsatdi.

Oʻta xavfli infeksiyaga asosli gumon boʻlganda tezkor tekshiruv oʻtkazish va xavotirni dalillar bilan bartaraf etish toʻgʻri yondashuvdir. Agar tashxis biror vaqt tasdiqlansa, aynan kontaktlarni erta aniqlash va profilaktika yuqish zanjirini birinchi bosqichdayoq toʻxtatish imkonini beradi.

Oʻlatning madaniyatdagi izi: «Dekameron»dan - kompyuter oʻyinlaridagi oʻlat tabibigacha

Insoniyatning kollektiv xotirasiga oʻlatchalik chuqur singib ketgan kasalliklar juda kam. U nafaqat ommaviy qabrlar, demografik tanazzul va iqtisodiy oʻzgarishlarni, balki butun bir madaniy obrazlar tizimini ham qoldirdi. Oʻlim, izolyatsiya, koʻrinmas xavfdan qoʻrqish, epidemiyadan yashirinish istagi va shu bilan birga odatiy hayotni davom ettirishga intilish — bularning barchasi adabiyot, rassomlik, teatr, kino va kompyuter oʻyinlarida qayta-qayta namoyon boʻladi.

Oʻlat tabibi timsoli

Bugungi kunda oʻlatning eng taniqli vizual ramzlaridan biri — uzun xalat, keng qirrali shlyapa va katta qush tumshugʻiga oʻxshash niqob kiygan inson obrazidir. Bu qiyofa XIV asrdagi «Qora oʻlim» bilan shu qadar qattiq bogʻlanib ketganki, filmlar, multfilmlar va oʻyinlarda u epidemiya, tibbiyot va oʻlim ramzi sifatida deyarli darhol taniladi. Biroq tarixiy nuqtai nazardan bu yerda muhim paradoks mavjud: mashhur uzun tumshuqli niqob 1347–1353 yillardagi «Qora oʻlim» davri shifokorlarining ishonchli tarixiy atributi emas.

Dunyoni qoʻrqitayotgan “chuma”: oʻlat xavf solyaptimi?

Saqlanib qolgan «oʻlat niqoblari» tarixi boʻyicha tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, bunday libosning ishonchli tasvirlari faqat XVII asr oʻrtalarida, yaʼni «Qora oʻlim»dan taxminan uch asr keyin, asosan Italiya va Janubiy Fransiyada paydo boʻladi. XIV asrdagi oʻrta asr Yevropa tabiblari bunday tumshuqli niqoblarni ommaviy tarzda ishlatganini tasdiqlovchi ishonchli dalillar yoʻq.

Dunyoni qoʻrqitayotgan “chuma”: oʻlat xavf solyaptimi?

Oʻlat tabibi libosining yaratilishi anʼanaviy ravishda fransuz shifokori Sharl de Lorm nomi bilan bogʻlanadi. U qirollik saroyida xizmat qilgan.

Biroq zamonaviy tibbiyot tarixchilari bu mashhur versiyaga ehtiyotkorlik bilan qaraydi. 2024 yilgi tadqiqotga koʻra, bizga tanish boʻlgan obraz turli XVII asr tasvirlari, gravyuralar va keyingi talqinlar taʼsirida asta-sekin shakllangan boʻlishi mumkin. Shuning uchun de Lorm aynan bugungi kunda tasvirlanadigan libosni yakka oʻzi ixtiro qilgan, deb ishonch bilan aytish qiyin.

Niqobning «tumshugʻi» oʻsha davrda hukmron boʻlgan “miazmalar nazariyasi” bilan izohlangan. Mikrobiologiya paydo boʻlishidan oldin epidemik kasalliklar «buzilgan» yoki yomon hidli havo orqali tarqaladi, deb hisoblangan. Shu bois niqobning uzun tumshuq qismiga xushboʻy oʻsimliklar, ziravorlar yoki boshqa xushboʻy moddalar joylashtirilgan.

Bunday himoya usuli kasallik sababi haqidagi notoʻgʻri tasavvurga asoslangan edi: oʻsha davr tabiblari na Yersinia pestis bakteriyasini, na uni tarqatishda burgalarning rolini bilgan. Shunga qaramay, yopiq kiyim, qoʻlqop va kostyumning boshqa elementlari tasodifan boʻlsa-da, zararlangan material bilan ayrim turdagi kontaktlarni kamaytirgan boʻlishi mumkin. Yaʼni tibbiy nazariya notoʻgʻri edi, ammo ayrim fizik toʻsiqlar maʼlum darajada himoya berishi ehtimoldan xoli emas.

