Saudiya Arabistoni va husiylar: Makka pakti yordam beradimi?
Buzgʻunchi shia jangarilari, "Ansor ulloh" - husiylar harakatining asosiy kuchi - uning klassik armiyalar bilan teng qurollanganida emas. Husiylar oʻn yildan ortiq davom etgan urush natijasida asimmetrik kurash usullarini oʻzlashtirdi: raketa va dron imkoniyatlari, tarqoq harbiy tuzilma, dengiz kommunikatsiyalariga bosim va mahalliy ijtimoiy-siyosiy tayanch bir tizimga birlashdi. Eronning harbiy-siyosiy koʻmagi bu salohiyatni kuchaytirdi.

2026 yil oktabr oyi boshida Yaman yana Yaqin Sharqdagi eng xavfli nuqtalardan biriga aylandi. 4 oktabrda Eron qoʻllab-quvvatlaydigan husiylar Yaman janubi-gʻarbidagi Turbani egalladi. Bu shahar Taizni hukumatning vaqtinchalik markazi Adan bilan bogʻlaydigan muhim yoʻl ustida joylashgan.
Turbaning qoʻldan ketishi Taizdagi hukumat kuchlari uchun jiddiy muammo: qoʻshimcha kuch, qurol-yarogʻ va oziq-ovqat yetkazish qiyinlashadi. Husiylar, ehtimol, shaharga toʻgʻridan-toʻgʻri hujum qilishdan koʻra, uning taʼminot yoʻllarini uzib, bosimni kuchaytirishga urinyapti. Biroq Taizda mahalliy qarshilik kuchli va uni egallash husiylar uchun ham oson kechmasligi mumkin. Shu orada Saudiya qoʻllayotgan Yaman hukumati husiylar nazoratidagi hududlarni qaytarish uchun qarshi hujum boshlanganini eʼlon qildi.
Vaziyatning yana bir muhim tomoni — husiylar sentabrda Moxa va bir qator orollarni egallab, Bob ul-Mandib atrofida pozitsiyalarini kuchaytirgan edi. Endi Taizga bosim ham oshyapti. Natijada Saudiya dengiz yoʻllari xavfsizligini taʼminlashga urinar ekan, quruqlikdagi ittifoqchilari hudud yoʻqotmoqda. Bu esa husiylarning keyingi muzokaralardagi mavqeini kuchaytirishi mumkin.
Ayni paytda, 5 oktabrda Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokistondan iborat Makka qoʻshma mudofaa paktining strategik qoʻmitasi Ar-Riyodda yigʻilishi belgilangan. Bu esa vaziyatga yangi strategik qimmat beradi. Endi masala faqat husiylarni toʻxtatish bilan cheklanmaydi. Yangi pakt Saudiya Arabistonining harbiy va siyosiy imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirib, Ar-Riyodning mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yangi pakt — yangi xavfsizlik arxitekturasimi?
Makka qoʻshma mudofaa kelishuvi 2026 yil 7 avgustda Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston rahbarlari tomonidan imzolandi. Uning markaziy tamoyiliga koʻra, ishtirokchilardan biriga qurolli hujum uchala davlatga qarshi hujum sifatida qabul qilinadi. Bu jihatdan hujjat NATOning kollektiv mudofaa mantigʻini eslatadi.
Biroq uni hozirdan «musulmon NATOsi» deb atash shoshma-shosharlik boʻlur edi. Paktning qoʻmondonlik, rejalashtirish va muvofiqlashtirish mexanizmlari hali institutsionallashish bosqichida. Pokiston tomonining maʼlum qilishicha, unga qoʻshilishga oltidan ortiq davlat qiziqish bildirgan, ammo yangi aʼzolar masalasi kelishuv toʻliq ishlay boshlagach muhokama qilinishi mumkin. Demak, bugungi Makka pakti tayyor koʻpmillatli armiyadan koʻra siyosiy kafolat, harbiy-texnik hamkorlik, razvedka almashinuvi va strategik muvofiqlashuv platformasiga koʻproq oʻxshaydi. Uning ahamiyatini aynan shu yerdan izlash kerak.
Nega husiylarni oddiy harbiy ustunlik bilan yengish qiyin?
