Taʼlim sifati va tizimidan norozi oʻsmirlar Fransiyada katta namoyishlar oʻtkazdi
Norozilik chiqishlari katta namoyishga aylanib ketdi. Namoyish boshlanganidan buyon 5 mingdan ortiq odam hibsga olingan. Yuzlab maktablar yopildi.

Fransiyada taʼlimga oid noroziliklar, politsiya va talaba-oʻquvchilar oʻrtasida yuz bergan toʻqnashuvlar fonida mamlakat boʻylab dushanba kuni 500 ga yaqin maktab yopiladi. Bu haqda BBC xabar qildi.
Fransiya taʼlim vaziri Eduard Jeffreyning maʼlum qilishicha, norozilik namoyishlari boshlanganidan buyon 24 ta maktab yoqib yuborilgan yoki talon-taroj qilingan.
Xavfsizlik shartlari taʼminlanmaganligi sababli 400-500 ga yaqin maktabda dars lar «toʻliq yoki qisman toʻxtatiladi».
Jeffreyning qoʻshimcha qilishicha, taʼlim tizimining 78 nafar xodimi jarohatlangan. Vazir bu holatni «ilgari hech qachon kuzatilmagan» hodisa deb atadi.
Taʼlim sifati va taʼlim tizimidagi muammolardan norozi boʻlgan minglab oʻquvchilar namoyishlar oʻtkazmoqda. Oʻtgan hafta boshlangan noroziliklar Parijdan tashqari Monpele, Nant va Marsel kabi boshqa shaharlarga ham tarqaldi.
Maktab oʻquvchilari va boshqa namoyishchilar oʻqituvchilar yetishmasligi, sinfxonalarning haddan tashqari gavjumligi hamda maktab binolarining eskirib, taʼmirtalab holga kelganidan norozilik bildirmoqda.
Fransiya Adliya vaziri Jerald Darmanin mamlakatdagi 3 700 ta maktabdan 735 tasiga namoyish vaqtida ziyon yetganini maʼlum qilgan.
Juma kuni Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunesning maʼlum qilishicha, 1 747 kishi hibsga olingan.
AFP agentligi maʼlumotlariga koʻra, noroziliklar boshlanganidan beri jami 5 mingdan ortiq kishi hibsga olingan. Ularning qariyb 85 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etadi.
Namoyish tashkilotchilari hukumatdan aniq choralar talab qilmoqda
AFP agentligi xabariga koʻra, namoyish tashkilotchilari hukumatni «aniq choralar» koʻrmayotganlikda ayblab, noroziliklarni seshanba kuni ham davom ettirishga chaqirgan.
Yakshanba kuni Fransiya bosh vaziri Sebastyan Lekornyu (Sébastien Lecornu) hukumati maktab oʻquvchilari va taʼlim xodimlari duch kelayotgan muammolarni hal qilish uchun qoʻshimcha choralar koʻrayotganini aytdi.
Uning soʻzlariga koʻra, bu choralar darslarning davom etishini taʼminlash, taʼlim muassasalaridagi sharoitlarni yaxshilash, oʻquv kunlarini yaxshiroq tashkil etish hamda Fransiyadagi universitetlarga qabul qilish platformasini yanada shaffof qilishni oʻz ichiga oladi.
Lekornyu, shuningdek, vandalizm oqibatida yetkazilgan zararni aybdorlarning oʻzi qoplashi haqidagi qonun loyihasini koʻrib chiqish jarayoni tezlashtirilayotganini maʼlum qildi.




