74 mingdan ortiq yoshlarning xalqaro imtihon xarajati qoplab berildi
Umumiy kompensatsiya qiymati 151 mlrd soʻmni tashkil etadi. Yoshlar orasida eng ommabop imtihon IELTS boʻlib qolmoqda.

74 mingdan ortiq yoshlarning xalqaro imtihon xarajati davlat tomonidan qoplab berildi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi xabar berdi.
Prezident qarori bilan yoʻlga qoʻyilgan tizim doirasida xalqaro imtihonlarda yuqori natija koʻrsatgan 74 102 nafar yoshga 151 mlrd soʻm imtihon xarajatlari qoplab berildi.
Eʼtiborlisi, bu imkoniyatdan qizlar koʻproq foydalangan: kompensatsiya olganlarning 38 503 nafari qizlar, 35 599 nafari yigitlar.
Yoshlar orasida eng ommabop imtihon — IELTS. Hozirgacha 54 mingdan ortiq yoshning IELTS xarajatlari uchun 125 mlrd soʻm qaytarilgan. SAT boʻyicha ham 9 mingdan ortiq yosh kompensatsiya olgan.

Kompensatsiya olganlarning qariyb 80 foizi 14–23 yoshdagilar. Yaʼni xalqaro sertifikat olishga intilish maktab yoshidan boshlanyapti.
Hududlar kesimida yetakchilar:
Toshkent shahri: 24 216 nafar yosh (51,1 mlrd soʻm);
Fargʻona viloyati: 5 962 nafar yosh (11,6 mlrd soʻm);
Buxoro viloyati: 5 948 nafar yosh (11,9 mlrd soʻm);
Samarqand viloyati: 5 529 nafar yosh (11,2 mlrd soʻm);
Namangan viloyati: 5 328 nafar yosh (10,7 mlrd soʻm).