Buzgʻunchi shia jangarilari, «Ansor ulloh» - husiylar harakatining asosiy kuchi - uning klassik armiyalar bilan teng qurollanganida emas. Husiylar oʻn yildan ortiq davom etgan urush natijasida asimmetrik kurash usullarini oʻzlashtirdi: raketa va dron imkoniyatlari, tarqoq harbiy tuzilma, dengiz kommunikatsiyalariga bosim va mahalliy ijtimoiy-siyosiy tayanch bir tizimga birlashdi.
Eronning harbiy-siyosiy koʻmagi bu salohiyatni kuchaytirdi. Biroq husiylar muvaffaqiyatini faqat Tehron yordami bilan tushuntirish ham xato boʻladi. Yamanda ularga qarshi kuchlarning uzoq yillar davomida parokanda boʻlishi, turli qoʻmondonliklar va tashqi homiylarga bogʻlanishi «Ansor ulloh»ga muhim strategik afzallik berdi.
2015 yilda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Yaman urushiga kirganida kuchlar nisbati teng emasdi. Ar-Riyod zamonaviy aviatsiya, katta moliyaviy resurs va Gʻarb texnologiyalariga ega. Ammo keyingi yillar bir haqiqatni koʻrsatdi: havodagi ustunlik siyosiy gʻalaba degani emas. 2022 yilgi BMT vositachiligidagi sulh Yamanga urush boshlanganidan beri eng uzoq nisbiy tinchlik davrini berdi. Lekin vaqtinchalik deeskalatsiya mustahkam siyosiy kelishuvga aylanmadi. Shu maʼnoda bugungi keskinlashuv yangi urush emas — hal qilinmay qolgan eski mojaroning yanada xavfli xalqaro sharoitda qayta avj olishidir.
Pakt nimani oʻzgartira oladi?
Makka paktining eng real vazifasi husiylarni jismonan «yoʻq qilish» emas, balki Saudiya Arabistonining mudofaa barqarorligini oshirishdir. Masalan, Turkiya rivojlangan mudofaa sanoati, harbiy elektron texnologiyalar va uchuvchisiz tizimlar sohasida katta tajriba toʻplagan. Pokiston esa yirik armiyasi, harbiy rejalashtirish maktabi va Saudiya Arabistoni bilan oʻnlab yillik xavfsizlik hamkorligiga ega.
Sentabrda Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Anqara Makka pakti doirasida Saudiya Arabistonining texnik harbiy ehtiyojlarini taʼminlashga yordam bera olishini bildirdi. Biroq Pokiston 10 sentabrda husiylar hujumlariga javob tariqasida pakt doirasida bevosita harbiy chora hali muhokama qilinmaganini maʼlum qildi.
Mana shu ikki pozitsiya kelishuvning hozirgi mohiyatini ochib beradi: tiyib turish va mudofaa boʻlsa — “bemalol”; avtomatik tarzda katta urushga kirish talab etilsa — “uzr, ishim bor edi”. Bu muhim farq. Agar pakt havo va raketa mudofaasini muvofiqlashtirsa, razvedka maʼlumotlarini tezkor almashuv yoʻlga qoʻyilsa, zarur mudofaa tizimlarini yetkazib berishni yengillashtirsa va Saudiya muhim obʼektlarini himoya qilish xarajatini kamaytirsa, husiylarning raketa-dron bosimi siyosiy samaradorligi pasayadi. Ammo bu Yaman ichkarisidagi hokimiyat muammosini hal qila olmaydi.
Ar-Riyod AQShdan uzoqlashyaptimi?
Makka paktining yana bir maʼnosi bor: Saudiya Arabistoni xavfsizlikni faqat bitta tashqi himoyachiga bogʻlash ntoʻgʻri ekanini anglab yetdi. Toʻgʻri, AQSh razvedka, logistika, havo va raketa hujumidan mudofaa hamda dengiz kuzatuvi boʻyicha hali ham Saudiyaning eng muhim sheriklaridan biri. Reuters maʼlumotiga koʻra, Vashington hozirgi Yaman operatsiyalarida ham razvedka yordamini koʻrsatmoqda. Lekin AQShning mintaqa boʻylab bir vaqtda bir nechta inqirozga jalb qilinishi uning imkoniyatlarini ham cheklab qoʻyadi. Shu nuqtai nazardan Turkiya va Pokiston bilan pakt Amerika oʻrnini bosishga urinishdan koʻra, strategik xavflarni diversifikatsiya qilish vositasi hisoblanadi. Ar-Riyodning mantigʻi oddiy: Vashington zarur, ammo yagona tayanch boʻlmasligi kerak.