Vaqt oʻtishi bilan oʻlat tabibi faqat tarixiy personaj boʻlib qolmadi. Qush tumshugʻi, dumaloq oynali koʻzlari va deyarli gʻayriinsoniy silueti uni bir vaqtning oʻzida tabib va oʻlim xabarchisiga oʻxshagan madaniy arxetipga aylantirdi.

Dunyoni qoʻrqitayotgan “chuma”: oʻlat xavf solyaptimi?

Kingston Sogʻliqni saqlash tarixi muzeyi taʼkidlaganidek, bu obraz kino, komikslar, kompyuter oʻyinlari va karnaval madaniyatida keng tarqalgan. Mashhur gotik RPG — Darkest Dungeon oʻyinida, masalan, Plague Doctor alohida oʻyin personaji va sinfi sifatida mavjud; ishlab chiquvchilar uni asosiy qahramonlar qatoriga kiritgan.

Dunyoni qoʻrqitayotgan “chuma”: oʻlat xavf solyaptimi?

«Dekameron»: hikoyalar «Qora oʻlim»dan ruhiy panoh sifatida

Bevosita «Qora oʻlim» davriga ancha yaqin boʻlgan asar — italiyalik Jovanni Bokkachchoning «Dekameron» rimanidir. U Yevropa oʻrta asrlari va ilk Uygʻonish davri adabiyotining eng muhim yodgorliklaridan biri hisoblanadi.

Dunyoni qoʻrqitayotgan “chuma”: oʻlat xavf solyaptimi?

1348 yilda epidemiya Florensiyaga yetib keldi. Aynan oʻlat Bokkachcho asari uchun syujet ramkasi vazifasini bajaradi. «Dekameron» boshida muallif oʻlat qamrab olgan shaharning adabiyotdagi eng mashhur tasvirlaridan birini yaratadi: ommaviy oʻlim odatiy ijtimoiy aloqalarni parchalaydi, dafn marosimlari oʻzgaradi, odamlar esa oʻlimning doimiy yaqinligi bilan yuzma-yuz qoladi. Metropoliten muzeyi ushbu muqaddimani «Qora oʻlim» haqidagi klassik madaniy guvohliklardan biri sifatida baholaydi.

Asarning syujet qurilishi bir vaqtning oʻzida ham sodda, ham juda kuchli. Yetti nafar yosh ayol va uch nafar yosh erkak oʻlatdan aziyat chekayotgan Florensiyani tark etib, shahar tashqarisidagi qasrga panoh topadi. Ular hayotni maʼlum tartibda saqlab qolish va qoʻrquvga taslim boʻlmaslik uchun bir-biriga hikoya aytib berishga kelishib oladi.

Oʻn kun davomida ular yuzta novella soʻzlab berishadi. Asar nomi ham shundan kelib chiqqan: «Dekameron» soʻzi mazmunan «oʻn kun» bilan bogʻliq.

Eng qizigʻi, hikoyalarning aksariyati kasallik haqida emas. Ular muhabbat, inson zehni, tasodif, pul, din, aldash, sadoqat va ijtimoiy qoidalar haqida. Bokkachchoda oʻlatning madaniy taʼsiri aynan shu yerda yaqqol namoyon boʻladi.

Pushkin: oʻlimga qarshi ziyofat

Rus shoiri va adibi Aleksandr Sergeyevich Pushkin qalamiga mansub “Oʻlat davridagi ziyofat” (“Pir vo vremya chumы”) asari ham alohida eʼtiborga molik.

Dunyoni qoʻrqitayotgan “chuma”: oʻlat xavf solyaptimi?

Asarning yaratilish tarixi oʻzi ham ramziy ahamiyatga ega. 1830 yil kuzida Pushkin Rossiyadagi vabo (xolera) epidemiyasi sabab joriy etilgan karantin cheklovlari tufayli Boldinoda qolib ketgan. Bu davr keyinchalik mashhur «Boldino kuzi» nomi bilan tarixga kirdi. Aynan shu paytda shoir «Kichik tragediyalar» ustida ishlagan va ular qatorida shu asarni ham yaratgan.

