“Tolibon” Rossiya roziligi bilan Belarusdan qurol va dron sotib olmoqda
OAV tarqalgan xabarlarga koʻra, “Tolibon” va Belarus oʻrtasidagi harbiy kelishuvga Hindiston vositachilik qilmoqda.

“Tolibon” hukumati Rossiya roziligi bilan Belarusdan qurol-yarogʻ hamda dronlarni xarid qilmoqda. Bitimlarda vositachi sifatida Hindiston ishtirok etmoqda.
Telekanalga koʻra, Minsk va “Tolibon” oʻrtasidagi aloqalar “Tolibon” mudofaa vaziri Muhammad Yoqubning may oyi oxirida Moskvaga tashrifidan keyin faollashgan. Tashrif davomida harbiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv imzolangan.
Oʻsha vaqtda Rossiya tomoni ushbu hujjat Afgʻonistonda qolgan sovet davriga oid harbiy texnikalarni taʼmirlashni nazarda tutishini bildirgan edi.
Telekanal suhbatdoshlaridan biri — “Tolibon”ga yaqin manba — Belarus bilan tegishli kelishuvlar mavjudligini tasdiqlagan. Uning aytishicha, bu hamkorlik Rossiya ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Manbalarga koʻra, “Tolibon” Pokiston bilan munosabatlar keskinlashgani sababli qurol-yarogʻ va dronlarga qiziqish bildirmoqda. Pokiston bilan ziddiyatda boʻlgan Hindiston esa ushbu bitimlarni moliyalashtirmoqda.
Afgʻonistonning sobiq yuqori martabali xavfsizlik xodimlaridan biri oʻsha paytda Hindiston Belarusdan Afgʻoniston xavfsizlik kuchlari uchun vertolyotlar sotib olgani, shuningdek, harbiy texnikalarning bir qismini Belarus korxonalarida taʼmirlatib, Kobulga topshirganini aytdi.
Manbaning taʼkidlashicha, hozir “Tolibon” ham xuddi shunday mexanizmdan foydalanishga urinmoqda.
Belarus “Tolibon” bilan aloqalarni kengaytirmoqda
Minsk “Tolibon” bilan aloqalarini kengaytirmoqda. Avgust oyida Belarusga 13 nafar “Tolibon” vakilidan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiyaga Afgʻoniston qishloq xoʻjaligi vaziri vazifasini bajaruvchi Ataulloh Omari boshchilik qilgan.
Ular savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha ikki tomonlama komissiya yigʻilishida ishtirok etgan.
Shuningdek, “Tolibon” Belarusning oʻzaro kelishuv asosida Afgʻonistonda faoliyat yuritadigan elchisi nomzodini ham maʼqullagan.
Shu bilan birga, Rossiya rasmiy ravishda Pokistonning ittifoqchisi sifatida pozitsiya bildirmoqda va “Tolibon” bilan aloqador guruhlarning Pokistonga uyushtirayotgan hujumlarini qoralamoqda. Moskva ikki davlatni terrorizmga qarshi birgalikda kurashishga chaqirib kelmoqda.
Shunday qilib, Rossiyaning bir tomondan Pokistonni qoʻllab-quvvatlashi, ikkinchi tomondan esa “Tolibon” va Belarus oʻrtasidagi harbiy-texnikaviy aloqalarda ishtirok etayotgani haqidagi daʼvolar mintaqadagi murakkab geosiyosiy muvozanatni koʻrsatadi.