Shunday boʻlsada, Vashington yordamni toʻxtatgani yoʻq. AQSh Saudiya Arabistoni boshchiligidagi kuchlarga husiylarga qarshi operatsiyalarda razvedka maʼlumotlari va nishonlarni aniqlash boʻyicha koʻmak bermoqda. Ammo AQShning oʻzi hozircha jangovar harakatlarda qatnashmayapti. Saudiya mudofaa vaziri Xolid bin Salmon Pit Hegsetdan AQSh aviatsiyasini ham operatsiyaga jalb qilishni soʻragan. Vashington esa hozircha bevosita aviazarbalar berish rejasi yoʻqligini bildirgan.
Hal qiluvchi nuqta — Bob al-Mandib
Husiylar masalasining global ahamiyati Yaman togʻlarida emas, birinchi navbatda Bob al-Mandib boʻgʻozida namoyon boʻladi. Bu tor dengiz yoʻli Qizil dengizni Adan koʻrfazi va Hind okeani bilan bogʻlaydi. Keyingi yoʻl Suvaysh kanali orqali Yevropa bozorlariga chiqadi. Shuning uchun husiylarga butun Qizil dengizni egallash shart emas. Kemalar uchun xavf darajasini oshirishning oʻzi yetarli. Xavf oshsa, sugʻurta narxi qimmatlashadi. Tashish muddati uzayadi. Ayrim kemalar Afrikani aylanib oʻtishga majbur boʻladi. Yoqilgʻi sarfi va logistika xarajati koʻpayadi. Oxir-oqibat bu xarajatlar isteʼmol narxlarigacha yetib boradi. Asimmetrik (noteng) urushning iqtisodiy mohiyati: nisbatan cheklangan harbiy imkoniyat bilan global tizimni katta xarajatga tushirish mumkin.
Bob al-Mandib boʻgʻozi ustidan nazorat oʻrnatish esa Eronning salkam bir asrlik strategik orzularidan biri sifatida qaraladi. Chunki bu boʻgʻoz ustidan taʼsir oʻrnatish nafaqat Qizil dengizdagi harbiy-siyosiy vaziyatga, balki Yevropa va Osiyoni bogʻlab turuvchi eng muhim savdo va energetika yoʻllaridan biriga taʼsir koʻrsatish imkonini beradi.
Esga olish joiz, shu yil martda Eronning davlatga yaqin Tasnim axborot agentligi yuqori martabali harbiy manbaga tayanib, agar AQSh yoki Isroil Eron hududiga quruqlikdan bostirib kirsa, Tehron Bob al-Mandib boʻgʻozini yopish haqida buyruq berishi mumkinligini maʼlum qildi. Bu bayonot Eron tomonidan Hurmuz boʻgʻozi yopilgan bir paytda yangragani bilan ham alohida ahamiyat kasb etdi. Shu tariqa Tehron ilk bor ikki asosiy dengiz kommunikatsiyasi — Hurmuz va Bob al-Mandibni yagona strategik bosim vositasi sifatida koʻrayotganini ochiq namoyon qildi.
AQSh prezidenti Donald Trampning keskin bayonotlaridan keyin tahdid yanada kuchaydi. Reuters xabarlariga koʻra, Eron rahbariyati husiylar — «Ansor Alloh» harakati vakillari bilan muzokaralar oʻtkazib, AQSh Eronning energetika infratuzilmasiga zarba bergan taqdirda Bob al-Mandib boʻgʻoziga raketa va uchuvchisiz apparatlar orqali hujum qilish, shuningdek, uni yopishga qaratilgan operatsiyalarga tayyorgarlikni yakunlash vazifasini qoʻygan.
Bu holat Bob al-Mandibning Tehron uchun oddiy geografik nuqta emas, balki strategik tiyib turish vositasiga aylanganini koʻrsatdi. Eronning mantigʻi shu ediki, uning oʻz hududi yoki muhim energetika obʼektlariga berilgan zarbaga javob faqat Fors koʻrfazida emas, balki butun Yaqin Sharq savdo arxitekturasi uchun ogʻriqli boʻlgan boshqa nuqtada ham berilishi mumkin.
Qoʻgʻirchoqbozning asl maqsadi
Joriy yilning ayni kunlarida esa vaziyat nazariy tahdid bosqichidan amaliy bosqichga oʻta boshladi. Buzgʻunchi husiylar Bob al-Mandib boʻgʻozidagi bir qator strategik pozitsiyalar va orollar ustidan amalda nazorat oʻrnatgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu esa husiylarning nafaqat Yaman ichki urushidagi kuch, balki xalqaro dengiz kommunikatsiyalariga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir oʻtkaza oladigan mintaqaviy harbiy-siyosiy omilga aylanayotganini koʻrsatdi.
Eron rasmiylarining bayonotlari ham bu jarayonga Tehron qanday maʼno berayotganini ochiq koʻrsatdi. Jumladan, Eron parlamenti raisi Muhammad Boqir Qolibof husiylarning Arabiston yarimorolining janubidagi muvaffaqiyatlarini AQSh uchun «jiddiy ogohlantirish» deb atadi. Shu bilan birga, mintaqadagi neft oqimlari va asosiy dengiz yoʻllari zarurat tugʻilganda toʻliq toʻsib qoʻyilishi mumkinligi haqida signal berildi.
Shu nuqtai nazardan Bob al-Mandib uchun kurash Yamandagi mahalliy front doirasidan ancha chiqib ketadi. Bu yerda gap Qizil dengizdagi harbiy ustunlik haqidagina emas, balki global savdo, energiya eksporti va Yevropa—Osiyo logistikasiga bosim oʻtkazish imkoniyati haqida bormoqda.
Agar Hurmuz boʻgʻozi Fors koʻrfazi energetikasining «darvozasi» boʻlsa, Bob al-Mandib Qizil dengiz va Suvaysh kanaliga olib chiquvchi ikkinchi strategik eshikdir. Shu sabab Tehron uchun bu ikki boʻgʻozga bir vaqtning oʻzida taʼsir oʻtkazish imkoniyati oddiy harbiy yutuq emas, balki mintaqaviy kuchlar muvozanatiga taʼsir qiladigan katta geosiyosiy dastakka aylanishi mumkin.
Xulosa oʻrnida aytilsa, Eron rahbariyati, oʻzi iddao qilayotganidek, na musulmonlar, na falastinliklarni oʻylab kurashyotgani yoʻq. U Suriyada eronparast shia diktator – Bashar Asad agʻdarilganidan beri revansh istagida yonmoqda. Yaqin Sharqda taʼsiri kamayib borishidan qoʻrqmoqda. Husiylar, Hizbulloh yana allaqanday shia jangarilari ajdahoning boshi xolos. Bittasini uzsang keyingi oʻsib chiqadi. Toki ajdahoning oʻzini yoʻq qilmaguningizcha...
Yevropa qay darajada aralasha oladi?
2026 yil oktabr oyi boshida Saudiya Arabistoni Yamandagi husiylarga qarshi yangi va keng koʻlamli harbiy amaliyotga tayyorlanayotgani maʼlum boʻldi. Shu munosabat bilan Ar-Riyod Yevropa davlatlarini mojaroga faolroq jalb etish va bevosita harbiy yordam koʻrsatishga chaqirdi.
Saudiya tomonining murojaati, avvalo, Fransiya, Buyuk Britaniya va Germaniyaga qaratilgan. Ar-Riyod pozitsiyasini Saudiya razvedkasining sobiq rahbari shahzoda Turkiy ibn Faysal Ol Saud ham ochiq bayon qildi. U Yevropa ommaviy axborot vositalari, jumladan Bild va Spiegel nashrlariga bergan intervyularida Yevropa Ittifoqining mintaqadagi xavfsizlik masalalarida yetarlicha faol emasligini tanqid qildi.
Saudiya Arabistonining asosiy dalili savdo yoʻllari xavfsizligiga borib taqaladi. Ar-Riyod fikricha, Qizil dengiz, Bob ul-Mandib boʻgʻozi va Suvaysh kanali orqali erkin kema qatnovini taʼminlash faqat AQSh yoki Yaqin Sharq davlatlarining zimmasida qolmasligi kerak. Yevropa iqtisodiyoti ham ushbu yoʻlaklar orqali xomashyo va tovarlar yetkazib berilishiga bogʻliq ekan, Saudiya tomoni Yevropa davlatlari mintaqaviy xavfsizlik uchun kattaroq masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishi lozimligini taʼkidlamoqda.
Ayrim davlatlar Saudiya Arabistoniga allaqachon turli shakllarda yordam koʻrsatmoqda. Fransiya Qizil dengiz sohilidagi muhim Yanbu neft terminalini himoya qilish uchun harbiy xizmatchilar yuborgan. Buyuk Britaniya logistika sohasida, jumladan Saudiya harbiy samolyotlarini havoda yoqilgʻi bilan taʼminlashda koʻmaklashmoqda.
Misr, Pokiston va Turkiya esa Saudiya Arabistoniga oʻq-dori yetkazib berish va razvedka maʼlumotlari bilan almashish orqali yordam bermoqda. AQSh ham Saudiya kuchlariga razvedka maʼlumotlari va zarba berilishi mumkin boʻlgan nishonlarni aniqlashda koʻmaklashmoqda, biroq hozircha bombardimonlarda bevosita qatnashmayapti.
Saudiya Arabistoni va xalqaro tan olingan Yaman hukumati kuchlarining qarshi hujumi husiylar Qizil dengiz sohili boʻylab tez surʼatda oldinga siljigani va qirollik hududidagi Saudi Aramco obʼektlariga zarbalar berganidan keyin faollashdi. Shu tariqa, Yamandagi mojaro yana bir bor faqat ichki urush emas, balki Qizil dengizdagi savdo yoʻllari va butun mintaqaning xavfsizligiga daxldor xalqaro masalaga aylanmoqda.
Yevropa aslida Qizil dengiz mojarosidan chetda emas. Yevropa Ittifoqi EUNAVFOR ASPIDES operatsiyasini 2027 yil 28 fevralgacha uzaytirdi. Missiyaning vazifasi savdo kemalarini himoya qilish va navigatsiya erkinligini taʼminlash boʻlib, uning mandati mudofaa xarakteriga ega.
Ammo yevropaliklarning Yaman quruqligida keng koʻlamli urush olib borishi boshqa masala. Yevropa uchun eng mantiqiy strategiya — kemachilikni himoya qilish, razvedka va dengiz kuzatuvini kuchaytirish, Saudiya havo mudofaasini qoʻllab-quvvatlash. Yaman ichki siyosiy tuzumini tashqi kuch bilan qayta qurish Yevropa uchun ham qimmat, ham siyosiy jihatdan xavfli boʻladi.
Pakt urushdan koʻra diplomatiyaga koʻproq xizmat qiladimi?
Makka paktining eng qiziq paradoksi shu yerda. Pokiston 2 oktabrda Eron tomoni husiylar bilan siyosiy muloqot oʻrnatish gʻoyasini bildirganini va bu taklif pakt aʼzolari tomonidan muhokama qilinishi mumkinligini maʼlum qildi.
Demak, uch tomonlama mexanizm faqat urush shtabiga aylanishi shart emas. Turkiya va Pokiston bir vaqtning oʻzida Saudiya bilan yaqin harbiy munosabatlarni saqlab, Tehron bilan diplomatik kanallarga ham ega. Agar Anqara va Islomobod shu imkoniyatdan foydalansa, pakt ikki vazifani bajarishi mumkin: bir tomondan Saudiyaga hujum qilish qiymatini oshiradi, ikkinchi tomondan esa husiylar boʻyicha siyosiy kelishuvga qoʻshimcha yoʻl ochadi.
Aksincha, agar kelishuv mutlaqo «Eronga qarshi blok» koʻrinishini olsa, u mintaqada yangi xavfsizlik dilemmasini paydo qilishi mumkin. Tehron va unga yaqin kuchlar buni oʻzlariga qarshi strategik qurshov deb baholasa, javob tariqasida asimmetrik bosimni yana kuchaytirishi ehtimoli bor. Shuning uchun paktning eng katta kuchi uning qancha urush olib borishida emas, qancha urushning oldini ola bilishida boʻlishi mumkin.