Asar uchun asos sifatida shotland yozuvchisi Jon Vilsonning «Oʻlat shahri» dramatik poemasidan bir parcha xizmat qilgan. U Buyuk London oʻlati — 1665 yildagi epidemiyaga bagʻishlangan edi. Biroq Pushkin ushbu epizodni shunchalik jiddiy qayta ishladiki, kichik sahna rus adabiyotining mustaqil asariga aylandi.

Syujet nihoyatda ixcham. Shaharda epidemiya avj olgan, atrofda odamlar oʻlmoqda, bir guruh erkak va ayollar esa ziyofat uyushtiradi. Ularga Valsingam boshchilik qiladi. Oʻlim muhitida ishtirokchilar qoʻrquvga musiqa, may va namoyishkorona xushchaqchaqlikni qarshi qoʻyishga harakat qiladi. Paydo boʻlgan ruhoniy ularni behurmatlik va gunohkorona xursandchilikda ayblaydi, halok boʻlgan yaqinlarini esga soladi.

Edgar Allan Po: qochib boʻlmaydigan oʻlim

Edgar Allan Po oʻlatga oid «Qizil oʻlim niqobi» (The Masque of the Red Death) asarini yozgan. Hikoya ilk bor 1842 yil may oyida Amerikaning *Graham's Magazine jurnalida The Mask of the Red Death: A Fantasy nomi bilan chop etilgan. 1845 yilgi qayta nashrda Po Masque shaklini ishlatgan, bu esa bir vaqtning oʻzida ham niqob, ham saroy maskaradi maʼnosini kuchaytiradi.

Dunyoni qoʻrqitayotgan “chuma”: oʻlat xavf solyaptimi?

Edgar Allan Po tarixiy oʻlatni tibbiy maʼnoda tasvirlamaydi. Uning «Qizil oʻlimi» — xayoliy epidemik kasallik va, eng avvalo, adabiy ramz. Syujetga koʻra, hukmdor Prospero kasallik mamlakatni vayron qilayotgan paytda taxminan ming nafar yaqin kishisi bilan mustahkam abbatlikka qamalib oladi. Ular tashqi dunyodan oʻzlarini jismonan uzishga urinadi va (mehmonlar turli niqoblarda kelib raqs tushadigan) hashamatli maskarad uyushtiradi. Biroq mehmonlar orasida «Qizil oʻlim»ni ifodalovchi sirli shaxs paydo boʻladi. Prosperoning taqdirdan qochishga qaratilgan barcha urinishlari besamar boʻlib chiqadi.

Xulosa va prognoz

Oʻlat Oʻrta asrlardan qaytayotgan kasallik emas — u tabiatda hech qachon toʻliq yoʻqolib ketmagan. Ilgari bakteriyaga ulkan pandemiyalar keltirib chiqarish imkonini bergan ijtimoiy va sanitar sharoitlar keskin oʻzgardi, ammo uning tabiiy rezervuarlari saqlanib qoldi. Shuning uchun kelgusi yillar va oʻn yilliklarda dunyoda ayrim kasallanishlar va lokal oʻchoqlar, ayniqsa Afrika, Osiyo va Amerikada kuzatilishi mumkin. Iqlim va ekologik oʻzgarishlar kemiruvchilar hamda burgalar soni va geografiyasiga taʼsir qilishi mumkin, xalqaro qatnovlar esa davlatlar oʻrtasida yaxshi epidemiologik axborot almashinuvini talab qiladi. Lekin tabiiy oʻchoqlarning mavjudligi global pandemiya muqarrarligini anglatmaydi.

Irkutsk voqeasi, eng avvalo, tekshirilishi lozim boʻlgan epidemiologik signaldir, tasdiqlangan oʻlat epidemiyasi emas. Zero, qora oʻlimdan keyingi yetti asr mobaynida insoniyat katta ustunlikka erishdi: dushmanning kimligini taniymiz. U qayerda saqlanishi, qanday yuqishi va qanday davolanishi maʼlum. Bugungi oʻlat oʻta xavfli infeksiya boʻlsada, hozirgi samarali tibbiyot sharoitida butun dunyoga tahdid solish qudratiga ega emas.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid