Prezident Osiyo oʻyinlari ishtirokchilarini tarixiy natija bilan tabrikladi
45 davlatdan 11 mingga yaqin sportchi ishtirok etgan musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Shu tariqa, Oʻzbekiston medallar jamgʻarish boʻyicha Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin 5-oʻrinni egalladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahrida boʻlib oʻtgan XX yozgi Osiyo oʻyinlarida ishtirok etgan Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolarini qoʻlga kiritilgan tarixiy natijalar bilan tabrikladi.
Davlat rahbarining tabrigida qayd etilishicha, 45 davlatdan 11 mingga yaqin sportchi ishtirok etgan musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medalini qoʻlga kiritgan.
Shu tariqa, Oʻzbekiston medallar jamgʻarish boʻyicha Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin 5-oʻrinni egalladi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Islom hamkorlik tashkiloti davlatlari orasida birinchi boʻldi.
Prezident ayrim sportchilarning tarixiy natijalarini alohida eʼtirof etdi.
Jumladan, Abdulvahob Rashidov erkaklar oʻrtasidagi karate bahslarida, Shohsanam Sherzodova yakka kanoeda eshkak eshish dasturida, Oʻtkirbek Joʻrayev esa sport gimnastikasida Oʻzbekistonning Osiyo oʻyinlaridagi ilk oltin medallarini qoʻlga kiritdi.
Yengil atletikachi Suhrob Xoʻjayev bosqon uloqtirish boʻyicha Osiyo oʻyinlari oltinini olgan birinchi oʻzbek sportchisiga aylandi. Barnoxon Sayfullayeva balandlikka sakrashda 1,90 metr natija qayd etib, oltin medal bilan birga shaxsiy rekordini ham yangiladi.
Sharifa Davronova va Abdumalik Xallakov ikki karra, Taxmina Ikromova esa uch karra Osiyo oʻyinlari chempioni boʻldi.
Akademik eshkak eshish boʻyicha Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev juftligi jahon chempionatidagi tarixiy oltin medaldan keyin Osiyo oʻyinlarida ham yetakchilikni saqlab qoldi.
Ogʻir atletikachi Akbar Joʻrayev 197 kilogramm natija bilan jahon va Osiyo rekordini yangiladi. U, shuningdek, Osiyo oʻyinlari rekordini ham oʻrnatdi.
Oʻq otish boʻyicha Vladimir Svechnikov Oʻzbekistonga ushbu yoʻnalishdagi ilk Osiyo oʻyinlari oltin medalini olib keldi va musobaqa rekordini oʻrnatdi.
Dzyudochi Muzaffarbek Toʻraboyev chorak finalda Parij-2024 Olimpiadasi sovrindori Kim Mun Jongni, finalda esa Yaponiya vakili Ota Hyogani magʻlub etib, Osiyo oʻyinlarida ikki vazn toifasida gʻalaba qozongan ilk chempion sifatida tarixga kirdi.
Oʻzbekiston dzyudo terma jamoasi 2 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan Yaponiyadan keyin umumjamoa hisobida ikkinchi oʻrinni egalladi.
Oʻzbek kurashi boʻyicha esa 6 ta oltin medalning toʻrttasi Ahror Ziyodullayev, Shohruxxon Baxtiyorov, Ibodatxon Agojonova va Pokizaxon Kamoldinova hisobiga yozildi.
"Sizlar Osiyo oʻyinlaridagi gʻalabangiz bilan Yangi Oʻzbekistonda Olimpiya harakati rivoji yangi bosqichga koʻtarilgani, bu yoʻlda yangi oltin avlod shakllanganini butun dunyoga namoyon etdingiz. Ishonchim komil, Yaponiya zaminida erishilgan yutuq va natijalar, toʻplangan tajribalar 2028 yilda Los-Anjelesda oʻtadigan Olimpiya oʻyinlari uchun mustahkam zamin boʻlib xizmat qiladi", deyiladi Prezident tabrigida.