Eng zaif boʻgʻin — Yamanning oʻzi
Har qanday tashqi alyans oldida bitta hal qiluvchi cheklov bor: husiylar xorijdan kirgan armiya emas. Ular Yaman ichki mojarosining bir qismi, oʻz maʼmuriy tuzilmalari, qurollangan kadrlari va mamlakat shimolida muayyan ijtimoiy tayanchiga ega. Shunchaki Eron mamlakatdagi shialarni diniy birdamlik bayrogʻi ostida isyonga chorlab, pul evaziga qoʻgʻirchoq kabi oʻynatyapti xolos.
Shuning uchun hududda harbiy yoʻl bilan nazorat ostiga olishning oʻzi yetarli emas. U yerda xavfsizlik, maʼmuriy boshqaruv, ish oʻrinlari, maktablar, tibbiyot va savdo tiklanmasa, harbiy gʻalaba qisqa vaqt ichida siyosiy muammoga aylanadi.
Bu masala ayniqsa Yamanning gumanitar ahvol sabab yanada oʻtkirlashgan. BMT maʼlumotlariga koʻra, mamlakat isteʼmol qiladigan oziq-ovqatning qariyb 90 foizini import qiladi. 2026 yilda 21 milliondan ortiq kishi gumanitar yordamga muhtoj boʻlishi prognoz qilingan. Oktabr boshiga kelib esa soʻnggi haftalarning oʻzida 152 mingdan ziyod odam yangi joylarga koʻchishga majbur boʻlgan. Demak, portning yopilishi yoki asosiy avtomobil yoʻlining uzilishi oddiy taktik epizod emas — millionlab odamlarning oziq-ovqat xavfsizligiga taʼsir qiluvchi voqeadir.
Prognoz: pakt yordam beradi, ammo gʻalaba formulasi emas
Yaqin oylarda tez va toʻliq harbiy gʻalabadan koʻra bosim, cheklangan operatsiyalar va diplomatik muzokaralarning parallel davom etishi ehtimoli yuqori. Saudiya Arabistoni husiylarning Qizil dengiz sohili va Bob al-Mandib atrofidagi imkoniyatlarini cheklashga, raketa va dron tahdidini pasaytirishga intiladi. Turkiya va Pokiston harbiy texnologiya, maslahat, taʼminot va siyosiy koʻmak bilan muhimroq rol oʻynaydi, ammo ularning katta quruqlik urushiga toʻgʻridan-toʻgʻri kirishi hozircha kam ehtimolli.
Yevropa asosan dengiz savdosini himoya qilishga urgʻu beradi. AQSh esa razvedka va strategik imkoniyatlar boʻyicha muhimligini saqlab qoladi, biroq Yamanda yangi koʻp yillik urushning asosiy yukini oʻz zimmasiga olishdan ehtiyot boʻladi.
Shunday qilib, Makka pakti Saudiya Arabistoniga yordam beradi — ehtimol, sezilarli darajada. Ammo u husiylar muammosining tayyor yechimi emas. U Ar-Riyodning havo mudofaasini kuchaytirishi, harbiy-texnik taʼminotini diversifikatsiya qilishi, razvedka va rejalashtirish sifatini oshirishi hamda husiylar uchun Saudiyaga bosim oʻtkazish narxini qimmatlashtirishi mumkin.
Lekin u Yamanda samarali ishlay oladigan davlatni yaratib berolmaydi. Paktning haqiqiy qiymati yangi frontlar ochish qobiliyati bilan emas, harbiy tiyib turishni diplomatiya, dengiz xavfsizligi va Yaman davlat institutlarini tiklash bilan bogʻlay olish qobiliyati bilan oʻlchanadi.
Agar shu toʻrt element — mudofaa, mahalliy siyosiy konsolidatsiya, dengiz xavfsizligi va mintaqaviy diplomatiya — bir vaqtda ishlasa, Makka pakti Yaqin Sharqda yangi xavfsizlik arxitekturasining muhim ustuniga aylanishi mumkin.
Agar esa u navbatdagi harbiy koalitsiya darajasida qolsa, bir haqiqat oʻzgarmaydi: Yamanda eʼlon qilingan har bir «gʻalaba» keyingi urush bosqichi oldidan qisqa tanaffusga aylanib qolishi mumkin.
Non oʻrniga qurol, taraqqiyot oʻrniga urush!
Husiylarni qoʻllab, Yaqin Sharqni loyqalatayotgan Eronning oʻzida esa ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat ogʻir. Koʻp yillik sanksiyalar va tashqi cheklovlar, iqtisodiy boshqaruvdagi samarasizlik, inflyatsiya va korrupsiya oddiy aholi turmush darajasiga bevosita zarba bermoqda. Geosiyosiy gʻalabalar, qandaydir boʻgʻozlaru, qandaydir choʻllar egallangani haqidagi balandparvoz shiorlar oddiy inson uchun kundalik ehtiyojlar — oziq-ovqat, dori-darmon, uy-joy va ish masalasidan muhimroq boʻla olmaydi.
Shunday sharoitda hokimiyatning tashqi dushman obraziga ehtiyoji kuchayadi. Otashin nutqlar, diniy propaganda va doimiy «qarshilik» kayfiyati jamiyat eʼtiborini ichki muammolardan tashqi frontlarga burish imkonini beradi. Rasmiy Tehron oʻz siyosatini, avvalo, AQSh va Isroilga qarshi kurash, Falastinni himoya qilish va «qarshilik fronti»ni qoʻllab-quvvatlash bilan izohlaydi. «Preventiv zarba», «milliy xavfsizlik» va «mintaqaviy mudofaa» kabi tushunchalar ham shu siyosiy mantiqning bir qismiga aylangan. Bunday shiorlar va siyosat esa ayni Eron yomon koʻradigan isroil bayonotlari va tashqi siyosatiga judayam oʻxshaydi.
Ammo siyosatni niyatlar emas, uning amaliy natijalari orqali baholash lozim. Soʻnggi oʻn yilliklarda Eron va Tehron qoʻllab-quvvatlayotgan qurolli tuzilmalarning faoliyati Livan, Suriya, Iroq va Yamandagi kuchlar muvozanatiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Bu qarama-qarshiliklardan esa koʻp hollarda aynan arab va musulmon jamiyatlari katta zarar koʻrdi. Natijada Eronning Isroilga qarshi qurilgan strategiyasi paradoksal tarzda mintaqadagi sunniy arab davlatlarining Tehrondan xavotirini yanada kuchaytirdi.
Bu esa Isroil uchun qoʻshimcha strategik imkoniyat yaratdi. Tehronning mintaqaviy taʼsiri kengaygan sari Isroil oʻzining «Eron tahdidi» haqidagi argumentlarini arab davlatlari oldida yanada ishonchliroq ilgari surish imkoniga ega boʻldi. Natijada ayrim arab davlatlari uchun Erondan kelayotgan xavf Isroil bilan qarama-qarshilikdan ham dolzarbroq xavfsizlik masalasiga aylandi.
Shu nuqtai nazardan qaralganda, oyatullolar rejimining Isroilga qarshi kurash shiori ostida olib borgan siyosati amalda koʻp hollarda aynan Isroilning qoʻliga siyosiy va strategik dalil berib keldi. Tehron kuchaygan har bir frontda Isroil oʻzining mintaqaviy xavfsizlik konsepsiyasini oqlash uchun yangi argument topdi. Natijada Falastin masalasi baʼzan yana ikkinchi planga surilib, arab davlatlarining asosiy eʼtibori Eron va unga yaqin qurolli guruhlar tahdidiga qaratila boshladi.
Eng katta ziddiyat ham shunda. Tehron oʻz siyosatini «musulmonlar va Falastin manfaatlarini himoya qilish» deb taqdim etadi. Balki bu niyatlarning bir qismi samimiydir, balki bu ritorika mintaqaviy taʼsirni kengaytirish uchun siyosiy niqob vazifasini oʻtayotgandir. Lekin xalqaro siyosatda niyatdan koʻra natija muhim.
Agar olib borilgan siyosat natijasida musulmon davlatlari oʻrtasidagi qarama-qarshilik kuchaysa, arab mamlakatlari Isroilga emas, Eronga qarshi xavfsizlik mexanizmlarini izlay boshlasa va Falastin masalasi yana geosiyosiy raqobat soyasida qolib ketsa, bunday strategiyaning samaradorligi haqida jiddiy savollar tugʻilishi tabiiy.
Chunki siyosatda balandparvoz vaʼdalar, inqilobiy shiorlar yoki eʼlon qilingan maqsadlar emas, oxir-oqibat ular keltirib chiqargan natijalar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Niyat qanday boʻlishidan qatʼi nazar, siyosatga uning oqibatiga qarab baho beriladi.




